Turkiya zudlik bilan Xitoydan koronavirusga qarshi vaksina sotib oladi
Olam
−
15 dekabr 2020
4171Turkiya koronavirusga qarshi kurashish doirasida Xitoy vaksinalaridan foydalanadi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu Xitoy TIV rahbari Van I bilan telefon muloqoti vaqtida aytib o‘tgan.
Chavusho‘g‘lu Xitoy vaksinasi samarali va xavfsiz ekanini aytib, Anqara uni sotib olishini ma’lum qilgan.
“Chavusho‘g‘luning aytishicha, turk tomoni Xitoy vaksinasini xavfsiz va samarali deb biladi va allaqachon zudlik bilan preparatni sotib olishini e’lon qildi. Bu borada Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor”, deyiladi Xitoy TIV e’lon qilgan xabarda.
Shuningdek, Chavusho‘g‘lu Xitoyni epidemiyani muvaffaqiyatli cheklagani bilan tabriklagan va Pekinning vaksina ishlab chiqarishdagi yutuqlarini yuqori baholagan.
Xitoy TIV rahbari rasmiy Pekin va Anqara birgalikda epidemiyaga qarshi kurashayotganini ta’kidlab, tomonlar bir-biriga tibbiy mahsulotlar yetkazib berayotganini qayd etgan.
“Ayni paytda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini butun dunyoga tarqalmoqda. Xitoy tomoni epidemiyaga qarshi kurashda g‘alabaga erishilguncha turk xalqi bilan bir qatorda turishga tayyor”, degan Van I.
U shuningdek, Turkiyaning Xitoydan vaksina sotib olishi o‘zaro ishonchning belgisi ekanini qayd etgan.
"Xitoy tomoni qonunga muvofiq zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor. Tomonlar ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilganining 50 yilligini tantanali ravishda nishonlashlari, siyosiy ishonchni mustahkamlashlari va barcha sohada hamkorlikni rivojlantirishlari kerak”, degan xitoylik vazir.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirini Fahriddin Kojaning ma’lum qilishicha, rasmiy Anqara aprelgacha koronavirusga qarshi 100 mln doza vaksina sotib oladi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyada koronavirusga chalinganlar 1,8 mlndan oshgan. 16 ming 417 nafar bemor virus qurboni bo‘lgan.
LiveBarchasi