Turkiyadagi zilzilada necha o‘zbekistonlik o‘lgani ochiqlandi
Olam
−
15 mart 2023
11140Turkiyaning 10 viloyatida sodir bo‘lgan zilzilada 7 nafar o‘zbekistonlik vafot etgan. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar kecha, 14 mart kuni Turkiya elchixonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Shu yilning 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzilada 48 448 kishi vafot etdi. Ulardan 7 nafari o‘zbek qardoshlarimiz. Hayotdan ko‘z yumganlarning yaqinlariga sabr tilaymiz. Xalqaro miqyosda ko‘rsatilgan yordamlarda eng oldingi safda kelgan mamlakatlardan bittasi azaliy va abadiy qardoshimiz O‘zbekiston bo‘ldi”, deydi Olgan Bekar.
Shuningdek u O‘zbekiston xalqi Prezident Mirziyoyev boshchiligida qora kunda do‘st ekanlikligini ko‘rsatgani, birinchilardan bo‘lib aynan O‘zbekiston yordam qo‘lini cho‘zganini qo‘shimcha qildi.
“O‘zbekiston davlati va xalqi tarixda ham bo‘lgani kabi bu mash’um falokatdan keyin ham doimgi oliyjanobligini namoyish etib, o‘lkamizni yolg‘izlatib qo‘ymadi. O‘zbekiston Hukumati tomonidan boshlab berilgan safarbarlik doirasida 6-13 fevral kunlari Adana viloyatiga qidiruv-qutqaruv, tibbiyot jamoalari hamda gumanitar yordamni tashuvchi 6 ta alohida kargo reysi tashkil etildi. Bu reyslar orqali davlatimizga yetib borgan 100 kishidan iborat O‘zbekiston qidiruv-qutqaruv jamoasi Hatay viloyatida qutqarish ishlarini bajardilar”, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi.
Olgan Bekarning qo‘shimcha qilishicha, 25 fevral kuni O‘zbekistonga qaytgan o‘zbek qidiruv-qutqaruv jamoasi 18 kishini tirik qutqarib, 190 kishi jasadini vayronalardan chiqarib olgan. Bundan tashqari, 8 fevral kuni yetib borgan 71 kishilik tibbiyot xodimlari Hatay viloyatida dala gospitali o‘rnatib, 3860 nafar fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatgan.
“Shu bilan birga o‘zbek qardoshlarimiz zilzila hududlariga borib, o‘zbek palovini pishirib, ehtiyojmandlarga tarqatdilar. Yig‘ilgan yordamlar orasida shoshilinch ehtiyoj bo‘lgan ashyolar “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Turk havo yo‘llari”ning kargo reyslari bilan zilzila hududlariga yuborildi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Turk havo yo‘llari”, MNG Kargo va yuk transportlari orqali bugungacha yurtimizga 674 tonna gumanitar yordam ashyolari yetkazib berildi. Shu bilan birga, moliyaviy yordamlar “Ziraat Bank Uzbekistan” orqali bevosita yoki shu bankda elchixonamiz tomonidan ochilgan zilzila yordam hisoblari orqali mamlakatimizga yuborildi. Bugungi kungacha 644 000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ to‘plandi”, deydi Olgan Bekar.
LiveBarchasi