To‘ydan oldin nog‘ora chalgan O‘zbekiston
Intervyu
−
01 avgust
131989Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan tarixiy Olimpiada bahslari davom etmoqda. O‘z tarixidagi eng katta delegatsiya bilan qatnashayotgan O‘zbekiston jamoasining musobaqalardagi ishtirokini hozircha qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Delegatsiya hisobida medallar ko‘p emas, aksiga olib Olimpiadada medallar uchun kurashishi kutilgan futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini erta yakunladi.
Xo‘sh, Temur Kapadze va uning shogirdlari qaysi jabhalarda xatolarga yo‘l qo‘ydi? Parijga olib ketilgan katta yoshdagi futbolchilar noto‘g‘ri tanlandimi?
Mazkur savollar bilan QALAMPIR.UZ ustoz jurnalist Mirzahakim To‘xtamirzayevga yuzlandi.
“Natija uchun bosh murabbiy, shaxsan Temur Kapadze javobgar. Futbolchilarni tanlash huquqi unda edi, lekin Temurning o‘rnida yoki yonida bo‘lganimda Shomurodov, O‘runov va Aliqulov orasidan faqat bir futbolchini almashtirardim. Oston juda yaxshi futbolchi, lekin uning o‘rniga Odiljon Hamrobekovni tanlagan bo‘lardim. Chunki Oston O‘runov qarshi hujumda faol bo‘ladigan futbolchi, Olimpiadada esa bizga qarshi hujumlarni bartaraf etadigan futbolchi ko‘proq zarur bo‘ldi”, deydi To‘xtamirzayev.
Intervyu davomida ustoz jurnalist boshqa sportchilarning Olimpiadadagi ishtiroki, xorijlik sportchilarni mahalliylashtirish va albatta Diyora Keldiyorovaning olamshumul g‘alabasi bilan bog‘liq savollarga javob berdi.
Shuningdek, To‘xtamirzayev ta’lim va sportga qaratilayotgan farqli e’tiborning sabablari borasida aniq tahlillar bilan fikr bildirdi.
“Yozgi Olimpiada chempioni u manguga chempion, unga nisbatan sobiq degan ta’rif ishlatilmaydi. O‘zbekiston degan davlatni va unda dzyudo sport turi rivojlanayotganini Diyora Keldiyorova ko‘rsatib berdi. Endi Rayyona bilan bog‘liq holat. O‘zbek qizining Germaniyadagi g‘alabasi orqali qancha odam O‘zbekistonni tanidi? Bu gapim bilan Rayyonani muvaffaqiyatini ahamiyatsiz demoqchi emasman. Rayyonaga ham yetarlicha e’tibor qaratilishi kerak, lekin buning uchun sportchining mukofoti olib qo‘yilmasligi kerak”, deydi jurnalist.