YPX xodimi o‘qituvchini haqorat qildi, yiqitdi va majburlab mashinaga o‘tqizdi

Jamiyat

image

YouTube’da yo‘l-patrul xizmati xodimi va fuqaro o‘rtasida sodir bo‘lgan voqea tasvirlangan video tarqaldi. Unda shaxsi noma’lum bo‘lgan yo‘l-matrul xizmati xodimi fuqaroga zo‘ravonlik qilib, uni majburlab, xizmat avtomobiliga o‘tqizganini ko‘rish mumkin. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rasmiy bayonot berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu holat Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani hududidagi harbiy poligonda joriy yilning 11 yanvar kuni sodir bo‘lgan. 

“14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘layotganligi sababli “Farg‘ona-Chimyon” yo‘li YPX xodimlari tomonidan yopilgan vaqtida, Farg‘ona tumani Oqbilol qishlog‘idagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarini poligondagi tadbirga o‘qituvchilar hamrohligida avtobusda olib kelingan. Shu hududda xizmat olib borayotgan Farg‘ona viloyati IIB YHXB YPX inspektori I.Odilov maktab o‘qituvchilariga tadbir sababli yo‘l yopilganligini, rahbarlardan ruxsat so‘rash kerakligini aytgan vaqtida, o‘qituvchi: “menda ruxsatnoma bor, o‘tishim kerak” deb, inspektorga qo‘pol muomila qilgan va inspektor bilan maktab o‘qituvchisi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, maktab o‘qituvchisi YPX xodimini haqorat qilgani uchun xodim uni yerga yiqitib, patrul avtomobiliga o‘tqizmoqchi bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan nazoratga olinib, ayni paytda xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Qisqa fursatlarda ushbu holat bo‘yicha batafsil ma’lumot beramiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Qayd etish lozimki, ushbu videoning ovozi o‘chirilmagan talqinida YPX xodimi o‘qituvchini haqorat qilayotgani eshitiladi. 

QALAMPIR.UZ mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, mazkur holat alohida nazoratga olingan va surishtiruv ishlari boshlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

IIV YPX

Baholaganlar

307

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing