Turkiyada ofat

Olam

Bugun, 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida mahalliy vaqt bilan 04:17 da 7,4 (ba’zi manbalarda 7,9) magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning oqibatida ko‘plab viloyatlarda yuzlab binolar qulab tushgan. Ta’kidlanishicha, aksariyat shaharlarda sezilgan zilzila 30 soniyadan ortiq davom etgan. Zilzila yerdan 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, zilzila kun davomida yana ko‘p marotaba yuz bergan ularning eng kuchlisi 6,6 ballni tashkil qilgan. Shuningdek, Toshkent vaqti bilan soat 14:15 lar atrofida 7,6 magnitudali kuchli yer silkinishi qayd etildi. Aksariyat shaharlarda sezilgan zilzila 30 soniyadan ortiq davom etgan. Zilzila yerdan 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, 2 800 dan ortiq bino vayron bo‘ldi, vayronalar ostidan hozirgacha 2 500 ga yaqin kishi olib chiqildi. Kuchli zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 1541 nafarga yetib, jami 9 733 kishi jarohatlangani aytilgan. Biroq bu raqamlar hali yana o‘zgarishi mumkin.

Shuningdek, Turkiyada yuz bergan zilzila tufayli talafot ko‘rgan hududlarda ta’lim 1 haftaga to‘xtatilgan. Barcha fuqarolarga bepul qo‘ng‘iroqlar imkonini beruvchi qo‘shimcha aloqa hamda tekin internet trafiklari berilgan. Bu haqda Turkiyaning Transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari O‘mer Fatih Sayan bayonotida aytib o‘tilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odam qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevning Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Mirziyoyev topshirig‘iga asosan, 7 fevral kuni qardosh Turkiya davlatiga insonparvarlik yordami va zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, 60 nafar FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi 6 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, mamlakatimizning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ham talafot ko‘rganlarga hamdardlik bildirib, sodir bo‘lgan zilziladan chuqur qayg‘uda ekani, barcha imkoniyatlar bilan qardosh va do‘st Turkiyaning yonida ekanini aytib o‘tgan.

Zilzilada talafot ko‘rgan hududlarga Amerika Qo‘shma Shtatlari, Belgiya, Gretsiya, Ukraina, Yevropa Ittifoqi va Rossiya ham yordam berishini ma’lum qildi. 

Bugun, 6 fevral kuni epimarkazi Turkiyaning Qahramanmarash viloyatidagi Pazarjik tumani bo‘lgan zilzilaning ta’siri Suriyada ham kuzatilgan. Uning oqibatida 600 ga yaqin kishi vafot etib, 1000 dan ortiq odamlar yaralandi. Bu raqamlar ham xuddi Turkiya singari vaqt o‘tgani sayin ortib bormoqda.

Qayd etilishicha, Suriyaning Idlib, Halab, Hama, Latakiya, Tartus, Raqqa viloyatlari zilziladan katta talafot ko‘rgan hududlar sirasiga kiradi.

Suriya Milliy seysmologiya markazi rahbari Rayed Ahmadning aytishicha, u yerdagi silkinishlar 7,7 ballga yetgan, so‘ng ikki davlat chegarasida 6,4 ball va undan kuchsizroq yer silkinishlari qayd etilgan. Ahmad ushbu zilzila 1995 yildan beri eng kuchli bo‘lganini ta’kidladi.

Shuningdek, Afg‘onistonda ham ayni shu kunda 4,1 magnitudali zilzila yuz bergan.

Akobir Misiraliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing