Turkiya maktablarida oqayotgan qon yoxud yoshlar izdan chiqdi
Tahlil
−
18 aprel 4394 14 daqiqa
So‘nggi oylarda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar, maktab va universitetlarda zo‘ravonlik, hatto qotillik bilan bog‘liq Turkiyaga oid xabarlar ketma-ket yangramoqda. Bu hodisalar endi alohida epizod emas, balki tizimli tendensiyaga aylanib borayotgandek taassurot qoldiryapti. Ilm maskani bo‘lgan maktablarda o‘z o‘qituvchisini (ustozini) o‘ldirgan yoshlar haqida o‘qib, butun turkiy olamga yetakchilik qilishga da’vo qilayotgan davlatda axloq va qonun qay darajada qadrsizlanib qolgani to‘g‘risida savollar paydo bo‘ladi.
Turkiya davlati ma’muriyati ham buni ochiq tan olib, keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Xususan, 13 apreldan boshlab maktablarning politsiya tomonidan qo‘riqlanishi yo‘lga qo‘yilgani vaziyat qanchalik jiddiylashganining yaqqol belgisi sifatida talqin qilish mumkin.
Jinoyatlar xronikasi
Turkiya yoshlari orasida zo‘ravonlikning qay darajda avj olganini bilish uchun yil boshidan buyon bo‘lib o‘tgan jinoyatlar tarixiga nazar tashlash yetarli. 2026 yil Turkiyada yoshlar jinoyatchiligi oddiy statistik ko‘rsatkich emas, balki jamiyatni xavotirga solayotgan ketma-ket voqealar zanjiriga aylandi.
Yil boshidayoq, Istanbulda 15 yoshli o‘smirning janjal ortidan tengdoshini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabarlar Istanbulni larzaga solgan edi. 14 yanvar kuni Istanbulning Gungo‘ren tumanidagi kafeda bir guruh yoshlar o‘rtasida oddiygina “buqa qarash” sababli boshlangan kelishmovchilik bir zumda pichoqbozlikka aylanib ketadi. Natijada 17 yoshli Atlas Chag‘layan ismli o‘smir yigit 15 yoshli E.Ch tomonidan o‘ldiriladi. Jarohatlangan yigit Bag‘jilar shifoxonasiga olib ketiladi, ammo tezkor muolajalar ham unga yordam bera olmadi.
Asosiy gumondor voqeadan ko‘p o‘tmay hibsga olinib, Karatepe voyaga yetmaganlar qamoqxonasiga olib ketilgan. Bakirko‘y Bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, tergov doirasida olti kishi hibsga olingan.
Chag‘layanning o‘limi Turkiyadagi o‘smirlar jinoyatining birinchisi ham oxirgisi ham emas edi. Shu yilning 2 mart kuni Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anado‘lu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgani haqidagi xabarlar nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qayd etilishicha, 17 yoshli o‘quvchi F.S.B. o‘qituvchilar – 44 yoshli Fotima Nur Chelik, 52 yoshli Z.A. va 15 yoshli o‘quvchi S.K.ga pichoq bilan hujum qilgan. Politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari hodisa haqida xabar yetkazilishi bilanoq voqea joyiga yetib borgan. Jarohat olgan uch kishiga esa, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, so‘ng ular shifoxonaga olib ketilgan. Og‘ir jarohat olgan biologiya fani o‘qituvchisi Fotima Nur shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yoshli F.S.B. hodisadan ikki kun oldin otasi tomonidan Bakirko‘y Mazhar Usmon ruhiy hastaliklar shifoxonasidan chiqarilgan bo‘lgan. Shifoxonadan chiqqach, u maktab dars jadvalini tekshirgan. O‘quvchi Fotima Nurning qaysi vaqtda qaysi sinfda bo‘lishini aniqlab, hatto reja ham tuzgan. Ertasi kuni ertalab maktabga borib, bevosita o‘qituvchining sinfiga bostirib kirgan.
