Turkiyada keskin inflyatsiya. Asosiy stavka ikkinchi oy o‘zgarishsiz qoldi
Olam
−
23 may 2024 5105 2 daqiqa
Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani ketma-ket ikkinchi oyda o‘zgarishsiz qoldirdi – 50 foiz. Bu haqda regulyatorning Pul siyosati kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha xabarida so‘z borgan.
“Kengash asosiy stavkani (haftalik repo auksion stavkasi) 50% darajasida saqlashga qaror qildi”, deyiladi xabarda.
Regulyatorning qarori Turkiya Markaziy banki stavkani kuzda pasaytirishga kirishishiga ishonadigan aksariyat tahlilchilarning fikriga to‘g‘ri keldi. Markaziy bank bayonotida aytilishicha, aprel oyida oylik inflyatsiyaning asosiy tendensiyasi biroz zaiflashgan va so‘nggi ko‘rsatkichlar birinchi chorakka nisbatan ichki talabning sekinlashganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, ta’kidlanganidek, aprel oyida iste’mol tovarlari importi o‘sgan, bu joriy operatsiyalar balansining yaxshilanishini cheklagan.
“Pul-kredit siyosati qattiqlashuvining kreditlash va ichki talabga ta’siri yaqindan kuzatib borilmoqda, pul-kredit siyosatining kechiktirilgan ta’sirini hisobga olgan holda, kengash stavkani o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi, ammo inflyatsiya risklari bo‘yicha o‘zining ehtiyotkor pozitsiyasini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Turkiya markaziy banki, shuningdek, qat’iy pul-kredit siyosati asosiy oylik inflyatsiya tendensiyasi sezilarli va barqaror pasayishni ko‘rsatmaguncha va inflyatsiya kutilmalari prognoz diapazoniga mos kelmaguncha davom etishini aytdi. Regulyator yilning ikkinchi yarmidan boshlab inflyatsiyaning pasayishini kutmoqda va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik maqsadni amalga oshirish uchun joriy siyosatni olib boradi.
Aprel oyi oxirida Turkiyada inflyatsiya, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir oy oldingi 68,5 foizga nisbatan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 69,8 foizga yetdi. Shu bilan birga, ENAG mustaqil iqtisodchilari guruhi o‘tgan oyda respublikada inflyatsiya darajasini 124,35% deb baholadi.
Turkiya Markaziy banki rahbari Fotih Qoraxon avvalroq Markaziy bank respublikadagi inflyatsiya 2024 yil oxirigacha 38 foizni tashkil etishini kutayotgani haqida xabar bergan edi. 2025 va 2026 yillar uchun prognozlar mos ravishda 14% va 9%.
Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani ikki yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta o‘tgan yilning iyun oyida 8,5 foizdan 15 foizga ko‘tardi, shundan so‘ng uni muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqdi. Mart oyida regulyator uni 45% dan 50% gacha oshirdi.
Live
Barchasi