Turkiy davlatlar rahbarlari kelasi hafta Ozarbayjonda to‘planadi
Olam
−
02 Oktabr 2025 6899 2 daqiqa
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashining 12-sammiti joriy yilning 6-7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, sammitda davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, TDTga a’zo davlatlarning yuqori darajadagi delegatsiyalari va kuzatuvchilar yig‘iladi.
“Bu mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilish, hamkorlikni mustahkamlash, turkiy dunyoda tinchlik va farovonlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlarni qabul qilish uchun muhim maydon bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Rasmiy dastur doirasida TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi uchrashuvi Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidan oldin o‘tkaziladi. Gabala shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu yig‘ilish turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, hamjihatlik va sheriklikni yanada mustahkamlash borasidagi mushtarak qarashlarni o‘zida aks ettirishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, TDTning XI sammiti 2024 yilning 6 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda “Turk dunyosini mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik” mavzusida bo‘lib o‘tgan edi. Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, TDT kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar rahbarlari ishtirok etgan. Davlat rahbarlari TDT doirasidagi ko‘ptomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, bir qator ko‘p tomonlama hujjatlarni, jumladan, yakuniy deklaratsiyani imzolagandi.
Shuningdek, o‘sha sammit doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni taklif qilgan edi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa Turkiy davlatlar tashkilotining byudjeti oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emasligini aytgandi.
Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor Isroilning G‘azoga hujumlarini, shuningdek, Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentlik faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarini qoralagandi.
Live
Barchasi