Joriy yilning 2 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida sinfga kirgan F.S.B. birinchi bo‘lib o‘qituvchi Fotima Nurga, so‘ng uni to‘xtatishga harakat qilgan 15 yoshli o‘quvchi S.K.ga ham pichoq bilan hujum qilgan. Pichoqbozlikni to‘xtatishga uringan boshqa bir o‘qituvchi Z.A. ham yelkasidan jarohat olgan.
E’tiborli jihati shundaki, gumonlanuvchi 2025 yilda maktabda boshqa janjalga aralashgan, vafot etgan o‘qituvchi Fotima Nur esa, Intizom qo‘mitasining yig‘ilishida ushbu o‘quvchi haqida so‘z ochib, “hayotimiz xavf ostida”, deya ogohlantirgan.
Gumondor F.S.B. esa, o‘z ko‘rsatmasida sevgilisi bilan ajrashgani uning ruhiy holatiga ta’sir qilganini aytgan.
“Voqeadan ikki kun oldin sevgilimdan ajrashgandim. Shu sabab maktabga psixolog Shayda ustoz bilan gaplashish uchun bordim. Uni qidirdim, lekin topa olmadim. Tasodifan bir sinfga kirib, kimni birinchi ko‘rgan bo‘lsam, o‘shanga hujum qildim. O‘zimni nazorat qila olmayotgandim. Tasodifan pichoqladim. Yonimda doim pichoq olib yurardim. Bu faqat o‘sha kunga xos narsa emas edi”, degan u.
Mazkur voqeadan so‘ng Turkiyaning 81 viloyatida “Maktabda o‘lmoqchi emasmiz!”, “Hayot xavfsizligi yo‘q”, “Zo‘ravonlik to‘xtatilsin!”, “Maktablarda xavfsizlik choralari kuchaytirilsin” shiorlar bilan o‘qituvchilar bir kunlik ish tashlash ham o‘tkazgan. Ayrim norozilik namoyishlarida ta’lim vazirining iste’fosi kabi talablar ham ilgari surilgan.
Voqea Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ham e’tiboridan chetda qolmadi. U ustozlarga hurmatsizlik qabul qilib bo‘lmas holat ekanini aytdi.
“Chekmeko‘ydagi litseyda sodir bo‘lgan vahshiyona hujum oqibatida vafot etgan o‘qituvchimizga Allohdan cheksiz rahmat tilayman. Marhum o‘qituvchimizning oilasi va yaqinlariga sabr, yurtimizga buyuk fidoyilik bilan xizmat qilgan ta’lim jamoamizga esa, ta’ziya izhor qilaman. Qo‘llari o‘piladigan (qo‘l o‘pish Turkiyada hurmatni ifodalaydi) o‘qituvchilarimizga nisbatan sodir etilgan bu harakatni hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Zo‘ravonlikni qo‘ya turaylik, hatto Hazrati Ali (r.a.) aytgan: “Menga bir harfni o‘rgatgan o‘qituvchining 40 yil quli bo‘laman”. Shunday ustozlarga hurmatsizlik qilish bizning e’tiqodimiz va madaniyatimizda qabul qilib bo‘lmas holat. Bosh prokuraturamiz va Adliya vazirligimiz ma’muriy tergovni boshladi. Bu voqea butun xalqimizni chuqur qayg‘uga soldi, va biz buni qat’iy nazorat ostiga olib, aybdorlar o‘zlarining haqiqiy jazosini olishlari uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz. Shu hujumda yaralangan o‘qituvchimiz va o‘quvchimizga ham Allohdan shifo tilayman. Robbim o‘qituvchimiz Fotima Nurning joyini jannatda qilsin”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Hali aprel oyi nihoyasiga yetmasdanoq Turkiyada ketma-ket ikki o‘smir jinoyati qayd etildi. 14 aprel kuni Turkiyaning Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan Ko‘yunju kasb-hunar va texnik Anadolu litseyida qurolli hujum sodir bo‘ldi. Hujum oqibatida 18 kishi jarohatlangan. Ularning orasida 12 nafar o‘quvchi, 2 nafar o‘qituvchi va 2 nafar fuqaro bo‘lgan.
Guvohlardan biri jinoyatchi 17-18 yosh atrofidagi yigit bo‘lganini aytgan.
“U 17–18 yoshlar atrofidagi bola edi. Asosiy eshikdan kirishi bilan qo‘lida uzun stvolli qurol bilan o‘q ota boshladi. Avval o‘ngga-chapga, keyin esa maktab ichiga qarata o‘q uzdi. Ichkariga kirib, oldidan chiqqan har kimga o‘q uzdi. Keyin hamma qichqirib, har tomonga qochishni boshladi”, deydi hodisa guvohlaridan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sodir etgan yigit voqea joyini tark etgach o‘z joniga qasd qilgan. Shonliurfa viloyati hokimi Hasan Shildak ma’lumotiga ko‘ra, u o‘lik holda topilgan.
“Bu shaxs litseyning sobiq o‘quvchisi bo‘lib, 9-sinfgacha o‘qigan. Keyinchalik onlayn ta’limga o‘tgan. U voqea sodir bo‘lganida litsey ichida politsiya tomonidan o‘rab olingan va u yerda o‘z joniga qasd qilgan”, deydi viloyat hokimi.
Ayni paytda voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Oradan bir kun o‘tib, ya’ni 15 aprel kuni Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida talaba kampusdagi boshqa talabalarga uzun tig‘li xanjar bilan hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Qayd etilishicha, janjal ikki guruh talabalari orasida yuz bergan. Voqea “Ege universiteti” metro bekatining kirish qismida sodir bo‘lgan. Talabalar kasaba uyushmasiga aloqador bir guruh yoshlar varaqa tarqatayotgan paytda ularga qarshi boshqa bir guruh bilan tortishuv kelib chiqqan.
Hodisa oqibatida B.Y. va Y.A. ismli talabalar jarohat olgani va ular shifoxonaga yetkazilgani ma’lum qilingan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda. Hodisa haqida xabar berilgach, universitetga politsiya xodimlari yetib borgan. Holat yuzasidan rasmiy tergov ishlari boshlangan.
15 aprel kuni Turkiyaning Qahramonmarash shahridagi Ayser Chalik o‘rta maktabida ham otishma yuz berdi. Oqibatda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, ular orasida sakkiz nafari o‘quvchi va bir nafar o‘qituvchi bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolmoqda. Ulardan olti nafari jonlantirish bo‘limida, uch nafari esa og‘ir ahvolda qolmoqda.
Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q uzgan shaxs 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan va yonida beshta to‘pponcha borligi aniqlangan. U avval maktab hovlisida havoga o‘q uzgan, so‘ngra maktab ichiga kirib, o‘q uzishda davom etgan. Hujumdan so‘ng u ham o‘z joniga qasd qilgan.
Turkiyaning “Yeni Şafak” axborot agentligining xabar berishicha, jinoyat sodir etgan shaxsning politsiyachi otasi Ug‘ur Mersinli o‘g‘lini ikki oy davomida psixolog ko‘rigiga olib borgan va mutaxassis bolada ruhiy muammolar borligini ta’kidlagan. Otasining aytishicha, o‘g‘lining qurolga qiziqishi oshganini sezganidan so‘ng, unga qurol ishlatish texnikasini o‘rgatgani va agar u maktabda yaxshi o‘qisa, kelajakda unga qurol sotib olishga va’da bergan.
Bunday o‘xshash ssenariylarning takrorlanishi Turkiya jamiyatini xavotirga solmoqda. To‘kat viloyatining Niksar shahrida 11-sinf o‘quvchisining “Navbat Ahmad Oltikulach litseyiga” mazmunida tarqatgan xabaridan so‘ng, Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi o‘quvchini gumondor sifatida qamoqqa oldi.
Shu kabi holat Zonguldak viloyatida ham sodir etilgan bo‘lib, Fener Anadolu o‘rta maktabida o‘qiyotgan 17 yoshli B.T.A. ismli shaxs WhatsApp guruhida o‘z maktabiga hujum qilishi haqida tahdidli xabarlar yuborgan. Bu postlar o‘quvchilar va ota-onalarni xavotirga soldi. Zonguldak prokuraturasining ko‘rsatmalariga binoan, politsiya guruhi B.T.A.ning uyida reyd uyushtirgan va tintuv davomida o‘smirning xonasidan 6 ta bo‘sh to‘pponcha (xolostoy) o‘qi topildi. B.T.A. Bolalar bo‘limi boshqarmasi guruhi tomonidan hibsga olindi.
Qatorasiga sodir etilgan bunday jinoyatlardan so‘ng, Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilandi.
Turkiyaning “Yeni Şafak” manbasiga ko‘ra, Qahramonmarashdagi maktabga qilingan hujum fonida zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi provokativ Telegram guruhlarni aniqlash yuzasidan tekshiruv boshlangan. Mazkur tekshiruvlar natijasida Isroil bayrog‘i ostida tashkil etilgan va 100 ming faol a’zoga ega bo‘lgan “S31K” nomli Telegram guruh aniqlangan. Undagi suhbatlarda otishma sodir etgan shaxslar, yangi hujumlar uchun joy borligi va sana ham belgilangani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng, 940 ta Telegram akkauntga cheklov qo‘yilgan, 93 ta Telegram guruh yopilgan va 83 nafar gumonlanuvchiga nisbatan hibsga olish qarori chiqarilgan.
Turkiyadagi “trend” sabablari
Turkiyada yoshlar jinoyatchiligining keskinlashuvi alohida hodisalar yig‘indisi emas, balki jamiyatning turli qatlamlarida sodir bo‘layotgan chuqur o‘zgarishlarning natijasidir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu jarayonni tushunish uchun faqat jinoyat faktlariga emas, balki uni yuzaga keltirayotgan ijtimoiy muhit, media ta’siri, iqtisodiy bosim va xavfli omillarning kesishgan nuqtasiga qarash kerak.
Avvalo, ijtimoiy muhitdagi yemirilish asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Turkiyada oila tuzilmasining o‘zgarishi, ajrimlar sonining ortishi va an’anaviy qadriyatlarning zaiflashuvi yoshlar xulq-atvoriga bevosita ta’sir qilmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, internet va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirib, yoshlar orasida yolg‘izlik va begonalashuvni kuchaytiradi. Bu esa nazorat va ijtimoiy “filtrlar”ning yo‘qolishiga olib keladi. Natijada, bola jinoyatni jamiyatga qarshi og‘ish emas, balki o‘zini namoyon qilish vositasi sifatida qabul qila boshlaydi.
Ikkinchi muhim omil — media va raqamli muhitning agressivlashuvi. Tadqiqotlar ommaviy axborot vositalari va ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot beruvchi, balki xulq shakllantiruvchi kuchga aylanganini ko‘rsatadi.
Turkiya Radio va televideniye kengashi (RTÜK) a’zosi Ilhan Tashchi Turkiya telekanallarida deyarli har kuni mafiya mavzusidagi va zo‘ravonlik sahnalari bo‘lgan seriallar namoyish etilayotganini aytgan.
“Bunday sahnalar ayniqsa bolalar va o‘smirlar uchun xavfli. Qurol va jinoyat sahnalarini muntazam tomosha qilish yoshlarning bunday qahramonlarga taqlid qilishiga olib kelishi mumkin”, deydi Tashchi.
U shuningdek, seriallarda jinoyatchilarni oqlash va hatto ularni qahramon darajasiga ko‘tarish holatlari tez-tez uchrayotgani jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirishini aytib o‘tdi.
Hatto O‘zbekistonda ham ma’lum va mashhur bo‘lgan turk seriallaridagi zo‘ravonlik sahnalari, kriminal «qahramonlar» va tez boyish g‘oyalari yoshlar ongida buni normal holat sifatida shakllantirmoqda. Bundan ham xavflisi — ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlik ortidan quvish, tanilish uchun agressiya qilish tendensiyasi paydo bo‘lmoqda. Ya’ni, jinoyatni endi yashirishmayapti, balki ba’zan namoyishkorona amalga oshirish “moda” bo‘lyapti.
