“O‘tda yonmas”, “suvda cho‘kmas” uch vallomat yana “omon qoldi”!

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Xorazm, Farg‘ona va Qashqadaryodagi “snos”larni qoralab, hokimlar Farhod Ermanov, Shuhrat G‘aniyev va Zafar Ro‘ziyevning xalqdan uzr so‘rashi kerakligi haqida gapirgan edi. O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga yuzlanib, “Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar”, degan edi. Oradan vaqt o‘tib, Vazirlar Mahkamasi va Prezident administratsiyasining bu boradagi bayonoti e’lon qilindi. Unda shunday deyiladi:

“Ma’lumki, respublikamizning qator hududlarida eski bino va imoratlarni rekonstruksiya qilish, hududlarni obodonlashtirish, olis qishloq va tumanlar qiyofasini o‘zgartirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ayrim viloyatlar rahbarlari va mas’ul shaxslari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish va yer uchastkalarini olib qo‘yish bilan bog‘liq mulkiy huquqlari qo‘pol ravishda buzilishi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan qurilish va buzish ishlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar hamda aholi va mulk egalari bilan kelishilmagan holda amalga oshirgani uchun Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati keskin tanqid qilindi. 

Ro‘y bergan hodisalar doirasida bino va imoratlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolati yanada mustahkamlanishini ta’minlash, aholining farovon turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, buzish va keltirilgan zararni qoplash mexanizmlarini tartibga solish maqsadida joriy yil 3 avgust kuni Prezidentimizning “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. 

Mazkur hujjat bilan Bosh vazir rahbarligida bir oy muddatda yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladigan tegishli joylashtirish ishlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. 

Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tuzilib, u ikki hafta davomida respublika bo‘yicha fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan o‘tkazadi, bozor narxidan kelib chiqqan holda uning real bahosini belgilaydi, shuningdek, aholidan qarzdorlikni uzishning aniq manbalarini belgilab beradi. 

Joylarga chiqqan holda vaziyatni o‘rganish, shuningdek, respublikamizning ayrim hududlarida qonunga xilof xatti-harakatlar va mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaliklari oqibati tahlili natijalari aniq takliflar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kiritildi. 

Shu bilan birga Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolari va mansab vakolatlarini suiste’mol qilgani uchun Farg‘ona viloyati Rishton tumani xokimi, iqtisodiyot va qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, hokim va uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi, uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tuman prokurori va Urganch shahar hokimi o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Qoplanishi kerak bo‘lgan zarar miqdori, jabr ko‘rgan aholini moddiy va ma’naviy jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlash ta’minlanishini hisobga olgan holda viloyat hokimlari va boshqa mas’ul shaxslarning egallab turgan lavozimidan darhol ozod etilishi ular uchun vaziyatdan chiqishning eng oson yo‘lidir. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar uchun mas’uliyat va mashaqqat endi ularning ishini davom ettiruvchilar zimmasiga tushadi. 

Shuni inobatga olib, davlatimiz rahbari tomonidan tegishli hududlar rahbarlarining joylarda ular yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatish, fuqarolarning mulkiy huquqlari va hukumatga ishonchini to‘liq tiklash bo‘yicha ishlarda ularning shaxsan ishtirok etishini ta’minlash maqsadga muvofiq ekani to‘g‘risidagi taklif qo‘llab-quvvatlandi. 

Yil yakunlari bo‘yicha barcha viloyatlar, jumladan, Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, joylarda yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga baho beriladi".


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

172

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing