Turkiyada Zevs ibodatxonasi xarobalari topildi

Olam

image

Olimlar Turkiyaning Antaliya provinsiyasida joylashgan qadimiy Limira shahri hududida 43 yildan beri qidirib kelinayotgan Zevs ibodatxonasi qoldiqlarini topdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ibodatxona haqida faqatgina yozma manbalarda mavjud bo‘lib, olimlar 1982 yildan beri uni qidirib kelayotgan edi. Limira — Likiya sivilizatsiyasining eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, To‘chak tog‘i etagida, Finike tumanidan 9 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. Shahar bir vaqtlar Likiyaning poytaxti bo‘lgan, Vizantiya davrida esa muhim diniy markaz sanalgan.

Bu yerda toshga o‘yilgan qabristonlar, saqlanib qolgan mudofaa devorlari, Perikles hujrasi, 6 ming o‘rinli teatr, Rim hammomlari, Ptolemayon yodgorligi, ustunli markaziy ko‘cha va Gay Yuliy Sezarga bag‘ishlangan maqbara bor.

Qazishmalar Avstriya arxeologiya instituti bilan hamkorlikda, dotsent Qudrat Sezgin boshchiligida olib borilmoqda. U ibodatxonaning aniq joylashuvi topilgani va uning katta qismi hozirda qazib o‘rganilayotganini ta’kidladi.

“Ibodatxona borligi ma’lum, lekin qayerda ekani noma’lum edi”, deydi u.

Sezgining aytishicha, Limiraning shaharga aylanishi taxminan 2,400 yil avval boshlangan. 2023 yilda esa u “Kelajak uchun meros” loyihasiga kiritilgan.

“Biz bu yil ishni boshlashimiz bilan juda muhim topilmaga duch keldik. 1982 yildan beri faqat yozma manbalardan ma’lum bo‘lgan, ammo joyi noma’lum bo‘lgan ibodatxona topildi. Arxeologik dalillar asosida bu Klassika davri (eramizdan avvalgi VIII va milodiy V asrlar)da qurilgan Zevs ibodatxonasi ekani aniq bo‘ldi. Manbalarda Zevs bu shahar uchun ellinistik va Rim davrida bosh xudo bo‘lgani yozilgan”, deydi Qudrat Sezgin.

Olimlarning aytishicha, ibodatxonaning sharqiy kirish qismi va old devorlari ochilgan. Uning old fasadi 15 metr kenglikda bo‘lgan. Vizantiya davrida ibodatxona ustiga qal’a devori qurilgan. Ibodatxonaning asosiy qismi esa xususiy mulkdagi apelsin bog‘i ostida joylashgan. Yer davlat tomonidan sotib olingach, qazishmalar davom ettiriladi.

Ibodatxonadan topilgan sopol buyumlar Limiraning uzluksiz yashab kelgan tarixi 5 ming yil avvalga borib taqalishini ko‘rsatgan. Shuningdek, bu topilma shahar rejasiga doir avvalgi qarashlarni o‘zgartirdi: ilgari “Rim ko‘chasi” ostida topilgan monumental darvoza endi ibodatxona hududiga kirish joyi ekani aniqlandi. Oldin himoya devori deb o‘ylangan devor esa aslida ibodatxona majmuasining chegarasi bo‘lib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalarning navbatdagi kunida noyob topilma – milodiy 10-11 yuzyilliklarga oid devoriy suratlar aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya ibodatxona Zevs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing