UEFA Superkuboki hakamlari aniq bo‘ldi
Sport
−
05 avgust 4913 2 daqiqa
Portugaliyalik hakam Joau Pineyru joriy yilning 13 avgust kuni Italiyaning Udine shahrida bo‘lib o‘tadigan PSJ hamda “Tottenxem” o‘rtasidagi o‘yinga hakamlik qiladi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilgi Superkubok bahsida Pineyruga vatandoshlari Bruno Jezush va Lichiano Maya yordamchi hakamlar sifatida ko‘maklashadi. To‘rtinchi hakam vazifasini esa ozarbayjonlik Elchin Masiyev bajaradi. VARga Tiagu Martinsh (Portugaliya) tayinlangan, unga Fabiu Melu (Portugaliya) va Pol van Boekel (Niderlandiya) yordam beradi.
Ma’lumot uchun, 37 yoshli Pineyru 2016 yildan beri xalqaro maydonda hakamlik qilib kelmoqda va shu kungacha UEFA musobaqalarida 68 ta o‘yinni boshqargan.
Jumladan, 2024/25 yilgi mavsumda Pineyru UEFA klublari o‘rtasidagi musobaqalarning pley-off bosqichida beshta uchrashuvni boshqargan, jumladan Konferensiyalar Ligasi yarim finalining ikkinchi o‘yinida – “Chelsi” va “Yurgorden” (1:0) jamoalari o‘rtasidagi bahsda bosh hakamlik qilgan.
Shuningdek, u 2025 yilgi Chempionlar Ligasi finalida – PSJ va “Inter” (5:0) o‘rtasidagi o‘yinda to‘rtinchi hakam sifatida xizmat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, PSJ ushbu bahsga Chempionlar Ligasi finalida “Inter”ni 5:0 hisobida mag‘lub etgan holda yetib kelgan, “Tottenxem” esa Yevropa Ligasi finalida “Manchester Yunayted” ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongani uchun bu o‘yinda ishtirok etadi. Superkubok bahsi 13-dan 14 avgustga o‘tar kechasi soat 00:00 da Italiyaning Udine shahrida joylashgan “Friuli” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Nodir Shukurov
Live
Barchasi