Turkmaniston Hukumati raisi o‘rinbosari Mirziyoyev qabulida bo‘ldi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
3337Bugun, 1 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHTga a’zo davlatlar Hukumatlar rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajada ochiq hamda ishonchga asoslangan muloqot yo‘lga qo‘yilgani va bu O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yangi darajaga ko‘targanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Rashid Meredov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, kelgusida ikki va ko‘p tomonlama formatda o‘tadigan oliy darajadagi tadbirlarni inobatga olgan holda ko‘rib chiqildi.