“Beshta fan birlashtiriladi”. XTV geografiya atrofidagi bahsga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda geografiya fani uchun dars soatlari o‘zgarishi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan Xalq ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan milliy o‘quv dasturiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) joriy qilinishi belgilangan.

Ma’lum bo‘lishicha, “Tabiiy fanlar” (Science) – geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda “Tabiiy fanlar” orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir sinf kesimida belgilangan.

“O‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ildi. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.

O‘z navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o‘tkazildi. Ya’ni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo‘shib berildi”, deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqarmagan.

XTV rasmiy izohida keltirilishicha, boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, ya’ni 96 ta mavzuga ko‘paygan. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostidagi xulosalar, asossiz.

Vazirlik “Tabiiy fanlar” jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda o‘qitilishini ta’kidlagan. Xususan, Buyuk Britaniyada “Tabiiy fanlar” 1-6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitiladi.

“Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qo‘shib o‘qitilishi o‘quvchiga olamni bir butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga oshirib, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarning faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni ijodkorlikka yo‘naltirishga xizmat qiladi. 

Milliy o‘quv dasturi doirasida ta’lim mazmunida amalga oshirilayotgan bu kabi o‘zgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan o‘quvchilar uchun manfaatlidir”, deb yozilgan vazirlik xabarida. 

Munosabatga ko‘ra, milliy o‘quv dasturida aynan geografiya fani haftalik 8 soat o‘tilishi belgilangan. Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, geografiya fani o‘qituvchilarida “Tabiiy fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish imkoniyati paydo bo‘ladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat berishlari mumkin).

Munosabatda aytilishicha, vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni inobatga olgan holda, o‘quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha soat ajratish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

549

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing