Turkiyadagi zavodda portlash yuz berdi
Olam
−
19 iyul 2023
4115Turkiyaning Anqara viloyatida joylashgan mashinasozlik va kimyo zavodida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, portlash oqibatida 4 kishi yaralangan bo‘lib, ulardan birining ahvoli og‘ir.
“Bizning politsiyamiz, o‘t o‘chirish bo‘limi, favqulodda vaziyatlar va yordam guruhlari hududda o‘z vazifalarini bajarmoqda. Yaradorlarimizning tezroq tuzalib ketishini tilayman”, deydi Yerlikaya.
Portlashlardan so‘ng, yong‘in o‘z vaqtida o‘chirilgani tufayli tashqi binolarga zarar yetmagan.
Anqara hokimi Vasip Shahin portlash sababi aniq emasligini ma’lum qilgan. Mamlakat Adliya vaziri Yilmaz Tunch esa portlash yuzasidan tergov ishlari olib borilayotganini aytdi.
“Portlash joyi tog‘ etagida joylashgan, turar joylarga yaqin emas. Zavod 1930 yilda tashkil etilgan. Bu tarixiy joy. Chegaradagi aholi punktiga kiraverishda binolarimiz bor, lekin ishlab chiqarish joylari ancha ichkarida. Xodimlarimiz allaqachon hududdan evakuatsiya qilindi, deydi Mamak shahar hokimi Murat Ko‘se.
Ma’lumot o‘rnida, mashinasozlik va kimyo zavodi Milliy Mudofaa vazirligi qoshida mudofaa sanoati sohasida faoliyat yuritish maqsadida tashkil etilgan. Zavodda barcha turdagi qurol-yarog‘, o‘q-dori va raketalar ishlab chiqariladi.
LiveBarchasi