Turkiya NATO mashg‘ulotlarida qatnashishdan bosh tortdi

Olam

image

Turkiya harbiy-havo kuchlari vakillari 2022 yil 9-20 may kunlari Gretsiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan NATO Tiger Meet mashg‘ulotlarida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Anqaradagi xavfsizlik tuzilmalaridagi manbalar ma’lum qildi, deb xabar berdi “Anadolu”.

Turkiya tomonining bunday qadamiga Gretsiya tomoni ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirish maqsadida mashg‘ulotlar ssenariysiga texnik qo‘shimchalar kiritgani sabab bo‘lgan.

Rasmiy Anqara Afinaning harakatlarini nomaqbul va xalqaro huquqqa zid deb atagan.

Turkiya mashg‘ulotlar ssenariysiga kiritilgan qo‘shimchalarni bekor qilish haqidagi qat’iy talabiga rad javobi olgan. Bunga javoban Anqara harbiy-havo kuchlari vakillari Tiger Meet’da ishtirok etishdan bosh tortgan. Bundan oldin 22 aprelda Turkiya Gretsiyani bu borada ogohlantirgan.

Turkiya Gretsiya rasmiylarining NATO mashg‘ulotlaridan siyosiy manipulyatsiya vositasi sifatida foydalanishga urinishlarini qoralagan.

“Gretsiyaning pozitsiyasi NATO doirasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar asosiga zarba beradi. Qolaversa, Turkiyaning huquq va manfaatlariga tajovuz qilishga urinishlar kuzatilmoqda”, deya ta’kidlagan Anqaradagi manbalar.

Tiger Meet mashg‘ulotlari NATOga a’zo turli mamlakatlarda an’anaviy asosda o‘tkaziladi. 2005 va 2015 yillarda shunga o‘xshash mashg‘ulotlar Turkiyada ham o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

400

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing