Turkiyada “Putin” deya hayqirgan futbol muxlislari ustidan tergov boshlandi
Sport
−
29 iyul 2022
13935Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) internetda joriy yilning 27 iyul kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Yevropa Chempionlar ligasi 2-saralash bosqichi doirasidagi “Fenerbahche Istanbul” va “Dinamo Kiyev” o‘yini videosi paydo bo‘lgach, turkiyalik muxlislarga nisbatan intizomiy tergov boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” telekanali xabar berdi.
Gap shundaki, ushbu uchrashuvdan olingan videoda “Fenerbahche” ishqibozlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ismi va familiyasini bir necha bor hayqiriqlar bilan aytganini ko‘rish mumkin.
UEFA bu holatni bee’tibor qoldirmadi. Tashkilot veb-saytida "Fenerbahche" muxlislarining nomaqbul xatti-harakatlari bo‘yicha intizomiy tergov boshlangani e’lon qilindi. Bu ish yuzasidan UEFA'ning axloq va intizom inspektori tekshiruv olib boradi.
Qayd etish kerakki, Ukraina klubi o‘yinda hisobni ochganidan so‘ng, turk muxlislari Putin nomini aytib baqira boshlagan. Shunga qaramasdan, jamoalarning uchrashuvi “Dinamo”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ukrainaliklar qo‘shimcha daqiqalarda ikkinchi golni urishdi. Kiyevliklar g‘alaba qozonganiga qaramay, “Dinamo” bosh murabbiyi Mircha Luchesku o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishdan bosh tortgan.
Ammo Turkiya klubi ishqibozlari uchrashuv yakunlangandan keyin ham tinchishmagan. “Fenerbahche” mag‘lubiyatining ertasiga turkiyalik Instagram foydalanuvchilari Moskvaning “Dinamo” futbol klubi sahifasida Putinni qo‘llab-quvvatlovchi izohlar va Rossiya bayroqlari tushirilgan emojilar qoldira boshlagan.
Rossiya jamoalari 2022-2023 yilgi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etmaydi. UEFA Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli mamlakatni barcha xalqaro futbol musobaqalaridan chetlatdi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rahbari Tomas Bax ham Rossiyani tajovuzkor davlat deb atadi. Shu bilan birga, XOQ rahbari tashkilot rossiyalik sportchilarning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borishini va ayrim hollarda ular Rossiya agressiyasiga qarshi chiqish imkoniga ega emasligini tushunishini ham ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, UEFA Chempionlar ligasining navbatdagi uchrashuvida ukrainaliklar Avstriyaning “Shturm” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
LiveBarchasi