Uchar taksi birinchi parvozini amalga oshirdi
Texnologiya
−
15 fevral 2023
13797Kecha, 14 fevral kuni AQSHning Blade Air Mobility va BETA Technologies kompaniyalari Nyu-York shahrida birinchi elektron havo taksisini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda “ixbt” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vermont shahrida joylashgan elektr samolyotlar va aerokosmik apparatlar ishlab chiqaruvchi BETA Technologies kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirish uchun AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Hindiston kabi dunyoning eng gavjum hududlarida havo qatnoviga tejamkor muqobillik taklif qiluvchi Blade Air Mobility kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan.
Havo taksisi (ALIA-250 EVA Air Taxi) uch yil davomida Arktika Terni dizayni ta’sirida ishlab chiqilgan. Ternlar boshqa qushlardan ko‘ra uzoqroqqa ko‘chib, yerning barcha burchaklariga bora olgani bu kompaniyalarni parvozning eng samarali usulini ishlab chiqishga ilhomlantirgan.
Shuningdek, ALIA-250 EVA ikkita versiyaga ega bo‘lib, biri yo‘lovchilar, ikkinchisi yuk tashish uchun optimallashtirilgan. Moslama 50 daqiqa zaryadlanishdan so‘ng taxminan 463 km masofaga ucha oladi.
“Ushbu namoyish vertolyotlardan uchar taksilarga o‘tishimizdagi muhim bosqich bo‘lib, biz Beta’dagi hamkorlarimiz asosiy bozorlarimizda, jumladan, Nyu-Yorkda foydalanish uchun kerakli masofa, foydali yuk va shovqin profiliga ega to‘g‘ri samolyotni ishlab chiqqanidan xursandmiz”, deydi Blade bosh direktori Rob Vizental.
Ma’lumot uchun, Blade kompaniyasi 2021 yil aprelida 20 tagacha uchar taksilarni xarid qilishi va ularni AQSH bo‘ylab joylashtirishini e’lon qilgan. Bundan tashqari, kompaniya kerakli zaryadlash infratuzilmasini o‘rnatishini ham bildirgan. Hozirda esa kompaniya taksini to‘liq sinovdan o‘tkazish uchun Harbiy havo kuchlari va AQSH armiyasining uchuvchilarini jalb qilgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi