Turmush qurishni murakkablashtirish taklif qilinyapti
Jamiyat
−
28 fevral 2021
23811O‘zbekistonda ajrimlar bilan bog‘liq da’volarni ko‘rib chiqish jarayonidan ko‘ra oila qurishni murakkablashtirish to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, deb fikr bildirdi FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi Sherzod Rajabov Yunusobod tumanidagi JIB Yunusobod tuman sudi, Toshkent tumanlararo iqtisodiy va ma’muriy, FIB M.Ulug‘bek tumanlararo sudida ko‘rib chiqilgan va ko‘rilayotgan ishlar yuzasidan Yunusobod tumani hokimiyatida o‘tkazilgan brifingda.
Sudya nikohdan ajrashishning sabablari turlicha bo‘lishini aytib, Yunusobod tumanida 2020 yilda 819 ta nikohdan ajratish ishi ko‘rilgan bo‘lsa, 2019 yilda 871 tani tashkil qilgani va ajralishlar oqibatida qancha bola ota-ona qarovidan mosuvo bo‘lganini keltirib o‘tdi:
“2020 yilda 819 ta nikohdan ajratish ishi ko‘rilgan bo‘lsa, 2019 yilda ularning soni 871 tani tashkil qilgandi. Ya’ni, murojaat qilishlar biroz kamaygan. Shundan 378 ta nikoh bekor bo‘lgan. 362 ta ish bo‘yicha birinchi marta da’vo arizalarini bekor qilganmiz. Sababi, nikohni bekor qilishga asos bo‘lmagan. 22 ta ishimiz ish yuritishdan tugatilgan, 57 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. 79 ta oilani yarashtirishga erishganmiz. Albatta, bu ko‘rsatkichlar kam. Lekin 79 ta holatda ham oilalarni saqlab qolishga erishilgan.
Endilikda, nikohdan ajralganlar o‘rtasida voyaga yetmagan farzandlar qancha qolgan? 224 nafar bola ota yoki onaning tarbiyasidan mosuvo bo‘lgan holda yashashga majbur bo‘lgan. Ayollar tomonidan ham murojaat qilish ko‘payganmi yoki yerkaklar tomonidan degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga ham statistikamiz bor. Bundan 10-12 yil oldin erkaklar tomonidan murojaat qilish juda keskin ko‘paydi. Bugungi kunda bu narsa o‘zaro tenglashib qolyapti. Men umumiy xulosa aytishim mumkinki, bu kimnidir ayblash emas, balki ayollarimiz ham o‘zlarini huquqlarini himoya qilishni o‘rgandi, desak ham bo‘ladi. Yoki oilada yerkaklarning mas’uliyatsizligi ayolni, hattoki sudga murojaat qilishiga ham majbur qilyapti. Bizni ko‘proq o‘ylantiradigan masala – 224 nafar bolaning keyingi taqdiri. Ularning kelajakda huquqbuzarlik yo‘liga kirmasligi, jinoyat yo‘liga kirmasligi yoki boshqa nojo‘ya xatti-harakat qilmasligiga hech kim kafolat bermaydi”.
Sudya xususan, 6-8 foiz yoshlar oila qurishga tayyor bo‘lmagani uchun ajrashganini qo‘shimcha qildi. Shu o‘rinda u buning yechimini ham taklif sifatida kiritdi.
“Nikohdan ajrashishning asosiy bir sababini aytib o‘taman. Bu bizni ko‘proq o‘ylantiradi. 6-8 foiz yoshlarimiz oila qurishga tayyor emasligi bizni achintiradi. Bunda jismoniy jihatdan oila qurishga tayyor, lekin oila mas’uliyani his qilmaslik sabab nikohni bekor qilish holatlari ko‘paygan. Misol uchun, turmush o‘rtog‘i – er o‘zining vazifalarini bilmaydi, oilani moddiy ta’minlamaydi, ayol ham o‘zining vazifalarini bilmaydi. Bunday achinarli holat keyinchalik oilaning buzilishiga olib keladi”, deya vaziyatni izohladi sudya Rajabov.
U so‘zida davom etib, kelajakda nikohga kiruvchilarni oilaga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilsa, natija yaxshiroq bo‘lishini ta’kitladi. Shuningdek, yoshlar bir-birini tanimasdan, ayrim masalalarda o‘zaro kelishib olmasdan turmush qurayotganini qo‘shimcha qildi.
“Nikohdan ajralish juda qiyin masala deb aytishingiz mumkin. Biz qo‘limizdan kelguncha harakat qilamiz, lekin ko‘pincha “g‘isht qolipdan ko‘chgan” bo‘ladi. Men istardimki, nikohga kirish jarayonini murakkablashtirsak. Ya’ni, bir oydan keyin fuqaro nihokdan o‘tishi mumkin. Hattoki, bir oyning ichida yoshlar bir-birini tanimasdan turmush quryapti. Ular nikohga kirganidan keyin qanday yashashi mumkin? Bir holatni biz ko‘rdik: ayol – oliy o‘quv yurtining ikkinchi bosqich talabasi. Ular o‘zaro turmush qurgan. Lekin turmush o‘rtog‘i nikohdan keyin “sen o‘qimaysan, uyda o‘tirasan” deya shart qo‘ymoqda. Qiz esa “men o‘qishimni davom ettirishim kerak”, deyapti. Mana shu sabab bilan oila bekor bo‘lyapti. Ayonki, nikohga kirishdan oldin o‘zaro kelishilmagan. Shoshma-shosharlik bilan to‘y qilingan, nikohdan o‘tilgan.
Aytmoqchimanki, biz nikohni bekor qilish jarayonlariga e’tiborni qaratmasdan, balki nikoh qurish jarayonlariga ko‘proq ahamiyat bersak, jamiyatimiz yana ham rivojlanadi va biz o‘ylagan maqsadimizga erishamiz”, deydi Rajabov.
LiveBarchasi