Turkiya O‘zbekistondagi tarixiy masjidni restavratsiya qilib bermoqchi

Jamiyat

image

Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) Buxorodagi Ark qo‘rg‘oni hududida joylashgan qadimiy Jomiy masjidini ta’mirlash uchun qariyb 5 milliard so‘m (taxminan 450 ming dollar) ajratadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Turkiya tomoni XVIII asrda qurilgan va qadimiy Buxoroning tarixiy-me’moriy yodgorliklaridan biri bo‘lgan Jome’ masjidini restavratsiya qilish uchun 4,5-5 milliard so‘m ajratishi rejalashitirilgan”, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar tomonidan aniqlanishicha, masjidning shiftini tozalash, balkalarda yoriqlarni tuzatish va ziyon yetgan to‘sinni almashtirish lozim. Shuningdek, shimoliy, sharqiy va janubiy tarafda joylashgan ayvonlarning shiftidagi konstruksiyalar, sarrov, vassa va balkalarni chirk bosgan bo‘lib, ularni qo‘l mehnati bilan tozalash kerak. 

Bundan tashqari, ayvonlar va ustunlarni tozalash, yoriqlarini to‘ldirish va shimoliy fasaddagi ikkita ustunni yangidan yasab, o‘rnatish lozim.

O‘tgan vaqt davomida olib borilgan turli ta’mirlash ishlari natijasida masjidning tarixiy ahamiyatga molik qismlariga zarar yetkazilgan. Xususan, masjid hamda ayvon devorlaridagi ganch o‘ymakorlik ishlari — daxana, rax, zanjira, davripoyi, ruta, kitoba sharefa, ravoqli bezaklari usti bir necha marotaba “vodoemulsiya” qilingan bo‘lib, ayrim qismlari “melovaya pobelka” bilan bo‘yalgan. Natijada bezaklar usti yopilib qolgan va restavratsiya davomida uning tarixiy ahamiyatini tiklash zarurati yuzaga kelgan.

Rejalashtirilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari davomida bezaklar qaytadan tozalanib, o‘ymakorlik ishlari bajarilishi va avvalgi holatiga keltirish kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil davomida O‘zbekistondagi 34 ta madaniy meros ob’ektida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun davlat byudjetidan 75 mlrd so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing