Turkiya prezidentligiga da’vogarlar ovoz berdi
Olam
−
14 may 2023
9410Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning prezidentlik saylovlaridagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li saylov uchastkalarida ovoz berdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Erdo‘g‘an Istanbulning Uskudar tumanidagi maktabda ochilgan saylov uchastkasida ovoz berganidan so‘ng, Ichki ishlar vaziridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, saylovlar muammo va ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tayotganini aytgan.
“Ovozlarni sanab chiqish tugallangandan keyin yaxshi kelajakka umid qilaman. Turk demokratiyasining kuchini ko‘rsatish uchun barcha saylovchilarimizni soat 17:00 ga qadar shubhasiz ovoz berishda ishtirok etishga chaqiraman, degan Turkiya rahbari.
Qilichdoro‘g‘li esa Turkiya poytaxtining Chukurambar tumanidagi Arjantin boshlang‘ich maktabidagi saylov uchastkasida ovoz bergan. Atrofdagilar uni qarsaklar bilan kutib olishgan. Qilichdoro‘g‘li ovoz bergach, jurnalistlarga Turkiya demokratiyani sog‘ingani va tez orada mamlakatga demokratiya qaytishini aytgan.
“Biz hammamiz demokratiyani, u biz bilan birga bo‘lishini sog‘indik. Ko‘rasiz, tez orada bu mamlakatga bahor keladi”, degan Qilichdoro‘g‘li
Turkiya rahbarligi uchun uchinchi nomzod Sinan O‘g‘an esa Anqaradagi Ko‘chatepe Mimar Kamol Anadolu o‘rta maktabidagi saylov uchastkasida o‘z ovozini bergan
Ma’lumot uchun, Turkiyadagi prezidentlik saylovlarida uch nomzod – amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an, muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li va “Ajdodlar” siyosiy alyansi nomzodi Sinan O‘g‘an ishtirok etmoqda. Oliy davlat lavozimi uchun asosiy kurash Erdo‘g‘an va Qilichdaro‘g‘li o‘rtasida kechishi kutilmoqda. G‘alaba qozonish uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz olish kerak, mahalliy siyosatshunoslar Turkiyada prezidentlik saylovlari ikki turda o‘tkazilishini istisno etmaydi. Bunda ikkinchi tur 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ko‘pchilik ovozini to‘plagan nomzod esa g‘olib deb e’lon qilinadi.