UEFA FIFA’dan 2 haftada muhim hujjatlarni taqdim etishni talab qildi

Sport

−

image

Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) tashkilotning so‘nggi muhim qarorlariga oid hujjatlarni joriy yilning 2 noyabriga qadar taqdim etish talabi bilan xat yubordi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mazkur xat o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishidan so‘ng yuborilgan. Yig‘ilishda UEFA vakillari tashkilot rahbariyati hamda FIFA prezidenti Janni Infantinoga bir qator savollar bilan murojaat qilgan. Biroq ularga javob berilmagan, so‘ralgan hujjatlar ham taqdim etilmagan.

Shundan so‘ng, Yevropa tashkiloti boshqaruv va qarorlar qabul qilish jarayonlariga oid sakkiz sahifalik savollardan iborat rasmiy so‘rov yuborgan.

BBC keltirgan UEFA bayonotida aytilishicha, ma’lumot yoki hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish asoslantirilishi kerak. Shuningdek, savollarga hozir javob berilishi, ularni FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishigacha qoldirish mumkin emasligi qayd etilgan.

UEFA so‘rovida bir qator masalalarga oydinlik kiritishni talab qilmoqda. Ular qatorida FIFA Forward Enterprise loyihasiga xususiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshmagan rejalar, AQSH Prezidenti Donald Trampga tinchlik mukofotining topshirilishi hamda amerikalik futbolchi Folarin Balogunning Jahon chempionati vaqtida olgan qizil kartochkasi bekor qilinishi bilan bog‘liq holatlar bor.

Shuningdek, UEFA Jahon chempionatini tashkil etishda ishtirok etgan AQSH tashkilotidan Infantino olgani aytilgan, deklaratsiya qilinmagan to‘lovlar va amalda foydalanilmagan Trump Tower ofislari uchun taxminan 4 million dollar miqdorida ijara to‘lovi amalga oshirilgani haqidagi savollarga ham javob talab qilmoqda.

Avvalroq, UEFA, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (CONCACAF) FIFA va Infantinoni tashkilotning tijoriy faoliyatiga xususiy investorlarni jalb qilish rejasi uchun tanqid qilgan edi.

UEFA FIFA turnirlarini, jumladan, Jahon chempionatini boykot qilish ehtimolini bildirganidan so‘ng, Infantino federatsiya ayrim tijoriy huquqlarni sotish rejasidan voz kechganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2025 yilda ta’sis etilgan Tinchlik mukofotini bekor qilmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing