Erdo‘g‘an nega qamalgandi?
Tahlil
−
15 may 2023
17813Ma’lumki, kecha, 14 may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Turk xalqi o‘zining o‘n uchinchi prezidenti va yigirma sakkizinchi parlament vakillarini saylash uchun erta tongdan saylov uchastkalariga to‘plandi. Saylov yakuniga yetganidan keyin, ovozlar sanab chiqilgach, ma’lum bo‘ldiki, hech bir nomzod 50 foiz ovoz yig‘a olmagan va shuning uchun 28 may kuni Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li ikkinchi turda yana raqobatlashadi.
Amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an kuchli inflyatsiya va yaqinda ro‘y bergan zilzilalardan so‘ng bu galgi saylovlarda mag‘lub bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgandi. Garchi u dastlabki turda asosiy ta’qibchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini kichik farq bilan ortda qoldirgan bo‘lsa-da, keyingi turdagi uning imkoniyatlari u qadar yuqori baholanmayapti.
Erdo‘g‘an davridagi Turkiya o‘zining bir qator muvaffaqiyatlaridan tashqari ziddiyatli jihatlari bilan ham yodda qolmoqda. Xususan, u bundan 25 yil avval endi-endi hokimiyat tepasiga chiqish uchun intilayotgan vaqtlarda, Istanbulga hokimlik qilgan yillarda bo‘lgan bir voqea uning biografiyasidagi muhim qism hisoblanadi. O‘shanda u, o‘zi bot-bot takrorlaganidek, “intellektual jinoyat”, ya’ni omma oldida she’r o‘qigani uchun qamalgan edi. Quyida ushbu voqea tafsilotlari haqida hikoya qilamiz.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1994 yilning 27 mart sanasida o‘tkazilgan saylovlardan so‘ng Istanbulning ilk islomchi hokimiga aylangan va shundan boshlab ushbu yirik shaharning muammolariga yechim topa boshlagandi. Jumladan, uzoq vaqtdan beri hal qilinishi kutiligan ichimlik suvi muammosini bartaraf qilish uchun yuzlab kilometlik ichimlik suvi quvurlari yotqizildi. Chiqindilarni qayta ishlash uchun yirik va zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Havoning ifloslanishiga qarshi kurashish Erdo‘g‘an boshlagan tabiiy gaz loyihalari natijasida muvafaqqiyatga erishdi. Tirbandlik muammosini hal qilish uchun 50 dan ortiq ko‘priklar, yo‘l o‘tkazmalari hamda avtomagistrallar qurildi. Istanbul munisipalitetini 2 milliard dollar qarzdorlik bilan qabul qilgan Erdo‘g‘an keyinchalik 4 milliard dollarlik sarmoyaga erishadi.
Erdo‘g‘an Istanbulda amalga oshirgan islohotlar uning obro‘sini oshirib borardi. Natijada 1995 yil uning partiyasi "Refah" (Farovonlik) parlamentda eng ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Najmiddin Erbakan mamlakat tarixidagi birinchi islomchi Bosh vazirga aylandi. U Turkiyaning siyosatini G‘arbga taqlid deb atadi hamda butun dunyo bo‘ylab musulmonlar birdamligi kampaniyasini e’lon qildi. Erbakan amalga oshirayotgan ishlar mamlakat armiyasi tomonidan dunyoviylikka tahdid sifatida ko‘rildi hamda Milliy xavfsizlik kengashining 1997 yil 28 fevralda o‘tgan yig‘ilishida hukumat dunyoviy qonunlarni amalga oshirishga chaqirildi. Xususan, 8 yillik uzluksiz ta’lim, diniy maktablar tekshirilishi va Milliy ta’lim vazirligiga o‘tkazilishi lozimligi, Qur’on kurslari nazorat qilinishi kabi qarorlar shular jumlasidandir.
Najmiddin Erbakan ushbu talablar yumshatilsagina ularni qabul qilishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Erbakan koalitsiya kelishuviga binoan 1997 yilning 18 iyunida hukumat rahbarligini "To‘g‘ri yo‘l" partiyasi rahbari Tansu Chillerga topshirib, iste’foga chiqdi. Biroq 19 iyun kuni vaziyat o‘zgardi. O‘sha vaqtdagi prezident Sulaymon Demirel "Ona Vatan" partiyasi rahbari Mas’ud Yilmazga hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Ushbu voqea Turkiya tarixida "sokin to‘ntarish" deb ataladi. Keyinroq, 1997 yilning 21 may kuni apellyatsiya Oliy sudi Bosh prokurori Vural Sava "Farovonlik" partiyasiga qarshi "dunyoviylik tamoyilining buzilishi" bo‘yicha ish ochdi hamda 1998 yil 16 yanvarda partiya faoliyatini tugatish va aktivlarini davlat g‘aznasiga topshirish to‘g‘risida hukm chiqarildi. Erbakan va uning 5 nafar maslakdoshi 5 yilga siyosiy faoliyatdan chetlatildi.
Erbakanning vorisi sifatida uning ishlarini davom ettirishi kutilgan Erdo‘g‘an 1997 yil 6 dekabr kuni Turkiyaning sharqiy qismidagi Siirt viloyatida 5 ming kishi qarshisida nutq so‘zlaydi. O‘z nutqida u Turkiyada fikr va e’tiqod erkinligi yo‘qligini hamda irqiy kamsitishlar mavjudligini ta’kidlaydi.
Chunonchi, Erdo‘g‘an shunday deydi: "Turkiyada fikr erkinligi yo‘q va irqiy kamsitish amalga oshirilmoqda. Bizning dasturulamalimiz Islomdir. Ular bizni hech qachon yengolmaydilar. Hatto, G‘arb aholisi ham e’tiqod erkinligiga ega. Nega bu Turkiyada hurmat qilinmaydi? Minoralar bizning nayzalarimiz, gumbazlar bizning dubulg‘alarimiz, masjidlar esa qal’alarimizdir. Hech kim o‘qilayotgan azonni o‘chira olmaydi.
Biz, albatta, Turkiyada irqiy segregatsiyaga chek qo‘yamiz. Chunki "Farovonlik" partiyasi boshqa partiyalar bilan qarama-qarshi fikrga ega. Agar osmon va yer yorilsa, toshqinlar va vulqonlar ustimizga otilsa ham biz yo‘limizdan yuz o‘girmaymiz. Mening dasturulamalim Islomdir. Agar men buni ifoda eta olmasam, hayotning ma’nosi nima? Hech kim o‘qilayotgan azonni o‘chira olmaydi. Chunki azon eshitilmagan yerda tinchlik bo‘lmaydi. Kurdlar, arablar, cherkaslar o‘rtasida farq bo‘lishi mumkin emas. Chunki hamma odamlar birlashadigan tom Islomdir. Biz, albatta, Turkiyada irqiy kamsitishlarga chek qo‘yamiz. Bizni bu holga keltirganlar uyalsin".
Erdo‘g‘an safar davomida Siirt brigada generali Sodiq Erjan bilan ham uchrashishi kerak edi. Biroq general uni qabul qilishni istamaydi. Ushbu holat ham islomchilar hamda armiya o‘rtasidagi keskinlikning ifodasi edi. Erdo‘g‘an Siirtdagi nutqi davomida Ziyo Go‘kalpning 1912 yil Bolqon urushi vaqtida yozilgan va 1913 yilda "halka Doğru" jurnalida bosilib chiqqan "Askar duosi" she’rini ba’zi misralarini o‘zgartirgan holda o‘qiydi. She’rning asl shakli quyidagicha:
Qo‘limda miltiq-u, qalbimda iymon,
Ikki tilagim bor: din ila Vatan.
O‘chog‘im armiya, buyugim sulton,
Sultonga madad ber, yo Rabbiy!
Umrini uzoq qil, yo Rabbiy!Gumbazlar — dubulg‘a, nayza — minora,
Bu ilohiy lashkar dinimni kutar.
Allohu Akbar, Allohu Akbar!Yo‘limiz g‘azot, so‘ngi shahodat,
Dinimiz istar sidq ila xizmat.
Onamiz vatandir, bobomiz millat,
Vatanni ma’mur ayla, yo Rabbiy!
Millatni masrur ayla, yo Rabbiy!Sanjog‘im tavhid-u, bayrog‘im hilol,
Birisi yashildir, yana biri ol.
Islomga achingin, dushmandan o‘ch ol,
Islomni obod ayla, yo Rabbiy!
Dushmanni barbod ayla, yo Rabbiy!Qo‘mondon, zobit erur bobolarimiz,
Serjant-u, o‘nboshidir og‘alarimiz,
Qat’iy va hurmatlidir qonunlarimiz.
Lashkarni butun ayla, yo Rabbiy!
Sanjoqni ustun ayla, yo Rabbiy!Jang maydonida necha alp yigit,
Din va yurt uchun bo‘ldilar shahid,
O‘chog‘i o‘chmasin, so‘nmasin umid,
Shahidni mahzun etma, yo Rabbiy!
Naslini zabun etma, yo Rabbiy!
Bu she’r Bolqon urushi vaqtidagi askarlarga bag‘ishlangan bo‘lib, undagi “dushman” so‘zi Bolgariya hamda Bolqon qo‘shinlarini, “sulton” esa Usmonli Turk sultoni Rashodni ifodalaydi. Erdo‘g‘an dastlabki misralarni quyidagicha o‘zgartiradi:
Minoralar — nayza, gumbaz — dubulg‘a,
Masjidlar — qal’a, mo‘minlar — askar.
Bu ilohiy lashkar dinimni kutar
Allohu Akbar, Allohu Akbar!
She’rdan so‘ng u “har bir davrning Fir’avnlari va Namrutlari bordir. Biroq ularning qarshisiga chiqadigan Muso va Ibrohimlar to‘siqlarni yengib, yo‘llarni tozalaydilar”, deya ta’kidlaydi. 1997 yil 7 dekabrda uning shu so‘zlari uchun “irq, din va mazhablar o‘rtasida nafrat qo‘zg‘ash” bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Qizig‘i shundaki, bu she’r mamlakat Milliy ta’lim vazirligi o‘qituvchilar va o‘rta maktab o‘quvchilari uchun tavsiya etgan “Turk va Turkiylik” nomli kitobga kiritilgan edi. Shunga qaramay, u 1998 yil 21 aprelda 1 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, 860 ming turk lirasi miqdorida jarimaga tortilgan. To‘rt oylik qamoqdan so‘ng, apellyatsiya sudi qarorni o‘zgartirib, Erdo‘g‘anni ozod qildi.
Ozodlikka chiqqach, Erdo‘g‘an 2001 yilda "Adolat va taraqqiyot" partiyasiga asos soladi va 2002 yildagi saylovlardayoq bu partiya Turkiya Buyuk Millat Majlisida uchdan ikki qism o‘rinlarni egallaydi.
2003 yilda Bosh vazir, 2014 yilda esa Turkiyaning xalq tomonidan saylangan birinchi Prezidentiga aylandi. U 20 yillik “hukmronligi” davomida katta yo‘lni bosib o‘tdi. Erdo‘g‘an 2016 yilgi davlat to‘ntarishidan ham “omon” qoldi. Biroq, endi u faoliyati davomidagi eng jiddiy sinovga duch kelmoqda. Noan’anaviy iqtisodiy siyosat oqibatida yuzaga kelgan shiddatli inflyatsiya va shu yilning fevral oyida 50 mingdan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan halokatli zilzilalardan keyin Erdo‘g‘anning kursisi sezilarli darajada qimirlab qolgandek. Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan munosabatlardagi birmuncha “qaysar” siyosati ham G‘arbda uning hokimiyatdan ketishiga istaklarni kuchaytirib yubordi.
Nima bo‘lganda ham, mazkur saylov Turkiya va butun dunyo siyosatida jiddiy o‘zgarishlar yasashi kutilmoqda. Yillar davomida avtokratlashib kelgani aytiladigan Erdo‘g‘anning epoxasi yakuniga yetadimi yoki u kamida yana bir muddat hokimiyat tepasida qoladimi, bularning bariga shu yilning 28 may sanasida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tur saylovlaridan so‘ng javob olish mumkin bo‘ladi.
LiveBarchasi