Turkiya Suriyada keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin – WSJ
Olam
−
17 dekabr
4372Turkiya Suriya bilan chegarada qo‘shinlar to‘plamoqda, bu esa uning keng ko‘lamli bosqinga tayyorlanayotganini ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda amerikalik rasmiylarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Ularning aytishicha, AQSH Turkiya “Suriya bilan chegarada qo‘shinlar to‘playotgani”idan xavotirda. AQSH rasmiylaridan biriga ko‘ra, Turkiya operatsiyasi yaqinlashayotgan bo‘lishi mumkin.
“Biz diqqatimizni shunga qaratganmiz va vazminlikni talab qilamiz”, dedi AQSH rasmiysi.
Avvalroq “The Washington Post” gazetasi Suriyada Bashar Asad hukumati qulagandan so‘ng hokimiyatga kelgan harbiy guruhlar koalitsiyasiga kiruvchi turkparast kuchlar va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kurd kuchlari ishtirokida fuqarolar urushi boshlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Nashrning qayd etishicha, Suriya muxolifatining bo‘linishi, shuningdek, Isroil, Turkiya va AQSHning arab respublikasi ishlariga aralashuvi davom etishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Qayd etilishicha, turkiyaparast guruhlarning keyingi olg‘a siljishi, ehtimol, kurd kuchlarini chekinishga majburlashi mumkin va bu AQSHning Suriyadagi harbiy mavjudligiga tahdid soladi.
Suriyaning sharqiy va shimoli-sharqida joylashgan Dayr-az-Zor, Raqqa va Xasaka viloyatlarining aksariyati hozirda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) tomonidan nazorat qilinadi. 2015 yildan beri Amerika qo‘mondonligi hududda to‘qqizta harbiy baza yaratgan. Kurdlar Suriyaning 25 foizini nazorat qiladi.
Noyabr oyi oxirida qurolli muxolifat guruhlari Suriya armiyasi pozitsiyalariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshladi. 8 dekabr kuni ular Damashqqa kirishdi, shundan so‘ng hukumat bo‘linmalari shaharni tark etishdi. Asad Suriya prezidenti lavozimini tark etdi va hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, Rossiyaga jo‘nab ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 14 dekabr kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Turkiya elchixonasida 12 yillik tanaffusdan keyin ushbu mamlakat missiyasi o‘z faoliyatini qayta boshlagandi.
LiveBarchasi