2019 yilda yoqa ushlatgan jinoyatlar
Tahlil
−
31 dekabr 2019
38839QALAMPIR.UZ tahririyati yil davomida jamoatchilik tomonidan eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalar haqida materiallarini e’lon qilishda davom etadi. Quyida esa tugab borayotgan 2019 yilda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan va shubhasiz tarixda qolgan “yil jinoyatlari” haqida ikki og‘iz so‘z yuritamiz.
Bolasini hojatxonaga tashlagan ayol voqeasi
Bu voqea butun O‘zbekiston onalarini larzaga keltirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Fuqaro F.T. joriy yilning 2 iyul kuni qiz farzandni Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bozorda joylashgan ayollar hojatxonasida dunyoga keltirib, uni hojatxona o‘rasiga tashlab ketdi. Ushbu voqea fuqarolar nafratini qo‘zg‘ab jiddiy muhokamaga sabab bo‘lgandi.
Chaqaloq tug‘ilganini onasi va o‘zidan boshqa hech kim bilmagan. Mehribon ona o‘z otasi va aka-ukasidan qo‘rqqanidan, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yo‘q qilish uchun shu yo‘lni topishgan. Bola hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va o‘z vaqtida topilib, tibbiy yordam ko‘rsatilganligi uchun tirik qolgan. Darvoqe, uning hayotini Ichki ishlar xodimi saqlab qolgandi.
"Quvasoysement" va "Bekobodsement" AJlar bo‘yicha Gulnoraga yangi ish ochildi
Yana bir yirik muhokamalarga sabab bo‘lgan jinoyat ishi mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq. Gulnora Karimovaga nisbatan joriy yilning avgust oyida yangi holat bo‘yicha jinoiy ochilgan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan unga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishiga xalqaro yuridik kompaniyasidan kelib tushgan ma’lumotlar va fuqarolarning arizalari asosida to‘plangan tekshirish hujjatlari asos bo‘lgan.
Aniqlanishicha, Gulnora Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, "Quvasoysement" va "Bekobodsement" AJlarining davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.
Gulnora Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, Gulnora Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.
“Rashid Qodirov ishi”
2019 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.
Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan deb topildi.
Ular bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
18 yilga qamalgan sobiq DXX raisi
Shu yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev, uning o‘rinbosari Jahongir Egamovga qarshi jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilingandi.
Ixtiyor Abdullayev 2018 yilning 31 yanvaridan 2019 yilning fevraliga qadar DXXga rahbarlik qilgan. U sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgani aytilgandi.
Keyinroq, u poraxo‘rlikda ayblandi. Mazkur ish bo‘yicha jami 10 ga yaqin mansabdor tergov qilinayotgani xabar qilingandi. Ularning orasida Oliy sud raisi o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ham bo‘lgan.
Iyul oyida boshlangan sud ishi sentyabr oyiga kelib tugadi. Hukmga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Shuningdek, sudning hukmi bilan: DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Egamov 16 yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorkin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Xidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Baxodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshevga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.
Qamoqqa olingan uchinchi Bosh prokuror
O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori Otabek Murodovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ham jamoatchilikda qiziqish uyg‘otgandi. Joriy yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Prezident Murodovning lavozimdan olingani va unga nisbatan jinoyat ishi ochilganini aytdi.
18 sentyabr kuni Otabek Murodov uy qamog‘idan qamoqxonaga o‘tkazilgandi. Uning ishi sobiq DXX raisi “Abdullayev ishi” doirasida olib borilayotgani xabar qilindi. Hozircha uning tergov ishi yakunlanmagan.
“Yusupov ishi”
Yil hisobidan katta shov-shuvga aylangan voqealardan biri jurnalist, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov hibsga olingani bo‘ldi.
Joriy yilning 10 may kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlandi va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq, joriy yilning sentyabr oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud boshlandi.
Sudlanuvchi Said-Abdulaziz Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 168 va 28,211 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Zanjirband ayol voqeasi
2019 yilning sentyabr oyida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Unda kuyov A.T. o‘z turmush o‘rtog‘i D.T.ni noqonuniy tarzda zanjir bilan oyog‘idan bog‘lab, o‘z uyida saqlagani ayon bo‘ldi. D.T.ning onasi tegishli IIBga murojaat qilgan va qizi ozod qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilgandi.
O‘zimiznikilarni “uxlatgan” “HUMAN” xususiy bandlik agentligi ishi
Joriy yilning 20 sentyabrida jamiyat rahbari Shoxnur Fayzullayevga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi. Jinoyat natijasida 1 198 nafar fuqaroga 21 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan. Uning ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida ko‘rilmoqda.
Sudlanuvchi Shoxnur Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining firibgarlik, soxta tadbirkorlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining, yarim tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tuyaqushchi “Straus House” MCHJ ishi
Yana bir firibgarlik jinoyati bilan ommaning kuchli e’tirozlariga sabab bo‘lgan korxona “Straus House” MCHJ ishi bo‘ladi. Joriy yilning noyabr oyida uning mansabdor shaxslari ustidan firibgarlik aybi bilan tergov harakatlari boshlangandi. Sentyabr oyining oxirida unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi. U odamlarga qaytarib sotib olish sharti bilan tuyaqush jo‘jalarini sotgandi. Hozirda bu ish doirasida 400ga yaqin shaxslar so‘roq qilingan. Ular jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb topilgan.
Boshsiz tana
Yil jinoyatlari safiga yaqinda Andijon viloyatida sodir bo‘lgan qotillikni ham qo‘shish mumkin. Fuqaro I.N.ga qarashli boshsiz murda “Qoradaryo” daryosining Oltinko‘l tumani, Madaniy mehnat-2 MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan.
16 dekabr kuni Andijon tumani prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kunning o‘zida jinoyat ishi viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan ish yurituvga olinib, dastlabki tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.
4-qavatdan otib yuborilgan 4 yoshli bola
Jamoatchilikning qattiq muhokamasiga sabab bo‘lgan yana bir voqea Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joriy yilning 20 dekabr kuni sodir bo‘ldi. Unda fuqaro V.K. birga yashab kelayotgan ayol M.K. bilan spirtli ichimlik ichadi. Keyin o‘zaro nizo sodir bo‘lib V.K. M.K.ning 4 yoshli qizini 4-qavatdan yerga tashlab yuboradi. Qiz voqea joyining o‘zida vafot etadi.
LiveBarchasi