Uchovlon Moskvada: Putin, Aliyev va Pashinyan nimalarni kelishib oldi?
Tahlil
−
11 yanvar 2021
11171Avval xabar berganimizdek, Rossiya poytaxti Moskva shahrida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Respublikasi Bosh Vaziri Nikol Pashinyan ishtirokida Tog‘li Qorabog‘ masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning kulminatsiya qismi shubhasiz, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyanning o‘zaro qo‘l berib ko‘rishmagani bilan boshlandi. Tomonlar muzokara stoliga o‘tirar ekan, ularda Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha istiqboldagi masalalar, hal qilinmagan muammolar va yig‘ilib qolgan “boshog‘riqlar”ni hal qilish ilinji bor edi. Xo‘sh uchrashuvda ko‘rib chiqilgan asosiy mavzular nimalardan iborat edi?
Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Yerevan va Baku mintaqadagi iqtisodiyot va transport infratuzilmasi muammolarini hal qilish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. Shuningdek, u yaqin vaqt ichida ushbu masalalar bo‘yicha aniq harakatlar rejalarini taqdim etish uchun ishlaydigan ekspertlar guruhining tashkil etilishini aytdi.
Qabul qilingan bayonot matniga ko‘ra, ishchi guruh 2021 yil 1 martgacha Ozarbayjon va Armaniston orqali xalqaro aloqa uchun zarur bo‘lgan mavjud transport vositalarini qayta tiklash va qurish bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxati va jadvalini tasdiqlash uchun Ozarbayjon tomonidan tuziladi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev muzokaralar natijalarini sharhlar ekan, uch davlat rahbarlari tomonidan muhokama qilingan transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish ham Yerevan, ham Boku manfaatlariga xizmat qilishini aytdi.
“Bu mintaqa taraqqiyotiga katta dinamizm berishi bilan birga xavfsizlikni mustahkamlashi mumkin bo‘lgan sohadir. Chunki transport kommunikatsiyalari ochilishi Ozarbayjon, Armaniston, Rossiya xalqlari va qo‘shnilarimiz manfaatlariga xizmat qiladi. Ishonchim komilki, qo‘shni davlatlar ham transport koridorlari va mintaqamizda transport arteriyalarining keng tarmog‘ini yaratishda faol ishtirok etadi”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.
Aliyevning fikricha, yangi uch tomonlama bayonot aslida o‘tgan yili sodir bo‘lgan voqealar chegarasini belgilaydi. Transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish Ozarbayjonga 30 yil ichida birinchi marta Naxichevan Avtonom Respublikasi bilan aloqa o‘rnatishga imkon beradi va Armaniston Ozarbayjon hududi orqali Rossiya va Eronga temir yo‘l aloqasini ochadi. Bundan tashqari, Turkiya bozori va Turkiya-Rossiya temir yo‘l arteriyalariga kirish imkoniyati yaratiladi.
“Ya’ni, bu bayonot katta istiqbollarni ochib beradi. Ishonchim komilki, biz bugun tuzgan ishchi guruh samarali ishlaydi, vaqti-vaqti bilan loyihalar amalga oshirilgani to‘g‘risida bizga hisobot beradi”, deydi Aliyev.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Moskvada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi mintaqaning iqtisodiy qiyofasi va ko‘rinishini o‘zgartirishi mumkinligi, iqtisodiy yangiliklar esa, xavfsizlikning yanada ishonchli kafolatlariga olib kelishini ta’kidlagan.
“Biz, albatta, bu yo‘nalishda konstruktiv ishlashga tayyormiz”, deb va’da qildi Armaniston Bosh vaziri. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, ba’zi gumanitar muammolar hal etilmagan, xususan, tomonlar mahbuslarni almashtirish borasida kelishmagan. Shuningdek, Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ning maqomi masalasini ko‘targan yagona shaxs edi va Yerevan ushbu masalani YeXHT Minsk guruhi doirasida muhokama qilishga tayyorligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi haligacha hal qilinmayapti.
Bir kun oldin Kreml Rossiya Prezidentining tashabbusi bilan 11 yanvar kuni Moskvada Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tishi e’lon qilidi. Uchrashuvda 9 noyabr kuni ko‘rilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, shuningdek, savdo va transport vositalarini blokdan chiqarish va jangovar harakatlardan zarar ko‘rgan aholiga yordam berish kabi mintaqadagi mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish rejalashtirilgan edi.
LiveBarchasi