Turkmanistonda parlament isloh qilinib, bir palatali tarzda qayta shakllantiriladi
Olam
−
21 yanvar 2023
6156Turkmanistonda parlament bir palatali qilib qayta tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlardan “Türkmenistan: Altyn asyr” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 21 yanvar kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining ikki palatasi – Xalq Maslahati (yuqori palata) va Majlis (quyi palata)ning jamoatchilik vakillari ishtirokida qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat parlamenti yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan joriy yil 11 yanvar kuni Turkmaniston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisida ilgari surilgan tashabbuslar muhokama qilingan. Xususan, u Vakillar palatasi (Xalq Maslahati)ni tugatib, qonun chiqaruvchi organ (Milliy Kengash)ni bir palatali parlament majlisi qilib, qayta tashkil etishni taklif qilgan.
Shuningdek, Xalq Maslahati oliy vakillik organiga aylantirilib, keng vakolatlarga ega bo‘lishi, jumladan, konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Xalq Maslahati ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini, mamlakatni rivojlantirish dasturlarini ham ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Shuningdek, Xalq hokimiyati oliy vakillik organi tarkibiga uning raisi, prezident, Majlis raisi, Oliy sud raisi, Davlat xavfsizlik kengashi kotibi, Majlis deputatlari, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakil, Bosh prokuror, Adliya vaziri, viloyat, tuman va shahar hokimliklari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni Qozog‘istonda ham parlament tarqatib yuborilgani haqida xabar berilgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi