Turkiya Qora dengizdagi strategik ob’ektlar xavfsizligini kuchaytiradi

Olam

image

Turkiya Qora dengizda dronlar bilan bog‘liq hodislar fonida muhim tashqi va suvosti ob’ektlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler ma’lum qildi.

Bungacha Turkiya Mudofaa vazirligi Qora dengiz ustida – Turkiya havo hududida boshqaruvdan chiqqan bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz apparat F-16 qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushirilganini bildirgan. Bunda dron qaysi davlatga tegishli ekani aniqlashtirilmagan.

Gyulerning aytishicha, eng avvalo fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

“Biz ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan samolyotlarni eng yaqin aeroportlarga yo‘naltirdik va ularning xavfsiz qo‘nishini ta’minladik. Shundan so‘ng dron yo‘q qilindi va fuqaro havo qatnovi odatdagi tartibda davom etdi”, deydi vazir.

U Anqara strategik infratuzilmani himoya qilishga alohida e’tibor qaratayotganini bildirgan.

“Biz Qora dengizdagi muhim ustki va suvosti ob’ektlarimizni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz. Burg‘ilash kemalari biz uchun hayotiy ahamiyatga ega. Yo‘nalishdan chiqqan yoki boshqaruvni yo‘qotgan dronlarga, shuningdek, suv ostidan chiqishi mumkin bo‘lgan potensial tahdidlarga qarshi choralar ishlab chiqilgan va amalda qo‘llanilmoqda”, deydi vazir.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 dekabr kuni Turkiya havo hududiga uchuvchisiz uchish apparati bostirib kirib, poytaxt Anqaragacha yetib borgan. Kecha, 19 dekabr Turkiya Mudofaa vazirligi OAVda tarqalgan xabarlarni tasdiqlab, 17 dekabr kuni yana bir dron mamlakatning shimoli-g‘arbida joylashgan Kojaeli viloyatining Izmit tumani hududiga qulaganini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, qulagan uchuvchisiz apparat Rossiyada ishlab chiqarilgan.


Maqola muallifi

Teglar

dron Qora dengiz Yashar Gyuler

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing