Turkiyada ko‘chada chekishga taqiq qo‘yildi
Olam
−
12 noyabr 2020
4087Turkiya Hukumati koronavirus tarqalishini to‘xtatish maqsadida fuqarolarga jamoat joylarida chekishni taqiqladi. Bu haqda "Daily Sabah" mamlakat IIVga tayanib xabar bergan.
Turkiya Ichki ishlar vazirligining buyrug‘ida ta’kidlanishicha, turar joylardan tashqari, barcha jamoat joylarida niqob taqib yurish shart qilingan. Biroq sigaret chekish vaqtida niqobni yechishga yoki pastga tushirib turishga to‘g‘ri keladi. Aynan shuning uchun, chekish taqiqlangan.
Taqiq bugun, 12 noyabrdan boshlab kuchga kirgan. Unga ko‘ra, odam ko‘p bo‘lgan ko‘chalarda, avtobus bekatlarida va shahar maydonlarida chekish taqiqlangan.
Qayd etilishicha, Istanbul va Izmirda esa bunday tadbirlar allaqachon amalga oshirilgan.
Shuningdek, Turkiya Ichki ishlar vazirligi gubernatorlarga Istanbul va Anqaradan o‘rnak olgan holda, o‘z hududlaridagi vaziyatni kuzatib borish va qariyalarga komendantlik soati joriy etishni buyurgan.
Ma’lumot o‘rnida, Istanbul va Anqarada 65 yoshdan oshgan aholi mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqishi mumkin.
Avvalroq, 4 noyabrdan boshlab, Turkiyaning 81 ta viloyatida karantin choralari kuchaytirilgani haqida xabar bergandik.
Pandemiya boshlanganidan beri Turkiyada 402 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan. 11 ming 145 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi