Turkiya Isroil bilan energetik hamkorlikni to‘xtatdi
Olam
−
26 Oktabr 2023
8908Turkiya Isroil bilan qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatdi. Bu haqda hukumatga yaqin “Yeni Şafak” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya Energetika vaziri Alparslon Bayroqdor ham noyabr oyiga mo‘ljallangan Isroilga safarini bekor qilgan. Ushbu tashrifda mahalliy hokimiyat va kompaniyalar bilan gaz sotib olish va uning Yevropaga tranziti bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa kecha, 25 oktyabr kuni parlamentda qilgan chiqishida Falastin-Isroil mojarosi avj olgani sababli turk rasmiylarining Isroilga rejalashtirilgan barcha tashriflari bekor qilinganini ma’lum qilgan.
Ta’kidlash joizki, Turkiya oldinroq Isroil bilan O‘rta yer dengizidan gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini bildirgan edi. Turkiya va Isroil o‘rtasida 4-5 yil ichida dengizda gaz quvuri qurilishi mumkinligi ilgari surilgandi.
Ma’lumot uchun, Sharqiy O‘rta yer dengizidan gazni tashish masalasi 2020 yil yanvar oyida Gretsiya, Isroil va Kipr tomonidan imzolangan Sharqiy O‘rta yer dengizi gaz quvurini (EastMed) qurishning maqsadga muvofiqligiga shubhalar tufayli dolzarb bo‘lib qolgan.
Hujjat Isroilning Leviafan konidan va Kiprning Afrodita konidan Gretsiyaga, keyin esa Italiyaga gaz yetkazib berishni nazarda tutadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari dastlab bu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatladi, ammo keyinchalik o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi va buni ekologik nuqtai nazarlar, loyihaning moliyaviy nochorligi va Turkiyaning unga nisbatan salbiy pozitsiyasi tufayli Sharqiy O‘rta yer dengizida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keskinlik bilan izohladi.
LiveBarchasi