Uchinchi sabab — iqtisodiy bosim va ijtimoiy tengsizlik. Turkiyada so‘nggi yillardagi iqtisodiy qiyinchiliklar, inflyatsiya va yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi ijtimoiy stressni keskin oshirdi. Tadqiqotlar jinoyat ko‘pincha ijtimoiy muhit bilan bog‘liq ekanini, ayniqsa ta’lim, ish va ijtimoiy imkoniyatlar cheklangan hududlarda xavf yuqori bo‘lishini ko‘rsatadi. Kapitalizm va bozor iqtisodiyoti Turkiya jamiyatida iqtisodiy tengsizlikni kuchaytirayotgan omil bo‘lib ko‘rinmoqda. Bunday sharoitda jinoyat ayrim yoshlar uchun tez pul topish yoki ijtimoiy statusga erishish vositasiga aylanadi. Bu esa, “jinoyat iqtisodiyoti”ni yoshlar ongida “legitimlashtiradi”.
To‘rtinchi omil — tengdoshlar va tashqi ta’sirning kuchayishi. Turkiyada olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yoshlar xulqi ko‘p jihatdan atrofidagi doira orqali shakllanadi. Agar bola jinoyatni normal deb biladigan guruhda bo‘lsa, uni ham shu yo‘lga kirish ehtimoli yuqori. Bu esa jinoyatchilikning “yuqumli” xususiyatga ega ekanini anglatadi. Ayniqsa, shahar periferiyalarida va ijtimoiy nazorat sust hududlarda bu jarayon tezlashyapti.
Beshinchi, eng xavotirli omillardan biri — qurol va giyohvand moddalar bilan bog‘liq omillar. Rasmiy jihatdan Turkiyada qurol erkinligi cheklangan bo‘lsada, noqonuniy qurollarning aylanishi yoshlar orasida zo‘ravonlik darajasini keskin oshirmoqda. Jinoyat shaklining oddiy mushtlashuvdan pichoqlash va otishmaga o‘tishi aynan shu bilan bog‘liq. Yuqorida keltirilgani kabi otasining to‘pponchasini o‘g‘irlash holatlari ham bugun Turkiyada tez-tez uchrovchi holatga aylanib qolyapti. Shu bilan birga, giyohvand moddalar savdosining kengayishi yoshlarni nafaqat iste’molchi, balki tarqatish zanjirining bir qismiga aylantirmoqda.
Eng muhim va tanqidiy nuqta esa — davlat siyosatining yetarli emasligi. Istanbul universiteti tadqiqotiga ko‘ra, Turkiyada voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga qarshi kurash asosan jazoga asoslangan bo‘lib, ijtimoiy ildizlarga yetarlicha e’tibor qaratilmaydi. Bu esa, muammoni hal qilish o‘rniga uni qayta ishlab chiqaradi. Ya’ni tizim bolani jinoyatdan saqlamaydi, balki jinoyat sodir etgach jazolaydi.
“S31K” telegram guruhi kabi Isroil bilan aloqador jinoiy tarmoqlarning aniqlanishi – muammo faqatgina ichkaridagi muhit bilan aloqador emasligini ko‘rsatadi. Garchi rasmiy manbalarda bunday guruhlarning Isroil bilan qanday aloqadorligi haqida aniq ma’lumotlar ochiqlanmagan bo‘lsada, Yaqin Sharqda gegemonlikka da’vogar Isroilning Turkiya bilan raqobati tabiiy.
Xulosa shuki, Turkiyada yoshlar jinoyatchiligining o‘sishi — bu birgina sabab bilan izohlanadigan hodisa emas. Bu ijtimoiy muhitning yemirilishi, media bosimi, iqtisodiy tanglik va xavfli tashqi omillarning birlashgan natijasidir. Agar bu muammoga faqat xavfsizlik choralarini kuchaytirish orqali javob berilsa, u holda bugungi jinoyatlar ertangi kunning oddiy statistikasi bo‘lib qolaveradi.
Nimalar qilinmoqda?
Turkiyada yoshlar jinoyatchiligining keskin oshishi ortidan rasmiylar nihoyat muammoni inkor etish bosqichidan chiqib, tizimli choralar ko‘rishga o‘tmoqda. Ammo bu choralar qanchalik samarali — bu hali ochiq savol bo‘lib qolmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat parlamenti darajasida maxsus komissiya tuzilib, bolalarni jinoyatga “tortayotgan” omillarni chuqur o‘rganish boshlandi. Bu komissiya nafaqat jinoyat faktlarini, balki uning ildizlarini aniqlash va profilaktik siyosat ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda.
Voyaga yetmaganlar jinoyati sabablarini o‘rganish uchun tuzilgan parlament qo‘mitasi shu yilning 4 mart kuni navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi. Aynan shu yig‘ilishda qo‘mita faoliyatini yana bir oyga uzaytirish qarori qabul qilindi. Qo‘mita a’zolari yig‘ilishda voyaga yetmaganlarni jinoyatga olib kirayotgan asosiy omillarni aniqlash, ya’ni ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit, ta’lim tizimi va jinoyat guruhlarining ta’sirini kompleks o‘rganishga urg‘u berdi.
Rasmiy ritorikada muhim o‘zgarish seziladi: endi gap faqat jazolash haqida emas, balki oldini olish va reabilitatsiya haqida ham ketmoqda. Hukumat vakillari bolalarni jinoyatga olib boradigan muhitdan uzoqlashtirish, jinoyat sodir etganlarni esa jamiyatga qayta integratsiya qilish zarurligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, amaliy choralar ikki yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchisi — jazoni kuchaytirish. Yangi qonunchilik tashabbuslari voyaga yetmaganlar uchun beriladigan yengilliklarni qisqartirish, ayniqsa 15–18 yosh oralig‘idagi jinoyatchilar uchun jazo choralarini qat’iylashtirishni nazarda tutadi. Rasmiylar bu orqali jinoyatchilikka qarshi “to‘sqinlik effekti”ni kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Biroq tanqidchilar bu yondashuv muammoning ildiziga emas, faqat oqibatiga zarba berayotganini ta’kidlaydi.
“Yechim – jazo muddatini oshirish yoki yangi qamoqxonalar qurish emas. Bizga samarali himoya choralari, turli vazirliklar o‘rtasida yaxshi sinxronlashtirilgan raqamli ma’lumotlar tizimi va bolalarni yaxshiroq tekshirish va monitoring qilish kerak. Bizga bolalarni jinoyatchilik doirasidan qutqaradigan samarali reabilitatsiya kerak”, dedi "Yangi yo‘l" siyosiy partiyasi deputati Elif Esen.
Ikkinchi yo‘nalish — ijtimoiy va profilaktik siyosatni kuchaytirish. Hukumat yangi dasturlar orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlash, maktablarda psixologik xizmatlarni kengaytirish va yoshlarni ijtimoiy hayotga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, parlament komissiyasi ta’lim tizimi, mahalliy hokimiyat va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasida koordinatsiyani kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu esa jinoyat sodir bo‘lishidan oldin aralashuv mexanizmlarini yaratishga urinish sifatida ko‘rilmoqda.
Alohida e’tibor qaratilayotgan yo‘nalishlardan biri — raqamli muhit nazorati. Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar xulqiga ta’siri ortib borayotgani sababli, hukumat ularni tartibga solishga kirishdi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yoshini 15 ga ko‘tarish va foydalanuvchilarni majburiy identifikatsiyadan o‘tkazish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu choralar onlayn zo‘ravonlik va kriminal kontent ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Biroq umumiy manzara shuni ko‘rsatadiki, Turkiyada olib borilayotgan siyosat hanuz ikki qarama-qarshi yo‘l orasida qolib ketgan: bir tomonda jazoni kuchaytirish, ikkinchi tomonda esa ijtimoiy ildizlarni bartaraf etishga urinish. Rasmiylar “profilaktika” haqida gapirayotgan bo‘lsada, amaliyotda jazoga asoslangan yondashuv hanuz ustun.
Natijada, bugungi choralar muammoni to‘liq hal qiladimi yoki faqat vaqtincha bosadimi — bu hali noma’lum. Ammo aniq bir haqiqat bor: agar siyosat haqiqatan ham bolani jinoyatdan himoya qilishga emas, balki jinoyatdan keyin jazolashga qaratilsa, unda bu kurash uzoq davom etadigan siklga aylanishi mumkin.
Live
Barchasi