Turkiya Jahon chempionatida antirekord o‘rnatdi
Sport
−
20 iyun 3709 1 daqiqa
Turkiya terma jamoasi Jahon chempionati tarixida ilk bor ikki o‘yinda 62 ta zarba yo‘llab, birorta ham gol urolmagan jamoaga aylandi. Bu haqda “Opta” statistika portali xabar berdi.
Turklar guruh bosqichining dastlabki ikki uchrashuvida Avstraliyaga 0:2 va Paragvayga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini muddatidan avval yo‘qotdi. San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan “D” guruhining ikkinchi tur bahsida Paragvay bir futbolchisi maydondan chetlatilganiga qaramay, Turkiyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Guruh bosqichidagi ikki o‘yin davomida Turkiya futbolchilari raqib darvozasi tomon 62 marta zarba bergan. “Opta” ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1966 yildan beri yuritib kelinayotgan statistikada ikki o‘yinlik davrda gol urmasdan qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, portal Turkiya terma jamoasi himoyachisi Abdulkarim Bardakchining ham rekord qayd etganini ma’lum qilgan. U Paragvayga qarshi bahsda amalga oshirgan barcha 98 ta uzatmasini aniq bajarib, Jahon chempionatlari tarixida bir o‘yinda xatosiz eng ko‘p uzatma bergan futbolchilar qatoriga kirgan.
Ma’lumot uchun, hozirga kelib Turkiya va Gaiti terma jamoalarining Jahon chempionatida keyingi bosqichiga chiqolmasligi aniq bo‘lib ulgurdi.
Live
Barchasi