To‘rt viloyat sudining raislari ishdan ketdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda to‘rtta viloyat sudining raislari lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyat sudi raisi Tal’atjon Baxtiyorovich Meliboyev, Buxoro viloyat sudi raisi Luqmon Muxtorovich Qodirov, Jizzax viloyat sudi raisi O‘tkirjon Buranovich Jumayev, Xorazm viloyat sudi raisi Bahodir Husaynovich Polvonov o‘z lavozimlaridan ozod etilgan.

Xabarga ko‘ra, yuqorida nomi keltirilganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq, yozma arizalariga asosan ishdan olingan.

Shuningdek, Farhodjon Boqijonovich G‘aniyev sudyalik vakolatining besh yil muddatiga Andijon viloyat sudi raisi lavozimiga tayinlangan. Shu munosabat bilan Andijon viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgan. 

Jizzax viloyat sudining raisi lavozimiga esa Akram G‘ayratovich Shukurov tayinlangan va shu munosabat bilan Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgan.

Buxoro viloyat sudining raisi lavozimiga Uchqun Xolboyevich Ro‘ziyev, Xorazm viloyat sudining raisi lavozimiga esa Shuhrat Maratovich Kamolov tayinlangan. 

Uchqun  Ro‘ziyev bungacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida, Shuhrat Kamolov esa Farg‘ona viloyat sudining raisi lavozimida ishlagan.

Shu munosabat bilan, Farg‘ona viloyat sudining raisi lavozimiga Akrom Jo‘raqulovich Utayev tayinlangan. 

Bundan tashqari, Farrux Soyibjonovich Abduraimov Andijon viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Buxoro sud raisi Andijon Jizzax

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing