Turkiyada hibslangan Gulbahor ozodlikka chiqdi (video)
Olam
−
21 may 6298 2 daqiqa
Avvalroq, o‘zbekistonlik Gulbahor Jumaniyozova Turkiyaning “ATV” telekanalidagi chiqishidan so‘ng, Istanbul politsiyasi tomonidan hibslangani haqida xabar berilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bir muddat Jumaniyozova mamlakatdagi “Bakırköy Kadın Kapalı Cezaevi” muassasasida saqlangan. O‘zbekiston tomoni, xususan, “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi yordamida kecha, 20 may kuni Gulbahor ozodlikka chiqqan. Jumaniyozova butun o‘zbek xalqiga, O‘zbekiston hukumatiga uni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Men boshimdan juda og‘ir kunlarni o‘tkazdim. O‘shanda hech kimi yo‘q, kelgindi kabi o‘zimni his qilgandim. Ko‘rsatuvga ham o‘zimga ishonganim uchun chiqqanman. Chunki men hech kimning haqqini yemaganman. Mening isbot-dallilarim bor edi, ammo efirda xuddi yolg‘onchi odamdek bo‘lib qoldim. Efir davomida mening telefonimni ham olib qo‘yishdi. Ko‘rsatuvdan so‘ng, meni Adliya vazirligi to‘g‘ri sudga olib bordi, suddan esa qamoqxonaga olib ketishdi. Men juda qo‘rquvga tushib qolgandim”, deydi Gulbahor.
Jumaniyozova eng oxirgi pallada jamiyat raisi Ozoda Islomova bilan bog‘langani va shu orqali O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarosini qamoqxonada ham muhofaza qilganini aytgan. U, shuningdek, hukumatning faol sa’y-harakatlari natijasida ozodlikka chiqqanidan mamnunligini qo‘shimcha qilgan.
“Vatanimga rahmat, ortimdan qamoqxonaga kelib, mendan xabar olib turishdi. Advokatlar yollashdi, pullarni to‘lab berib, meni oqladi. Ortimda vatanim turganini ko‘rib xursandligimdan yig‘ladim. Allohga shukr, endi O‘zbekistonga qaytishni istayman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, mazkur mojaro turkiyalik erkak Gulbahor Jumaniyozova tomonidan 20 ming dollarga aldab ketilganini aytganidan so‘ng boshlandi. Biroq Gulbahor Jumaniyozova iddaoni rad qilib, undan bu miqdordagi pulni olmaganini bildirdi.
Live
Barchasi