Turkiyada Usmon Azim haqida kitob yozildi
Madaniyat-san’at
−
11 Oktabr 4093 3 daqiqa
Turkiy xalqlar adabiyoti haqida chuqur tahlillar olib boruvchi shoir, tarjimon va adabiyotshunos Fotih Sulton Yilmaz O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludining 75 yilligi munosabati bilan shoir ijodi haqidagi O‘zbek Adabiyotining Bir Fidoiysi: Usmon Azim (davr, shaxsiyat, asar) ilmiy kitobini nashr qildirdi. U bu haqda o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Ushbu kitob uch bobdan iborat. Birinchi va uchinchi boblarning muallifi Fotih Sulton Yilmaz. Birinchi bobda Usmon Azimning adabiy portreti, u ijod qilgan davr, poetikasi, adabiy shaxsiyati va asarlaridagi mavzular ilmiy metodlar asosida tahlil qilingan. Ikkinchi bobda esa o‘zbek va turk adabiyotshunos olimlarining aynan shu kitob uchun yozgan maqolalari jamlangan. Muallif o‘zbek tilida yozilgan maqolalarni turk o‘quvchilari uchun turkchaga tarjima qilgan. Shuningdek, Turkiyadan ham Shoira Ahmedova, Aleyna Koch, Nasiba Norova, Sarvinoz Ne’matova, O‘g‘iloy To‘yboyeva, Madinabonu Rahmatova, Zarnigor Sohibova kabi tadqiqotchilar kitobga hissa qo‘shgan.
%20copy%20(4)(4).jpg)
Uchinchi bobda esa muallifning Toshkentda Usmon Azim bilan yuzma-yuz qilgan suhbati joy olgan. Unda Usmon Azimning turk dunyosi va jahon adabiyoti haqidagi, ilgari hech qayerda e’lon qilinmagan fikr va mulohazalari jamlangan.
“Bu bobda siz faqat asarlari orqali tanigan shoirdan tashqari, uning ichki olamiga ham mehmon bo‘lasiz. Turk o‘quvchisiga, turkiy dunyo adabiyotiga va adabiyotshunosligiga xayrli bo‘lsin. Bismilloh”, deb yozadi muallif.
Fotih Sulton Yilmaz bu tadqiqot bilangina kifoyalanib qolmagan, u o‘tgan hafta Usmon Azim she’rlaridan iborat tarjima kitobi “Sessızce oturdum dünya içinde” nomi bilan Turkiyaning “Bengü” nashriyotida chop etilgan kitobini e’lon qilgan. Ushbu kitobda shoirning ilk to‘plamiga kirgan asarlardan to yangi she’rlarigacha bo‘lgan ijodiy yo‘l o‘rin olgan.
.jpg)
Ma’lumot uchun, Fotih Sulton Yilmaz 1995 yil 28 iyun kuni Trabzon viloyatining Ortahisar tumanida tug‘ilgan. U 2021 yilda Zamonaviy turk lahjalari va adabiyotlari yo‘nalishida magistratura ta’limini yakunlagan. 2024 yilda buyuk qozoq shoiri Abay Qunanboyev haqida yozilgan “Abayning o‘lim bilan sinovi” nomli kitobi chop etilgan. Yilmaz, shuningdek, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va ozarbayjon tillaridan turk tiliga ko‘plab she’r tarjimalarini amalga oshirgan.
Usmon Azim esa 1950 yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. U o‘zining “Insonni tushunish” nomli ilk kitobi bilan 1979 yilda adabiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Shundan so‘ng shoirning “Holat”(1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yo‘q ekan” (1995), “Saylanma” (1995), “Kuz” (2001) kabi she’riy va “Jodu” (2003), “Adibning umri” (2010), “So‘ngso‘zlar” (2020) nasriy to‘plamlari, nasr va nazmdan iborat “Kollaj” (2018) nasriy to‘plamlari nashr etilgan.
Qolaversa, Usmon Azim uch mingga yaqin she’riy asarlar muallifi sanaladi. U Gruziyaning Vladimir Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1982). “Do‘stlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim Qozog‘istonning adabiyot sohasidagi xalqaro “Alash” mukofoti bilan taqdirlangan edi.