Turkiyadagi portlash ortidan 5 kishi hibsga olindi
Olam
−
16 dekabr 2022
4863Avvalroq, bugun, 16 dekabr kuni Turkiya janubi-sharqidagi Diyorbakir viloyatida avtomobilga joylashtirilgan bombaning portlashi oqibatida kamida sakkiz nafar politsiyachi jarohat olgani haqida xabar bergan edik. Yo‘l chetida qoldirilgan avtomobilning portlashi va politsiyachilar ketayotgan avtobusga katta zarar yetishi bilan bog‘liq ushbu holat ortidan 5 kishi gumondor sifatida qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu ma’lum qildi.
Portlash oqibatida 1 nafar fuqaro va 8 nafar politsiya xodimi tan jarohati olganini bildirgan vazir Soylu, bomba masofadan boshqarilgan bo‘lishi mumkinligini urg‘uladi.
“Diyorbakir politsiya bo‘limimiz bomba joylagan va mashinani shu yerda qoldirgan shaxsni qo‘lga oldi. So‘roq qilinayotgan shaxs transport vositasini bu yerga olib kelib, bomba tashlaganini tan oldi. 2004 yilda akasi terror tashkiloti safida bo‘lganida xavfsizlik kuchlarimiz tomonidan zararsizlantirilgan edi. Hozirda 5 kishi hibsda saqlanmoqda, bular transport vositasida birga bo‘lgan odamlar va boshqa yordam ko‘rsatganlar. Faoliyatimiz kengayishda davom etadi. Biz terror tashkilotining bunday harakatlariga tayyoramiz va baribir ularning ko‘pchiligining oldini olamiz. Terror tashkilotiga imkoniyat berilmaydi. Prezidentimizga ham ma’lumot berdik”, deydi vazir Soylu.
Turkiya Respublikasi Prezidentining voizi Ibrohim Kalin Diyorbakirdagi hujumni qoralab, jinoyatchilar jazosiz qolmasligini bildirdi.
“Yurtimiz tinchligi va xavfsizligiga ziyon yetkazganlar o‘z jazosini oladilar”, deydi u.
Ma’lumot uchun, bugun, 16 dekabr kuni soat 05:00 atrofida Diyorbakir-Mardin avtoyo‘lida harakatlanib ketayotgan politsiyachilar o‘tirgan avtobus yo‘l chetida turgan avtomobil yonidaan o‘tganida bomba portlagan.
Bu Istanbulning Istiqlol ko‘chasida sodir etilgan teraktdan keyingi ilk yirik qo‘poruvchilik harakati hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 noyabr kuni tushdan keyin Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi sayyohlar gavjum va mashhur Istiqlol ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Jarohatlanganlarning 50 nafariga shu kunning o‘zida shifokorlar uyga ketishga ruxsat bergan. 31 kishi shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafari o‘tar og‘ir ahvolda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an voqeada terror izi borligini aytdi.
Terakt sodir etilganidan 10 soat o‘tib, teraktning ijrochisi – arab millatiga mansub ayol Ahlam Albashir Istanbul politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi.
Tergov davomida u AQSHdan kelgan instruktorlar rahbarligida terrorchilik mashg‘ulotlaridan o‘tganini tan oldi.
LiveBarchasi