Turkiyada katta “skandal”. Gulshan “hazil” sabab 3 yilga qamalishi mumkin

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 2 sentyabr kuni Turkiya Prokuraturasi xonanda Gulshan Cho‘loqo‘g‘liga nisbatan tergov harakatlarini yakunladi. Prokuratura xonandani “Jamiyatda nafrat va bo‘linish” uyg‘otganlikda ayblab, unga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi berilishini so‘ramoqda.

Agar ayblov hukmi raislik qiluvchi sudya tomonidan qabul qilingudek bo‘lsa, tez kunda taniqli xonanda sud kursisida o‘tirishiga to‘g‘ri keladi.

Gap shundaki avgust oyining so‘ngiga kelib internet tarmoqlarida turkiyalik xonanda Gulshan konsert vaqtida “Imom xatib” litseyi o‘quvchilari (Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham mana shu maktab bitiruvchisi – tahr.) sha’niga nomaqbul so‘zlar aytgani tasvirlangan bor-yo‘g‘i to‘qqiz soniyalik video yashin tezligida tarqalib ketgan. Videoda xonanda “Uning “buzuqligi”ning sababi, u Imom xatibda o‘qigan” degan so‘zni aytganini ko‘rish mumkin. Matbuot va jamoatchilikning e’tirozi ortidan xonanda ijtimoiy tarmoqlar orqali uzr so‘ragan va buni “hazil”ga yo‘ygan. Ammo, ana shu kunning o‘zidayoq Istanbul prokuraturasi tergov harakatlarini boshlagan. Kechga kelib Gulshan Cho‘loqo‘g‘li advokatlari hamrohligida dastavval politsiya idorasiga, keyinroq shahar sud binosiga keltirilgan. Videotasvir joriy yilning aprel oyidagi konsert vaqtida suratga olingani ma’lum bo‘lganidan so‘ng, xonanda “jamoatni nafrat va adovatga qo‘zg‘ash yoki haqorat qilish” ayblovi bilan sudgacha saqlab turish maqsadida “Bakirko‘y” ayollar qamoqxonasiga jo‘natilgan.

Gulshan Cho‘loqo‘g‘li holat yuzasidan ko‘rsatma bergan va o‘z yurtini sevishi, 25 yildan buyon faol ijod qilishi, video provokatorlar tomonidan tarqatilgani, ana shu so‘zni aytgan vaqtida mamlakatdagi “Imom Xatib” litseyi o‘quvchilarini nazarda tutmagani, balki Miroj ismli sozandasining laqabi “Imom” bo‘lib, u konsert vaqtida ana shu sozandasiga hazil qilganini aytgan. Shuningdek, u bu so‘zlari bilan diniy nuqtai nazardan hech kimni qoralash yoki haqorat qilish maqsadi bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.

Keyingi kunlarda qator qo‘shiqchilar, san’atkorlar, taniqli shaxslar va ko‘p sonli muxlislar Gulshanni qo‘llab-quvvatlagan. Siyosiy muxolifat vakillari ham Twitter orqali ijodkorni ozod etishni talab qilgan. 27 avgustga kelib masala xalqaro tusga kirgan, ya’ni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi “Senzura va sud ta’qibi”ning so‘z erkinligiga ta’siridan xavotir bildirgan. 

29 avgustga kelib Gulshan Cho‘loqo‘g‘li qamoqdan ozod etilgan va uy qamog‘iga hukm qilingan. Bunga advokatning xonanda qamoqqa olinishi ustidan bergan apellyatsiyasi va uning voyaga yetmagan farzandi borligi sabab bo‘lgan.

Ammo vaziyat jiddiylashishdan to‘xtamagan, Istanbul Bosh prokuraturasi byurosi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida 702 muassasa va shaxs shikoyatchi sifatida qayd etilgan.

Shikoyatchilar orasida Turkiyaning Sanoat va texnologiya vaziri Mustafo Varank, yozuvchi Emina Shenliko‘g‘li, Ayollar va Demokratiya Uyushmasi raisi Saliha Okur, KADEM Jamg‘armasi, Imom Xatiblari uyushmasi ham bor.

Gulshan Cho‘loqo‘g‘li “gumonlanuvchi” sifatida o‘rin olgan ayblov xulosasiga ko‘ra, u Turkiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha “Dushmanlik va nafratga sabab bo‘lish” va “Ijtimoiy tahqirlash” jinoyati tarkibiga kirganligi qayd etilgan.

Ayblov xulosasida, gumonlanuvchining so‘zlari va bayonotlarida ig‘vo va dushmanlarga xos munosabat, xatti-harakatlar mavjud bo‘lib, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishdan yiroq, jamoatchilikni adovatga chorlovchi, kamsituvchi muayyan xususiyatlarga ega ekanligi,  jamiyatning boshqa qismiga nisbatan adovat va kamsitishni taqozo etishi, bu fitna odamlarning bir-biriga gina-kudrat saqlashi va ommaviy janjal uchun mos ekani qayd etilgan. Ushbu ayblov xulosasi Prokuratura tomonidan sudga yuborilgan. Yuqorida qayd etilganidek, Turkiya Prokuraturasi xonanda Gulshan Cho‘loqo‘g‘liga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi tayinlanishini so‘ramoqda.

Ma’lumot uchun, Turkiyadagi “Imom Xatib” litseylari imomlarni tayyorlash uchun kasb-hunar maktabi (madrasa) o‘rniga tashkil etilgan o‘rta ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Gulshan Cho‘loqo‘g‘li 1976 yilning 29 may kuni Istanbul shahrida dunyoga kelgan. 1996 yilda “Be Adam” deya nomlangan o‘zining ilk musiqiy albomini taqdim etgan. 2004 yilga kelib xonanda Turkiyada katta musiqiy muvaffaqiyatlarga erishadi. U tomonidan ijro etilgan taronalar xitga aylana boshlaydi. 2016 yilda Gulshan tomonidan kuylangan qo‘shiqqa ishlangan videoklip YouTube'da 200 milliondan ortiq ko‘riladi va u bunday natijaga erishgan ilk turk xonandasiga aylanadi. 

Xonanda ijrosidagi “Bangir-bangir”, “Bir Ihtimal biliyorum”, “Dan Dan”, “Iltimas“, “Of Of” kabi qo‘shiqlar O‘zbekistonda ham mashhur.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing