Turkiya Qora dengizdan gaz qazib olishni boshladi. Erdo‘g‘an aholiga gaz bepul bo‘lishini aytdi

Olam

image

Turkiya Qora dengizdagi “Sakarya” konidan gaz yetkazib berishni boshladi. Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an maxsus marosimda ishtirok etib, mazkur ob’ektdan birinchi bosqichda kuniga 10 million kubometr gaz ishlab chiqarilishini ta’kidladi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Erdo‘g‘an bir yil ichida mamlakat aholisi gaz uchun pul to‘lamasligini aytgan. Bundan tashqari, kelgusi oy davomida xususiy sektorni isitish uchun gazni bepul yetkazib berish amalga oshirilishini qayd etgan.

Aytilishicha, Turk neft korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan konni rivojlantirish loyihasi 32 oy ichida yakunlangan. “Sakarya” konidan gaz “Filyos” tozalash inshootiga, so‘ngra gazni o‘lchash stansiyasiga va gaz uzatish tizimiga boradi. May oyining birinchi yarmida esa shu gaz turk uylariga kelishi kutilmoqda.

Loyihalarning ikkinchi bosqichi 2026 yilda, uchinchisi esa 2028 yilda “Amasra” konini ishlab chiqarishga kiritish bilan boshlanishi kutilmoqda. Birinchi bosqich doirasida kunlik gaz qazib olish 10 million kub metrni, ikkinchi bosqichda 40 million kub metrni, uchinchi bosqichda esa 60 million kub metrni tashkil etadi. Ikkinchi bosqichda Turkiyadagi barcha uy xo‘jaliklarini gaz bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

2022 yil dekabr holatiga ko‘ra Qora dengizning turk sektoridagi umumiy gaz zahiralari 710 milliard kub metr deb baholangan.

E’tiborli jihati shundaki, gaz qazib olish va uni xalqqa bepul taqdim etish kabi tashabbuslar saylovlar arafasida yangramoqda. Ma’lumki, prezidentlik va parlament saylovlari Turkiyaning eng uzoq vaqt xizmat qilgan yetakchisi uchun eng katta saylov muammosiga aylangan, chunki turmush narxining oshib ketishi Erdo‘g‘anning obro‘siga putur yetkazgan. Ommaviy so‘rovlarda ham muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li yetakchilik qilmoqda. Shuning uchun ham hukumat ovoz berishdan oldin bir qator yirik infratuzilma va mudofaa loyihalarini amalga oshirmoqda. Masalan, kelasi haftada Erdo‘g‘an Turkiyaning “Rosatom” tomonidan qurilgan birinchi atom energetika reaktorining ochilish marosimini o‘tkazmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Erdo'g'an Qora dengiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing