Turkmaniston samolyotlari yana 1 oy Rossiyaga uchmaydi
Olam
−
01 fevral 4207 2 daqiqa
“Turkmaniston havo yo‘llari” (Turkmenistan Airlines) aviakompaniyasi Ashxobod-Moskva-Ashxobod yo‘nalishida parvozlarni to‘xtatib turish muddatini kamida mart oyiga qadar uzaytirdi. Bu haqda kecha, 31 yanvar kuni aviatashuvchining o‘ziga tayanib, “Interfaks” agentligi xabar berdi.
Kompaniya o‘z qarori sabablarini tushuntirmadi.
“Turkmaniston havo yo‘llari” Ashxobod va Moskva o‘rtasidagi parvozlar dekabr oyi oxirida to‘xtatilgan edi. Dastlab 2024 yil 30 dekabrdan 2025 yil 31 yanvargacha reyslar amalga oshirilmasligi e’lon qilingan edi. Buning sabablari ham o‘sha paytda tushuntirilmagan.
Mazkur aviakompaniya oxirgi marta 2023 yil avgustida ham Moskva havo zonasidagi havo vaziyati, shuningdek, parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun xavflarni baholash asosida Moskvaga parvozlarni to‘xtatgan edi. O‘shanda bu qaror Rossiya Mudofaa vazirligining Moskva viloyatida Ukraina dron hujumi bostirilgani haqidagi xabarlari fonida qabul qilingan edi.
Ayni vaqtda “Interfaks”ning qayd etishicha, yanvar oyida Rossiyaning S7 aviakompaniyasi haftasiga 14 martagacha Moskva-Ashxobod reyslarini amalga oshirish uchun Federal havo transporti agentligidan ruxsat olgan. 15 yanvardan boshlab har kuni parvozlar amalga oshirilmoqda. Hozirda S7 Rossiya va Turkmaniston o‘rtasida muntazam reyslarni amalga oshiruvchi yagona aviatashuvchi hisoblanadi.
AZAL samolyoti halokati
2024 yil 25 dekabr kuni ertalab “Ozarbayjon havo yo‘llari” (AZAL)ning Bakudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 samolyoti Qozog‘iston g‘arbidagi Aktau yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 38 kishi halok bo‘ldi.
AZAL samolyot “tashqi ta’sir”ga duchor bo‘lganini ma’lum qildi. Tirik qolgan styuardessalarning aytishicha, Grozniy uzra parvoz paytida samolyotga uch marta nimadir urilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Embraer Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimidan o‘qqa tutilishi natijasida adashib urib tushirilgan bo‘lishi mumkin. Halokatga uchragan samolyotning qora qutilari ekspertiza uchun Braziliyaga yuborilgan. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev halokatda Rossiyani aybladi.
Ushbu fojiadan so‘ng nafaqat “Turkmaniston havo yo‘llari”, balki boshqa qator aviakompaniyalar ham Rossiyaga parvozlarni to‘xtatdi. Xususan, Isroilning El Al aviakompaniyasi mart oyi oxirigacha Moskvaga parvozlarni bekor qildi.
Live
Barchasi