Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqishda davom etmoqchi

Olam

image

Ayni damda Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha Turkiya bilan tuzilgan memorandum shartlarini yetarli darajada bajarayotgani yo‘q. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bugun, 16 fevral kuni Anqarada NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Bugun, 16 fevral kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bir qator masalalar, jumladan Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish masalasini muhokama qilish hamda 6 fevralda Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila munosabati bilan Turkiyaga hamdardlik bildirish maqsadida Turkiyaga keldi. 

Chavusho‘g‘li Shvetsiyaning NATOga a’zoli masalasiga to‘xtalarkan, shunday dedi: 

“Bugungi muzokaralarimiz davomida Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi masalasini ham muhokama qildik. Biz bu davlatlar Madridda imzolangan memorandum bo‘yicha o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarishlarini kutayotganimizni yana bir bor ta’kidladik. Ular provokatsiyalarni to‘xtatish zarurligi haqida gapirdilar. Men boshqa narsalar qatorida Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda Qur’onga qarshi provokatsiyalarni nazarda tutyapman”.  

Vazir so‘zida davom etarkan, Shvetsiya memorandum majburiyatlarini bajarmay kelayotganini urg‘uladi. 

“Shvetsiya bizning memorandumimiz bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yetarli darajada bajardi deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ha, ular [xavfsizlik sohasidagi] qonunlarni o‘zgartirdilar, ammo shunga qaramay, terrorchilar, Kurdiston ishchilar pratiyasi u yerdagi faoliyatini davom ettirmoqda. Biz Shvetsiya va Finlyandiya tomonidan ba’zi ijobiy qadamlarni tan olamiz va ko‘rmoqdamiz, ular haqiqatan ham tashlangan. Lekin majburiyatlar hali to‘liq bajarilmagan”, deydi Chavusho‘g‘li. 

Turkiya vazirining ta’kidlashicha, Anqara NATOning boshqa ittifoqchilari bilan Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga qo‘shilish arizalarini alohida ko‘rib chiqish variantini muhokama qilgan.  

“Turkiya ittifoqni mustahkamlash tarafdori va har doim NATOga imkon qadar yordam beradi. Biz ittifoqchilar bilan bu masalani alohida ko‘rib chiqishda muhokama qildik. Ha, bu ikki davlat ham NATOga a’zo bo‘lish jarayonini birgalikda olib borishga qaror qilishdi. Avval aytganimizdek, Finlyandiyaga nisbatan alohida shikoyatlarimiz yo‘q, ammo Shvetsiya bilan majburiyatlarni bajarish borasida jiddiy muammolar mavjud”, deydi u.  

Chavusho‘g‘lining qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Finlyandiya arizasini Shvetsiyadan alohida ko‘rib chiqishi mumkin, ammo bu vaziyatda ham Anqara oldidagi barcha majburiyatlarni bajarish ustuvor bo‘lib qoladi. 

2022 yil 18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. O‘tgan yilning 28-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tadigan sammitida Stokgolm va Xelsinki ittifoqqa qo‘shilish taklifini olishi kutilgan edi, biroq Turkiya vetosi bu jarayonga to‘sqinlik qildi. Anqara bu ikki davlatning terrorizmga oid qonunlarini o‘zgartirishni, PKK va PYD tashkilotlarini terrorchi deb tan olishni, shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiya tomonidan Turkiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni talab qilmoqda. Vengriya hali Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni ratifikatsiya qilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing