Tuzimizning ham “tuzi” yo‘q. O‘zbekistonda 22 turdagi osh tuzi talabga javob bermasligi aytildi
Jamiyat
−
04 mart 2023
11954O‘zbekistonda 22 nomdagi osh tuzi talabga javob bermaydi, deb topildi. Mazkur ro‘yxat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, qo‘mita O‘zbekistonda 29 nomdagi tuz mahsulotlari namunalarini sinovdan o‘tkazgan va sinov natijalariga ko‘ra, 22 turdagi osh tuzi tarkibidagi yod miqdori yetarli emasligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda jami 441 nomdagi mahsulot ustidan nazorat xaridlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 103 nomdagi mahsulot texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan.
Jumladan, qo‘mita osh tuzlari bo‘yicha ana shunday nazorat xaridini amalga oshirgan. Unda 29 nomdagi tuz mahsuloti namunalari sinovdan o‘tkazilgan. Achinarlisi, 22 nomdagi osh tuzining ya’ni, ularning 76 foizi laboratoriya natijalariga ko‘ra amaldagi talablarga nomuvofiq deb topilgan.
Tarkibida yod miqdori kam bo‘lgan osh tuzlarining ro‘yxati quyidagicha:
“Ideal” osh tuzi;
“Dunyo” osh tuzi;
“Saxovat” osh tuzi;
“Kafolat”osh tuzi;
“Safo” osh tuzi;
“Ozoda-uz” osh tuzi;
“Baraka” osh tuzi;
“Oshpaz” osh tuzi;
“Orol” osh tuzi;
“Yagona ishonch” osh tuzi;
“Safir” osh tuzi;
“Zarafshon kumush tuzi”;
“Salina” osh tuzi;
“Aziya” osh tuzi;
“Melkaya” osh tuzi;
“Osh tuzi”;
“Fayzli” osh tuzi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda amal qiluvchi me’yoriy hujjat – 2017 yilda qabul qilingan 1091-sonli davlat standarti talablariga muvofiq tuz mahsulotlari qadog‘ida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart:
-mahsulot nomi, sorti va hajmi;
-yodlangan qo‘shimchaning nomi;
-tarkibidagi yod miqdori;
-netto og‘irligi (kg);
-ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);
-saqlash muddati;
-saqlash shartlari;
-mazkur standartda ko‘rsatilgan boshqa ma’lumotlar.
Biroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tashqi ko‘rinishi mazkur talablarga javob bermaydigan osh tuzlari ham aniqlangan.
Masalan, “Saodat” osh tuzi tashqi ko‘rinishi mazkur me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, “Fayzli” osh tuzlarida ham ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmaganligi aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilgan.
“Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan o‘z navbatida, yuqoridagi kabi tizimli o‘rganishlar davom ettirilib, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini buzilishini oldini olish va yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ma’lum qilinadi”, deyilgan qo‘mita xabarida.
Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilarga murojaat qilib, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda e’tiborli bo‘lishni so‘ragan.
“Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyosh tig‘ida saqlanmaganligiga e’tibor qaratish, mahsulotning sifati, tashqi qadog‘idagi axborotlarning mavjudligi va mazkur mahsulotni muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari sanitariya-epidemiologik xulosasi bilan tanishib chiqib, so‘ng xarid qilish, agarda sotuvchi tomonidan yuqoridagi axborotlar taqdim etilmasa, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 “Call markazi”iga yoki 24/7 rejimida qabul qilish imkoniyati mavjud info@antimon.gov.uz elektron pochtasiga xabar berishingiz so‘raladi”, deya fuqarolarni ogohlikka chaqirgan tashkilot.
Qolaversa, ushbu ma’lumotlar tekshiruv o‘tkazilgan kunga aktual ekanligi qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan osh tuzlari, albatta, yodlanishi kerak. Bu mamlakatda yod yetishmasligi kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biridir. Sababi inson organizmida yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari yuzaga keladi.
LiveBarchasi