Turkmaniston Prezidenti o‘zbekistonlik qizga Zeekr 9X sovg‘a qildi

Madaniyat-san’at

−

image

O‘zbekistonlik Amina Mahmudova Turkmanboshi shahrida finali bo‘lib o‘tgan “Tatar qizi – 2026” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘ldi. Ung tanlovning bosh sovrini – Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov nomidan Zeekr 9X avtomobili topshirildi. Bu haqda “Turkmenportal” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tanlov toji uchun 12 nafar qiz kurash olib borgan. Tanlov dasturi ona tili, tarix va an’analarni bilishini namoyish etish, shuningdek, ijodiy sinovlarni o‘z ichiga olgan.

“Eng katta minnatdorchiligim – ota-onamga. Har bir g‘alabam ortida ularning mehri, tarbiyasi va menga bo‘lgan ishonchi turadi. Bu g‘alaba faqat menga emas, balki ularga ham tegishli. Tatariston Respublikasi raisiga, Butunjahon tatar kongressiga va barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman. Bizga, tatar qizlariga, butun dunyoga millatimiz va tilimizni namoyish etish imkoniyatini berganingiz uchun tashakkur”, deydi taqdirlash marosimida g‘oliba.

Amina Mahmudova Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida tahsil olmoqda, xonandalik mutaxassisligini egallamoqda va vokal o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. 

Bosh unvondan tashqari, maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlangan. Tataristonlik ishtirokchi Dina Zaripova “Eng g‘ayratli qiz” unvonini olgan, Amina Mahmudovaning o‘zi esa “Eng mayin ovozli qiz” deb topilgan.

Tanlov finali ilk bor Turkmanistonda bo‘lib o‘tdi. Tanlov o‘tkaziladigan joy o‘tgan yilgi g‘oliba kelib chiqqan mamlakatga qarab belgilanadi. 2025 yilda tojni dashouzlik Alsu Rafikova qo‘lga kiritgan edi.

Ma’lumot uchun, “Tatar qizi” – tatar tili, milliy an’analari va madaniy merosini asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazishga qaratilgan xalqaro madaniy-ma’rifiy tanlov. Tanlovga 2011 yilda Chelyabinsk shahrida asos solingan. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham qariyb 200 ming nafar tatar millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.

Zeekr 9X – Xitoyning Zeekr brendiga mansub flagman gibrid yo‘ltanlamasidir. O‘zbekiston bozoridagi narxi taxminan 105 – 130 ming dollar atrofida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar