Turbatda istirohat qilg‘onlarimiz
Tahlil
−
29 dekabr 2025 6133 39 daqiqa
Eski yil nihoyasiga yetib, milodning yangi sahifasiga qadam qo‘yar ekanmiz, ortda qolgan 365 kunlik hayotimizga beixtiyor nazar tashlaymiz. Qayerda adashdik, qayerda to‘g‘ri yo‘l tutdik, qaysi lahzalarda yutdik, qaysi pallalarda boy berdik – bularning barchasi xotira tarozisiga qo‘yiladi. Yutuq va kamchiliklar bilan bir qatorda, inson qalbini eng ko‘p o‘rtaydigan tuyg‘u – yo‘qotish hissi ham bor. 2025 yil ko‘plar hayotidan aziz insonlarini olib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu – so‘z bilan ifodalab bo‘lmas darajadagi og‘riq.
Ammo shunday yo‘qotishlar ham bo‘ladiki, u faqat bir xonadon yoki bir inson dardigina emas, balki butun boshli millat yuragida ayriliq ohangini uyg‘otadi. Yil yakunlanar ekan, an’anaga muvofiq yangi rejalar va maqsadlar haqida o‘ylash bilan birga, bu yil bizni hasratda qoldirib, o‘zlari turbatda istirohat qilayotgan fidoyi siymolarni ham xotirlaymiz. Qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim, adabiyot, san’at, jurnalistika va dindan tortib, siyosat, qurolli kuchlar, huquq hamda diplomatiya sohalarida Vatan ertasi uchun sidqidildan xizmat qilgan, oltin o‘zbek genofondini boyitgan ana shunday munosiblar xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi. Mug‘anniy aytganiday, “ayriliq kuyini chaling”.
Yanvar oyining 4-sanasida o‘zbek estradasining yirik namoyondalaridan biri tarixga muhrlandi. “Bedana” qo‘shig‘i bilan tanilgan, “Toshkent” guruhining xonandasi Baxtiyor Sultonov 60 yoshida vafot etdi.
“Bugungi tong juda noxush xabar olib keldi. Bir paytlar “Bedana” qo‘shig‘i bilan mashhur bo‘lgan xonanda, sozanda, bastakor, eng muhimi yaxshi inson Baxtiyor Sultonov vafot etibdi. Ishonmay, dabdurustdan karaxt bo‘lib qoldim. Ikki kun oldin 1 yanvar kuni kechqurun Telegram’dan yangi yil tabrigini jo‘natgandilar. Baxtiyor aka bilan ancha hamkorlik qilganmiz, ko‘p suhbatda bo‘lganmiz. Doim harakatda edilar, niyatlari ko‘p edi. Afsus, taqdirning aytgani boshqa ekan. Nima deyishni, yozishni bilmayapman. Odamzod naqadar mo‘rt, omonat. Bir-birimizga e’tiborliroq bo‘laylik. Baxtiyor akani Alloh rahmatiga olsin”, deb yozdi shoir Bobur Bobomurod.

Oradan ikki kun o‘tib, 6 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi a’zosi, Berdaq mukofoti sovrindori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi, teatr rassomi Barliqbay Aytmuratov 67 yoshida olamdan o‘tdi.
Rassomning ijodi qoraqalpoq tarixi va adabiyotini keng qamrab olgan bo‘lib, u Berdaq, Ajiniyaz, Ibrayim Yusupov singari adabiyotning yirik darg‘alari portretlarini yaratgan. Aytmuratov, shuningdek, ularning asarlariga kompozitsiyalar ishlagan va xalq og‘zaki ijodidan olingan dostonlarga bag‘ishlab ko‘plab asarlarni san’at ixlosmandlariga havola etgan. Bundan tashqari, Qoraqalpoq xalq dostonlaridan “Qirqqiz”, “To‘maris”, “Shariyar”, “Yernazarbiy” rassomning eng sermahsul ijodiy ishlaridan sanaladi.

Ta’kidlash kerakki, 2025 yil o‘zbek adabiyoti uchun boshqa sohalarga qaraganda ko‘proq yo‘qotishlarga olib keldi. 9 yanvar kuni Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Minhojiddin Haydar 84 yoshida vafot etdi. Uning birinchi she’riy to‘plami 1971 yilda “Inson yuragi” nomi bilan chop etiladi. So‘ngra uning “Nina ustida qasr” (1979), “O‘chmas bo‘ron” (1979), ”Tirik alanga” (1984), “Bulbulsiz” (1991) kabi bir qator she’riy to‘plamlari va 1992 yilda “Musallo” nomli publitsistik asarlari bosilib chiqadi.
U tarjimon va dramaturg sifatida ham sermahsul ijodkor edi. Jumladan, “Onaizor” (1970), “Do‘zaxdagi shayton” (1976) kabi she’riy dramalari va pamfletlarini yozgan.

10 yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, ikki karra Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan Hayotxon Ortiqboyevaning 78 yoshida olamdan o‘tgani haqidagi xabarni huzn bilan qarshi oldik.
Hayotxon Ortiqboyeva o‘nlab shogirdlar tarbiyalagan mehribon va fidoyi ustoz edi. Shoiraning “Feruza oqshomlar”, “Ko‘klam ertaklari”, “Humolari qaytgan yurt”, “Ne baxt bu diydor”, “Oy qo‘ngan ayvon”, “Tonglaringda esgan nasimman” kabi kitoblari nashr etilgan.

***
Rafiq bo‘lolmassan, diling sotarsan,
Nishon olmoq uchun eling sotarsan.
Rasul bo‘lolmassan, g‘ulom bo‘larsan,
Ra’noman deysan-u miltiq otarsan.
1985
Xurshid Davron
P/s. To‘rtlikning birinchi-ikkinchi satrida Rafiq Nishonov, uchinchi satrida ashaddiy sovetprast to‘da rahnamolaridan biri Rasul G‘ulomov va nihoyat 4 satrda Ra’no Abdullayeva nazarda tutilgan.
O‘tganlarni yaxshi so‘zlar bilan xotirlash kerakligini aytishadi. Sovetlar davrida Navro‘z bayramiga diniy tus berib, uni xalq hayotidan yulqib chiqarishga uringan, o‘z davrining siyosatiga qattiq ishonib, shu siyosat qurboniga aylangancha 1987 yildan 1990 yilgacha qamoqda o‘tirgan sovet mafkurasi yetakchilaridan biri 90 yoshli Ra’no Abdullayeva ham 2025 yilda ajal bilan yuzlashdi.
U 1963−1971 yillarda O‘zbekiston komsomolining birinchi kotibi, so‘ngra O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987 yilgacha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining mafkura bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlagan.
Ra’no Abdullayeva nomini qator sovet mafkurasiga asoslangan tashabbuslar bilan bog‘lashadi. Jumladan, 1987 yilda partiya majlisida Navro‘z bayramini taqiqlash masalasi ko‘rilishi ham Abdullayevadan chiqqani aytiladi. O‘shanda Navro‘zni bekor qilib, uning o‘rniga 10 aprelni ko‘chat ekadigan “Navbahor” degan bayramga aylantirish taklif qilingan. Hattoki shu nomni dastaklash uchun Namanganning futbol jamoasiga ham “Navbahor” nomi berilgan. Uning nomi 1987 yilgacha “Avtomobilist” bo‘lgan. Darvoqe, 1990 yilda birinchi haj mavsumi uyushtirilganida Ra’no Abdullayeva birinchi hoji onalardan biriga aylangan.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o‘zining 2003 yilda yozilgan “Unutmayman, unutolmayman” maqolasida keltirishicha, Ra’no Abdullayeva O‘zbekiston kompartiyasining mafkura tizimini boshqargan paytlari o‘zbek adiblarini, eng avvalo, Navro‘zni va ona tili maqomini tiklashga kirishgan yosh shoirlarga qarshi keskin kurash boshlagan, ularning to‘plamlarini nashriyotlar rejasidan o‘chirishga farmon bergan. U Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) ning hozirgi rahbari Azim Ahmadxo‘jayevning ham buvisi bo‘lgan.

Tugab borayotgan yilning 15 yanvar sanasida esa payg‘ambar yoshiga yetgan aktyor Ravshan Jo‘rayev vafot etdi. U ko‘p yillar davomida teatr hamda kino sohasida faoliyat yuritib, yorqin va mazmunli rollari orqali tomoshabinlar qalbidan o‘rin olgan.
Aktyor “Bobur”, “Chaqaloq”, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Shaytanat”, “Buyuk sharaf” va boshqa filmlardagi rollari bilan tanilgan. U bir muddat Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sergeli tuman bo‘limi rahbari lavozimida ham ishlagan.

24 yanvar kuni esa Qoraqalpog‘istonning sobiq Madaniyat vaziri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, dramaturg, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Po‘lat Aytmuratov 64 yoshida tug‘ilgan kunidan bir kun o‘tib vafot etdi
Marhum 1961 yil 23 yanvarda Chimboyda tug‘ilgan.

31 yanvar kuni yana bir madaniyat xodimi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, pedagog Oygul Temirovna Xalilova 64 yoshida vafot etdi.
Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan Oygul Xalilova 2001 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan. Unga 2011 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi sharafiga yubiley ko‘krak nishoni topshirilgan. 2016 yilda Xalilova “Do‘stlik” ordeni va O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi sharafiga yubiley ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Fevral oyining birinchi sanasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Galina Matviyevskayani yo‘qotdik. 95 yoshli olima O‘zbekistonda sharqshunoslik fanining rivojiga hissa qo‘shgan, Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor edi. Galina Matviyevskaya 1930 yilda Dnepropetrovsk (hozirgi Ukrainaning Dnepr shahri)da tug‘ilgan. U 1959 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga O‘rta asrlar sharqidagi fanlar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilingan.
U Boris Abramovich Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qo‘lyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qo‘lyozmalarning tavsifini amalga oshirgan.
Professor Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi (1984), so‘ngra akademiyaning haqiqiy a’zosi (2000) etib saylangan. U UNESCO tomonidan tabiiy fanlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining (Parij) haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Galina Matviyevskaya Xorazmiy, Dekart, Beruniy, Ulug‘bek, Romanovskiy, So‘fiy haqida kitoblar nashr ettirgan, sharqshunoslik sohasida ilmiy to‘plamlar tuzuvchi va bosh muharrir bo‘lgan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning 1200 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yubiley (1983) tadbirlarini o‘tkazishda faol ishtirok etgan.

6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, Xalqaro A.Nobolsin mukofoti laureati Xayriddin Mas’udov 88 yoshida olamdan o‘tdi. Marhum uzoq yillar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida ta’lim tizimini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan.

8 fevral kuni “Do‘stlik” ordeni sohibi, el suygan aktyor Husan Musaboyev 71 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi. Husan Musaboyev “Ajoyib xayolparast”, “Bozor ko‘rmagan yigit”, “Anora”, “Hayot-mamot”, “Men bu men”, “O‘g‘rigina kelin”, “Er bermoq – jon bermoq”, “Jiblajibon”, “Aldamadim, hazillashdim”, “Ana xolos!”, “Super xizmatkor”, “Yasha, xotin!” kabi ko‘plab filmlardagi o‘ziga xos rollari bilan tomoshabin mehrini qozongan edi.

Darhaqiqat o‘lim yosh tanlamaydi, endigina gullab ijod qila boshlagan iste’dod sohibasiga yanada ko‘plab sahnalarni zabt etish nasib qilmadi. 15 fevral sanasida Xonanda Shirin Abdullayeva 19 yoshida olamdan o‘tdi.
Marhuma 2005 yil 14 dekabr sanasida Namangan shahrida dunyoga kelgan. Pekindagi Sinxua universiteti talabasi bo‘lgan qo‘shiqchi 2023 yilda san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Shirin uch yoshga to‘lar-to‘lmas qo‘shiq kuylashni boshlagan, o‘zi qo‘shiq yozardi, respublika va xalqaro musiqiy tanlovlarda qatnashardi, ham kinoda suratga tushardi. Shirinning azaliy orzusi o‘zining jonajon vatani O‘zbekistonning nomini xalqaro maydonda dong taratish ekanini aytgandi.

O‘zbekiston Davlat musiqali komediya teatri asoschisi Grigoriy Spektor 18 fevral kuni 99 yoshida olamdan o‘tdi. Rossiya Federatsiyasining san’at arbobi Grigoriy Spektor o‘z ijodi bilan O‘zbekiston Davlat musiqali komediya teatri (operetta)ning tarixida yorqin sahifalar qo‘shganligi bilan eslanadi.

2025 da vafot etgan nuroniylarimiz qatorida avlodlar uchun haqiqiy kurashga o‘zini otgan urush qahramoni 105 yoshli Pirnazar bobo ham bor. Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Do‘rman mahallasida istiqomat qilgan urush va mehnat faxriysi Pirnazar bobo Turdiyev 18 fevralda boqiy dunyoga safar qildi. Pirnazar bobo urushning dastlabki kunlaridayoq harbiy xizmatga chaqirilib, 1947 yilda yurtga qaytgan. To‘rt marta qattiq yaralgan. Ikki bor uyiga qoraxat kelgan.

Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti, mashhur maqom ijrochisi Nafisa To‘xtayeva 21 fevral kuni 83 yoshida vafot etdi.
Nafisa To‘xtayeva O‘zbekiston Davlat filarmoniyasida, Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblida xonanda sifatida ijod qilgan, 50 dan ortiq mumtoz musiqalar ijrochisi bo‘lgan. Uning ijrosida “Saraxbori Oromijon”, “Qashqachai Savti Sabo”, “Ey Nazokat” kabi kuylar ma’naviy meros durdonalariga aylangan.

***
Men ham nur-ziyoga havas qilaman,
Guvragan daryoga havas qilaman.
Nur-ziyo taratgan daryodil inson –
Bahodir Isoga havas qilaman.
2008
Iqbol Mirzo
Bahodir Iso kamdan-kam nasib etadigan baxtga ega shoir edi – xalq ichida yashab, xalqning dardini yuragidan o‘tkaza olgan ijodkor. U shon-sharaf ortidan quvmadi, poytaxtning baland minbarlari emas, qishloqning sokin ko‘chalari unga yaqin edi. Avlodining salmoqli shoiri bo‘la turib, kibr nimaligini bilmasdan yashadi. “Yaxshi inson” degan ta’rif ko‘pincha yuzaki aytiladi, ammo Bahodir Isoga bu so‘z torlik qiladi. U og‘rig‘ini odamlarga emas, satrlarga aytdi, sukutini she’rga aylantirdi. Jismi kichik bo‘lsa-da, ma’nosi, so‘zi va iztirobi bilan adabiyotda baland bo‘y ko‘rsatgan buyuk shoir edi.
Biz undan 25 fevral kuni ayrildik. Bahodir Iso 1956 yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi Do‘tir qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1977 yilda Farg‘ona pedagogika institutini tamomlagan. Marhum faoliyatini, asosan, adabiyot va san’atga bog‘lagan.
Uning she’rlari, dostonlari respublikaning qator matbuotlarida, kollektiv to‘plamlarda chop etilgan. Xususan, 1988 yilda nashr etilgan “Xayrli tun” she’riy to‘plami bilan muxlislarga yaxshi tanish edi.

Adabiyotning yana bir darg‘asi yozuvchi Shodmon Otabek 79 yoshida olamdan o‘tdi.
3 mart kuni sovuq havo kabi esgan bu xabar marhum ijodini birvarakayiga ko‘z oldimizdan o‘tkazdi. Turli yillarda yozuvchining “Mirzakalon Ismoiliy” (1978), “Yaproqdagi nur” (1979), “Odamiylik sinovlari” (1986), “Eng baxtli kun”, “Qorbo‘ron”, (1988, 2009), “Shaxmat abadiydir” (1990), “Shirmonbuloq oqshomlari” (1995) kabi kitoblari, shuningdek, “Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik”, “Birkam dunyo” qissalari chop etilgan. Adib atoqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy haqidagi ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2010 yili “Mirzakalon Ismoiliy saboqlari” degan kitobini nashr ettirgan.
Shodmon Otabekning shoir va yozuvchilar hayotidan olib yozilgan, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov so‘zboshi yozgan, to‘rt marta nashr qilingan “Do‘rmon hangomalari” kitobi mashhurdir. Bu kitob adabiy muhitning hazil-mutoyibalarga yo‘g‘rilgan bir tarixi sifatida ham qimmatlidir.
Shodmon Otabekning asarlari rus, ukrain, qozoq, turk tillariga tarjima qilingan. Shuningdek, u “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

26 fevral kuni yana bir haqiqatparvar jurnalistdan ayrildik. Alisher Ro‘zioxunov 32 yoshida olamdan o‘tdi. U jurnalistlik faoliyatini QALAMPIR.UZ’da boshlagan, keyinroq O‘zbekistonning bir qancha taniqli internet nashrlarida, shuningdek, qator xorijiy nashrlarda ham faoliyat ko‘rsatgan. U 2021 yilda “Ijtimoiy-huquqiy media markazi” nodavlat notijorat tashkiloti muharriri sifatida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.
Marhumni uzoq yillardan buyon qandli diabet kasalligi qiynab kelgani aytiladi.

Opa-singillarimiz sevib tomosha qilgan “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” serialini eslasangiz kerak, serial muallifi bo‘lgan telejurnalist Marat Asadullayev 6 mart kuni 75 yoshida vafot etdi.
Marat Asadullayev 1950 yilning 13 fevralida Toshkent shahrida ishchilar oilasida tug‘ilgan. 1968-1974 yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy Universitetida tahsil olgan. Dastlab teatrda ish boshlagan Marat Asadullayev 1971 yildan boshlab faoliyatini televideniyeda davom ettirgan. U karerasini rejissyor assistentligidan boshlagan va bosh muharrir darajasiga yetgan.
2002 yilda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi Toshkent telekanalidan “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” nomli serial efirga uzatilgan. Loyiha katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Uning muallifi Marat Asadullayev bo‘lgan.

Joriy yilning 15 mart sanasida esa shoira Halima Qoraboyeva 79 yoshida vafot etgani haqida xabar yoyildi. Marhuma Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. U ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifi sanaladi. “Uchayotgan qushlar”, “Qaytmas daqiqalar”, “Harorat” shular jumlasidandir.

22 mart kuni O‘zbekistonning agrar sohasida katta yo‘qotish bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Halima Atabayeva 91 yoshida olamdan o‘tdi.
Marhuma umrini ilm-fan va ta’limga bag‘ishlab, 72 yil davomida ko‘plab yetuk mutaxassis va rahbarlar yetishtirgan. Qishloq xo‘jaligining barqaror rivoji, ekinlar hosildorligini oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish yo‘lida muhim ilmiy ishlar amalga oshirgan.
Halolligi, fidoyiligi va talabchanligi bilan hurmat qozongan Halima Atabayeva hukumat tomonidan “Do‘stlik” ordeni, “1-darajali Mehnat faxriysi” unvoni va “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Bu dunyoni tark etgan ziyolilar orasida O‘zbekistonning Hindistondagi birinchi elchisi Sur’at Mirqosimov ham bor. U 24 mart kuni 85 yoshida vafot etdi.
QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, O‘zbekistonning Hindistondagi sobiq Favqulodda va muxtor elchisi Sur’at Mirhojiyevich Mirqosimov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng olamdan o‘tgan. Sur’at Mirqosimov mohir diplomat, pedagog, Favqulodda va muxtor elchi bo‘lgan. U diplomatiyaga doir 4 ta o‘quv qo‘llanma, 50 dan ortiq ilmiy maqola yozgan.

30 mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Hayot Shodmon (Ismatullo Ibodullayev) 63 yoshida olamdan o‘tdi. U 1983 yilda Guliston qurilish texnikumini, 2009 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Oliy adabiyot kursini tugatgan.
2000 yilda “Sog‘inchlarga ishondim seni”, 2002 yilda “Davkar elim”, 2004 yilda “O‘lan to‘shak”, 2011 yilda “Umid fasllari”, 2004 yilda “Jiyan keldi”, 2017 yilda “Enadaryo” she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

1 aprel! Odamlar bu sanani hazil kuni sifatida biladi, ammo bu kun o‘zbek bolalar adabiyoti uchun chin ma’noda ustun bo‘lgan darg‘ani oramizdan olib ketdi. Taniqli bolalar shoiri Habib Rahmat 84 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Habib Rahmatning “Sizni Vatan erkalar“, “Bizning zveno“, “Quloqsiz uloq“, “Ari va Ali“, “Qushlar bozori“, “Qiziq sovg‘alar“, “Botir askarcha“ deb nomlangan qator kitoblari bosilib chiqqan.

5 aprel kuni taniqli jurnalist va bloger Jasur Hamroyev 42 yoshida vafot etdi. U birinchilardan bo‘lib o‘zbek mediasida o‘z saytini ochgan jurnalistlardan edi. U qandli diabet kasaliga chalingan va so‘nggi oylarda buyrak yetishmovchiligi dardi bilan og‘rib kelgan.

12 aprel sanasida “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" unvonlari bilan taqdirlangan professor Mufat Mamatov 92 yoshida vafot etdi.
Mufat Mamatov 1932 yili Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutini tamomlagan. U butun umrini ta’lim, tarbiya, ilm-fan va ma’naviyat sohasiga bag‘ishlab, Toshkent va Namangandagi yirik ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan.

May oyiga kelib, diniy ulamo, vodiy ahlining yetakchi din olimlaridan bo‘lgan Ibrohimjon Qo‘qandiy vafot etdi. Qo‘qon shahar “Saodat” masjidi imom xatibi, xalq orasida Ibrohimjon domla nomi bilan tanilgan Ibrohimjon Qodirov 3 may kuni hayotdan ko‘z yumgan. Marhum yetuk ulamolar – Mavlaviy Hindustoniy va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdi va yuzlab talabalarning ustozi bo‘lgan.

Shu oyning o‘zida Hajga ellikboshi bo‘lib ketgan toshkentlik imom Rabbimqul Muhammadiyev Madinada vafot etdi. Marhum 2019 yildan buyon Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidi imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan edi. U oldin Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Imom Termiziy” masjidida ham imom-xatib bo‘lib ishlagan.

Bundan hech qancha o‘tmay, 23 iyun kuni Andijon viloyati Izboskan tumani bosh imom-xatibi sifatida ishlagan, “Ahmadali hoji” jome masjidi imom-xatibi Salimjon domla Yunusov 51 yoshida vafot etdi.

26 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti Tasviriy va amaliy san’at bo‘limi mudiri, yirik davlat va jamoat arbobi, arxeolog olim hamda madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishga hissa qo‘shgan Zafar Hakimov 83 yoshida haqqa qovushdi.
Olim 1942 yil 14 avgustda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1992-1993 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

May oyining o‘rtalarida O‘zbekistonning AQSHdagi sobiq konsuli Faxriddin Mo‘minov vafot etdi. Mo‘minov AQSHdan tashqari BAA va Bangladesh mamlakatlarida ham konsul sifatida faoliyat yuritgan.

28 may kuni “Shaytanat”, “Qo‘rg‘oshin” va boshqa o‘zbek filmlarida rol o‘ynagan Mixail Kaminskiy vafot etdi.

Kaminskiy bir qator o‘zbek filmlarida rol ijro etgan. Jumladan, “Shaytanat” serialida arman mafiasi obrazini gavdalantirgan. Shuningdek, “Yuzma-yuz”, “Nazira”, “Qo‘rg‘oshin” kabi kinokartinalarda suratga tushgan. Bundan tashqari, u bir qator teatrlarda ham faoliyat ko‘rsatgan. 2022 yildan BDKI Toshkent filialida aktyorlik ustaxonasi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgandi.
Bahorning so‘nggi kunlari ham o‘zbek ilm-fani uchun og‘riqli kechdi. 28 may kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti Matematik analiz kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, taniqli matematik olim Azimboy Sa’dullayev 78 yoshida vafot etdi.

“Yomg‘ir yog‘di” “Saraton”, “Sen qaydasan”, “Ikki daraxt”, “Azizim”, “Yig‘lama”, “Yolg‘on dunyo”, “Men seni hech kimga bermayman” kabi son-sanog‘i yo‘q retro taronalar sizning ham ko‘nglingizdan joy olgan bo‘lsa ne ajab. Biz qo‘shiqlarni kim kuylashini, nari borsa she’r muallifini ham tanishimiz mumkin, ammo unga sayqal bergan, ohang kiritgan bastakorlar negadir doim chetda qoladi. Bugungi ro‘yxatda afsuski daho kompozitor Dilorom Omonullayeva ham bor.
Taniqli o‘zbek bastakori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professor Dilorom Omonullayeva 31 may kuni 65 yoshida olamdan o‘tdi. Omonullayevaning ijodiy faoliyatida zamonaviy estrada qo‘shiqchilik san’ati ustuvor bo‘lgan. U zamondosh shoirlar – Usmon Azim, Yodgor Obid, Po‘lat Mo‘min, Zulfiya Mo‘minova, Halima Xudoyberdiyeva va boshqalarning so‘zlariga, turli mavzularda 100 dan ortiq qo‘shiq yaratgan.

Iyun oyida Qurolli kuchlar faxriysi To‘lqin Qosimov ham olamdan o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan general-polkovnik 1962 yildan boshlab 2003 yilga qadar Qurolli kuchlar safida xizmat qilgan edi.

Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Gulaysha Yesemuratova 23 iyun kuni 95 yoshida olamdan o‘tdi.
Yozuvchi 1930 yil 10 yanvarda Chimboy tumanida tug‘ilgan. 1951 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatgach, yoshlar gazetasida bo‘lim mudiri, 1957-60 yillarda “Jetkinshek” gazetasi, 1960-90 yillarda “Amudaryo” jurnali bo‘lim mudiri, 1991-2004 yilgacha “Orol qizlari” jurnali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Iyul oyi o‘zbek siyosatida hokimlik vazifalarini bajargan ko‘plab sobiq mulozimlarni ham olib ketdi. Jumladan, Qashqadaryo viloyatining sobiq Bahoriston (ayni kundagi Mirishkor) tumanida 1991-1995 yillarda rahbarlik qilgan Yazdurdi Safarov 4 iyulda 80 yoshida vafot etdi.

Xuddi shu kuni, 4 iyulda 2003-2009 yillar mobaynida viloyatning Nishon tuman hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Orif To‘xtameshov 62 yoshida olamdan o‘tdi.

Koshki bu bilan sanoq cheklansa, 4 iyul sanasi atoqli davlat va jamoat arbobi, 1992-94 yillardagi Buxoro hokimi Damir Yodgorovni ham o‘zi bilan olib ketdi. Marhum uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 88 yoshida vafot etdi.
Yodgorov 1937 yil 18 fevralda Shofirkon tumanida tug‘ilgan. U rahbarlik qilgan davrda Buxoro davlat tibbiyot instituti ta’sis etilgan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan, Damxo‘ja-Navoiy-Buxoro magistral suv tarmog‘i barpo etilgan edi.

5 iyul kuni taniqli yozuvchi va tarjimon Ulug‘bek Abdusalomov 73 yoshida olamdan o‘tdi. Marhum Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Alisher Navoiy nomli o‘zbek milliy-madaniy markazining sobiq vitse-prezidenti va 1990-1995 yillar mobaynida Jalolobod viloyati Kengashining deputati, qonunchilik komissiyasining raisi bo‘lgan. Abdusalomov Qirg‘izistondagi o‘zbeklar liderlaridan biri sifatida e’tirof etilgan shaxslardan edi.

6 iyul kuni atoqli tarixchi olim, professor, tarix fanlari doktori Rahmon Farmonov olamdan o‘tdi. Marhum 1967 yil Tojikiston Davlat universiteti tarix fakultetini tamomlab, tarixchi va jamiyatshunos mutaxassisligini olgan. 1970 yil noyabridan to 1973 yil dekabrigacha Lomonosov nomidagi MDU aspiranturasida o‘qigan yosh tarixchi 1974 yil fevralida Fransiya yangi tarixi bo‘yicha: “Bonapart davlat to‘ntarilishi (2 dekabr 1851 yil)ning fransuz zamonaviy publitsistikasidagi o‘rni” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
U Toshkent davlat universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarida kafedra mudiri, professor lavozimlarida ishlagan. Uning rahbarligida 3 ta doktorlik himoyasi, 12 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoyasi o‘tkazilgan. 40 dan ziyod o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar, 7 ta monografiya, 5 ta she’riy to‘plamlar muallifi bo‘lgan. O‘z o‘rnida ta’kidlab o‘tish kerakki, Turkiya davlatining professori Ataman Kamil Yavuz bilan hamkorlikda Rahmon Farmonovning “Amir Temur Ko‘ragon va imperator Napoleon” kitobi turk tiliga tarjima qilinib, Turkiya davlatida nashr qilingan.
Joriy yil yanvar oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Rahmon Farmonov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilgandi. Mart oyida esa QALAMPIR.UZ professordan Fransiya-O‘zbekiston munosabatlari va “Faxriy legion” ordeni haqida intervyu olgan edi.

14 iyul kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli g‘azalnavis shoir Nusrat Abdusalom 80 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Marhum shoir “Sozim mening”, “Muhabbat yog‘dusi” nomli kitoblari, yigirmadan ortiq to‘plamlarga kiritilgan asarlari orqali xalq e’tiboriga tushgan. Umrining oxirida esa 400 sahifalik “Devon” tartib qilgan.

“Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvi a’zosi, aktyor Jo‘rabek Norqulov shu yilning 13 iyul kuni vafot etdi. Uning o‘limiga uzoq davom etgan kasallik sabab bo‘lgan.

20 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi, taniqli kompozitor Sharofatdin Paxratdinov olamdan o‘tdi. San’atkorni so‘nggi manzilga kuzatish 21 iyul kuni soat 12:00 da Nukus shahri, Taxtako‘pir ko‘chasi, 88-uyda bo‘lib o‘tdi.

26 iyulda O‘zbekiston xalq artisti, balerina, raqqosa Gulnora Mavayeva 94 yoshida vafot etdi. U ko‘p yillar davomida balerina sifatida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida klassik baletlardagi yorqin rollari bilan tomoshabinlarni xushnud etib kelgan.
Gulnora Mavayeva hayotining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va Respublika ixtisoslashtirilgan xoreografiya maktab-internati o‘qituvchilari va talabalariga o‘z bilim va tajribalari bilan bo‘lishib keldi.

Bu yilda yana bir afsonaviy bastakordan ayrildik. Musiqalarisiz biror bir tadbir, tantana o‘tmaydigan bastakor Sultonali Rahmatov bizga o‘zining betakror kompozitsiyalarini qoldirib ketdi. Sultonali Rahmatovning ilk yakkaxon konserti 2006 yil Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan va unga 70 000 dollar mablag‘ ketgan. O‘zbekistondagi ilk konserti esa 2007 yilda Samarqanddagi Registon maydonida bo‘lib o‘tgan. Sultonali Rahmatov 2010 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.
Bastakor 1998 yilning yanvar oyida Teatr va rassomchilik (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat) institutida xonanda Nilufar Saidova bilan uchrashadi. U bilan ijodiy faoliyat davomida turmush qurishadi, lekin ma’lum vaqt o‘tganidan keyin ajrashishadi.

O‘zbek adibi Tohir Malikning “Shaytanat” asarida xorijdagi o‘zbeklar uchun “O‘tgan kunlar” romanini nashrdan chiqargan millatparvar kishi Jo‘ra Bo‘tako‘z nomi tilga olinadi. Hayotdan olingan bu obraz egasi 7 avgust kuni 100 yoshida olamdan o‘tdi.
Marhum “O‘tkan kunlar” romanini o‘z hisobidan 1961 yili Karachi (Pokiston)da chop ettirib, muhojir vatandoshlarga tekin tarqatgani bilan yaxshi eslanadi. U XX asrda quloq bo‘lib surgun qilingan. Dastlab Afg‘oniston, so‘ngra Pokiston, Turkiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarda yashagan.
“Ozodligimizning muborak bayrog‘i ko‘tarilayotganda o‘sha yerda yig‘lab turdim. Shu lutfga sazovor bo‘lganlardan, ishtirok etganlardan biri bo‘lish sharafiga loyiq bo‘ldim”, degan u intervyularining birida.

9 avgust kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilmurod Islomov 71 yoshida vafot etdi. U “Shodlik” ansamblida 37 yildan ortiq mehnat qilgan. Marhum konsert dasturlari bilan 100 dan ortiq xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, o‘zbek san’atini olamga tanitishga o‘z hissasini qo‘shgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdurahmon Abdunazarov esa 10 avgust kuni 72 yoshida vafot etdi. Rejissyor “Temir xotin” , “Jononga bordim bir kecha”, “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari”, “Mayli, saylang”, “Baxtiyorni uylantiramiz”, “Gulya + Erik”, “Boy ila...”, “Momo yer” singari o‘nlab spektakllari bilan o‘zbek teatr san’atiga, mustaqil ijodiy studiyalar rivojiga katta hissa qo‘shgan.

Bu yil O‘zbekiston o‘zining “Tog‘lik kuyov”idan ham ayrildi. “Tog‘lik kuyov” filmidagi roli orqali tomoshabinlar e’tiborini qozongan aktyor Yo‘lchi Ortiqov 10 avgustda yurak xuruji sababli 51 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

O‘zbek baxshichilik san’ati darg‘alaridan biri, O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayev 25 avgust kuni 81 yoshida vafot etdi. U yaqin-yaqingacha Termizdagi baxshichilik maktabida bir qator yosh baxshilarga do‘mbira chalish hamda baxshichilik san’ati sirlarini o‘rgatib kelayotgan edi.
Uning repertuarida “Alpomish”, “Oltin qovoq”, “Ollanazar Olchinbek”, “Kuntug‘mish”, “Suluvxon”, “Sanam gavhari”, “Malla savdogar”, “Oyparcha” kabi dostonlar, “Do‘mbiram”, “Mehmondir”, “Tilar”, “Nima kerak”, “Bilmadi”, “Oypari” kabi termalar o‘rin olgan.
Shoberdi Boltayev 1983 yil Shahrisabzida bo‘lib o‘tgan Respublika baxshilarining ko‘rik tanlovida 3-o‘rin, 1989 yil Denov shahrida bo‘lib o‘tgan respublika baxshilarining ko‘rik tanlovida 1-o‘rinni olgan. Shuningdek, 1990 yil Qozog‘istondagi “Oltin olma” festivalida tashkilotchilar tomonidan mukofotlangan. 1991 yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo baxshilar ko‘rik tanlovida oliy mukofotga sazovor bo‘lgan.
Shoberdi baxshi 1993 yil O‘zbekiston prezidentining faxriy yorlig‘i, 2002 yil “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni, 2007 yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. 2002 yilda uning “Oyparcha” nomli termasi, 2019 yil “Malla savdogar” nomli dostoni chop etilgan.

Bu yil hayotdan ko‘z yumgan sobiq hokimlar orasida mustaqillikning ilk yillarida, 1992 yildan 1994 yilgacha Namangan shahar hokimi bo‘lib ishlagan Akmalxon Ikromov ham bor. U 26 avgust kuni 76 yoshida olamdan o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutining Oksid materiallar, keramika va ular sintezi laboratoriyasi mudiri, professor Dilbara G‘ulomova vafot etdi.
Marhuma 52 yil davomida O‘zR FA Materialshunoslik instituti (oldingi Elektronika instituti)da ilmiy faoliyat olib borgan. Ko‘p yillar davomida Fransiyaning Lion amaliy fanlar milliy instituti bilan hamkorlikda Bi(Pb)2Sr2Ca2Cu3Oy asosida materiallar sintezi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar bajargan.

2025 yil bizdan olib ketgan ziyolilarimiz orasida Vatandan tashqarida turib O‘zbekiston uchun yashaganlar ham bor. Shoir, yozuvchi va jurnalist, afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan ijodkor Muhammad Olim Ko‘hkan 3 sentyabr kuni 63 yoshida Amerika Qo‘shma Shtatlarida og‘ir yurak kasalligi tufayli vafot etdi.
Muhammad Olim Ko‘hkan 1962 yilda Afg‘onistonning o‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan Faryob viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabni Xo‘ja Sabzpush tumanida, litseyni Maymana shahrida tamomlagan. 1983 yili Faryob Dorulmuallimin o‘quv dargohini, 2016 yilda Qobuldagi Gavharshod universitetining huquq fakultetini tugatgan.
Ko‘hkan 1981 yildan “Faryob” ro‘znomasida mas’ul kotib sifatida faoliyat boshlagan, keyinchalik bir necha yil bosh muharrir va bir muddat Balx viloyati axborot va madaniyat boshqarmasiga ham rahbarlik qilgan. Shuningdek, u Kobuldagi “Oyina” o‘zbek telekanali rahbari va “Ariana” telekanalining o‘zbek bo‘limi mas’uli sifatida ham faoliyat olib borgan. Afg‘onistondagi o‘zbeklar orasida birinchilardan bo‘lib nasrda asar yozgan.
Marhumning she’rlari “Faryob”, “Yulduz”, “Bilgi” va boshqa nashrlarda chop etilgan. 1999-2000 yillarda Peshovarda “Chovush” jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lgan. Ayrim hikoyalari “Qo‘rqinchli kunlar” to‘plamida chop etilgan. Qolaversa, u “Afg‘oniston Qalam jamiyati”, “Turon” ijtimoiy va madaniy jamg‘armasi hamda “Kitob markazi” jamg‘armasi a’zolaridan bo‘lgan. Zikrulloh Ishonch bilan hamkorlikda yozgan “O‘zbek adabiyati farhangi” kitobi 2016 yilda Maymanada chop etilgan. Shoirning ilk to‘plami “Afg‘oniston Qalam jamiyati” tomonidan, ikkinchi she’riy to‘plami “Qora ko‘zlarim” esa Qobulda nashr etilgan. Shuningdek, u Xolid Husayniyning “Dengiz duosi” va Nosir Ahmad Ahmadiyning “G‘azni nigini” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ko‘plab ijtimoiy va madaniy maqolalari turli gazetalarda chop etilgan.
Ko‘hkan Afg‘onistonning “Tolibon”dan avvalgi hukumati tomonidan “Mir Masjidi Xon” mukofoti, shuningdek Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasining “Chingiz Aytmatov” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgach, u AQSHga ko‘chgan. Marhum umrini o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlagan. Afg‘oniston Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti uning vafotini mamlakat madaniy va media jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish sifatida baholadi.

7 sentyabr kuni mashhur opera xonandasi, Alisher Navoiy nomidagi savlat akademik katta teatri solisti Yanika Bagryanskaya Turkiya klinikalaridan birida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Yanika Bagryanskaya Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlab va yigirma yildan ortiq vaqt davomida teatrning yetakchi metsso-soprano xonandalaridan biri bo‘lib kelgan. U “Romansiada” xalqaro romansi tanlovining II darajali mukofoti sovrindori, xalqaro festivallarda faol ishtirok etgan hamda o‘zining yuqori professional mahorat, sahna ijodkorligi va san’atga sadoqati bilan xalq ichida tanilgan.

Bu yo‘qotish nafaqat o‘zbek jamoatchiligiga, balki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining a’zosi Shahnoza Joldasovaga ham og‘ir yo‘qotish bo‘ldi – 15 sentyabr kuni taniqli kino va televideniye operatori, rejissyor Batir Bazarboyev 70 yoshida vafot etdi.
U “Dengiz suv so‘raydi”, “Orol qizlari” , “Dengizga yetib bor” , “Ajdar yili” , “O‘tgan yil” va boshqa bir qator ilmiy-ommabop, xronik filmlar operatori va rejissyori sifatida tomoshabinlarga tanish edi.
“Bugun O‘zbekiston kino arboblar ijodiy uyushmasi, Rossiya kinematograflar uyushmasi va Rossiya kinooperatorlar gildiyasi boshqarmasi a’zosi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti professori, otam Batir Bazarboyev bu yorug‘ dunyoni tark etdilar. U o‘z sohasining ustasi, minglab shogirdlarning ustozi, butun dunyoda maslakdoshlari bor inson edilar. Onam uchun eng yaxshi umr yo‘ldosh, biz uchun esa borini bergan ota edilar”, deb yozdi marhumning qizi.

17 sentyabrda adabiyotshunos G‘afurjon Tojiboyev 69 yoshida olamdan o‘tdi.
Taniqli shoir, adabiyotshunos G‘afurjon Tojiboyev 1956 yilda tug‘ilgan. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, professor Azim Hojiyev rahbarligida “Abdulla Qodiriy romanlarining tili” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yozib tugatgan.

Sentyabr oyida O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining yana bir a’zosi, taniqli maqomdon ustoz, xonanda, bastakor, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” Rahmatullo Inoyatov vafot etdi.

22 sentyabr kuni o‘zbek futbolini “Bunyodkor” klubi sobiq bosh murabbiyi, SSSR futbol chempionatining Birinchi ligasi g‘olibi, “Pomir” jamoasi a’zosi Sergey Arslanov 62 yoshida olamdan o‘tdi. Arslanov yoshlar terma jamoasi va 2024-yilda “Bunyodkor” klubida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. U 1988–1989-yillarda “Pomir” jamoasi safida himoyachi sifatida to‘p surgan. 1988-yilda bu klub bilan SSSR Birinchi ligasi chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u SSKA, “Navbahor” va “Qizilqum” klublarida ham o‘ynagan.

26 sentyabrda aktyor, rejissyor, hajviy qo‘shiqlar va so‘z ustasi Sherqo‘zi G‘oziyev 75 yoshida vafot etdi. Sherqo‘zi G‘oziyev faoliyati davomida “Teleminiatyuralar teatri”da hamda “Changalzor qiroli” filmida rollar ijro etgan. Shuningdek, “Sherxan” studiyasini ochib, hindlar bilan hamkorlikda 2006-yilda “Sherxan traktorchi” kinokomediyasini, 2008 yilda “Yolg‘iz emassan” melodrama filmlarini tasvirga olgan.

29 sentyabr tongida esa, Suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida olamdan o‘tgani haqidagi xabarni eshitdik. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Atoqli davlat va jamoat arbobi, Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi.
U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvonlari hamda “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

6 oktyabr kuni faxriy jurnalist Tillato‘ra Niyazmatov 84 yoshida olamdan o‘tdi. U jurnalistik faoliyatini “Komsomolskaya pravda” gazetasining O‘zbekistondagi muxbiri sifatida boshlagan.
Keyinchalik “RIA Novosti” axborot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasini boshqardi, qator bosma nashrlarda faoliyat olib bordi. 1992 yili mamlakatda birinchilar qatorida xususiy mustaqil “Noviy vek” gazetasini ta’sis etgan.

Bu orada Toshkent shahri 8-son oilaviy poliklinikasi jarroh shifokori Muhammadi Abdurahimov 7 oktyabr kuni 53 yoshida vafot etdi. U tajribali jarroh sifatida 2001 yildan buyon mazkur oilaviy poliklinikada mehnat qilib kelgan.

11 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Xalqaro agrar ta’lim akademiyasi akademigi, Toshkent davlat agrar universiteti professori Vladimir Zuyev 95 yoshida vafot etdi. Vladimir Zuyev 1930 yil 27 iyulda tug‘ilgan. Umrini ilm-fan, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohasining rivojiga bag‘ishlagan.

12 oktyabrda esa O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov 82 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Marhum 1991 yildan 1992 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘mondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

14 oktyabr kuni, haqiqatparvar jurnalist va jamoat faoli Nosir Zokir 73 yoshida bizni tark etdi. Nosir Zokir uzoq yillar davomida “Ozodlik” radiosida muxbir sifatida ishlagan. Shu bilan birga, u “Birlik” demokratik harakatining Namangan bo‘limiga rahbarlik qilgan. Muxolif fikrlari va tanqidiy chiqishlari sabab besh marta ozodlikdan mahrum etilgan.

16 oktyabrda filolog olim, “O‘zbekiston” nashriyoti muharriri Jumanazar Meliqulov vafot etdi.

30 oktyabr sanasida o‘zbek san’atida katta yo‘qotish yuz berdi. O‘zbekiston xalq artisti, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi teatr va dublyaj aktyori Yoqub Ahmedov 87 yoshda vafot etdi.
Marhum Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgandan so‘ng 1958 yildan beri Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatri aktyori, 1992 yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Yoqub Ahmedov uzoq yillar shu ijodiy jamoada ishlash jarayonida 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynadi. Dastlab Uyg‘unning “Parvona” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini o‘ynagan aktyor — bu birinchi va mustaqil roli ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi. U roldan-rolga o‘sib, keyinchalik qator ajoyib obrazlar yaratdi.
Yoqub Ahmedovni keng san’at muxlislariga tanitgan ilk obraz — bu Turob To‘la ssenariysi asosida, rejissyor Yo‘ldosh A’zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan “Furqat” filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Shundan keyin Yoqub Ahmedov kinoda 30 ga yaqin obraz yaratib, o‘zbek kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. U yaratgan Okxoy (“Ganga qizi”), Azizbek (“O‘tgan kunlar”), Amir Olimxon (“Qora konsulning halokati”), Shayx (“Hamza”), Sultonali (“Mehrobdan chayon”) va boshqa obrazlarni alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Shuningdek, Yoqub Ahmedov “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz berdi. Taniqli san’atkor “Alisher Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Diyonat”, “Girdob”, “Ichkuyov” va boshqa videofilmlarda ham yetakchi rollarni ijro etdi.

Oradan bir kun o‘tib, 31 oktyabrda usta kulol Xudoyberdi Haqberdiyev 76 yoshida vafot etgani haqidagi xabarni eshitdik. Haqberdiyev O‘zbekiston xalq rassomi Umar Juraqulovning shogirdi edi. U Samarqand kulolchilik maktabini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

Joriy yilning 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Mo‘minovich Mansurov 68 yoshida vafot etdi.
Polkovnik uzoq yillik xizmat faoliyati davomida ko‘p marotaba mukofotlangan. Xususan, 2024 yilda Chegara qo‘shinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

7 noyabrda 1992-1995 yillarda Navoiy viloyatining birinchi hokimi vazifasida faoliyat yuritgan Abduholiq Aydarqulov 83 yoshda vafot etdi.

Fizika-matematika fanlari doktori, professor, Xalqaro Quyosh Energiyasi Jamiyati a’zosi, “Solar Energy” jurnali tahrir hay’ati a’zosi, xalqaro miqyosdagi taniqli olim, O‘zR FA S. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti Fotoelektronika laboratoriyasi mudiri Tohirjon Roziqov 8 noyabrda olamdan o‘tdi.
U 1950 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagan.
10 dan ortiq fizika-matematika fanlari falsafa doktori hamda ikkita fan doktorlarini tayyorlagan. AQSH, Meksika, Malayziyaning nufuzli universitetlarida yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasida professor lavozimida dolzarb ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar kengashi raisi, O‘FA Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Murabbiylar kengashi a’zosi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” To‘lagan Isoqov 8 noyabrda olamdan o‘tdi.

9 noyabrda kadarli xabar ziyolilarimni mahzun qildi. Umrini o‘zbek tili uchun kurashga bag‘ishlagan olim Baxtiyor Isabek (O‘rdabekli) 80 yoshida olamdan o‘tdi.
U ilk mehnat faoliyatini 1966 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasida laborant sifatida boshlagan. 1968-1993 yillarda sobiq ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1980-yillarning oxirlarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib chiqqan ziyolilardan biri bo‘lgan va bu harakatlarda uning talabalari ham faol ishtirok etgan.
1993 yilda demokratik qarashlari sababli ishdan bo‘shatilgan Isabek nafaqaga chiqqunga qadar ishsiz qolgan. U o‘z xotiralarida til masalasi bilan bog‘liq harakatlarda “butun kaltak o‘z boshimda sindi” deb yozgan.
“O‘zbek tilining davlat tili bo‘lishi uchun menga o‘xshagan ko‘p odam azob tortgan, ammo butun kaltak menda singan. Keyin esa o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishida tashabbus ko‘rsatganlar ko‘payib ketdi. Mayli, yaxshi ishning sohiblari ko‘p bo‘ladi. Millatning birinchi belgisi — til. Agar tilning o‘lmasligi uchun harakat qilgan odamni ko‘rsangiz, bilingki, u millatning o‘lmasligi uchun ham harakat qilgan insondir”, degan edi u.
Baxtiyor Isabek universitetda ishlagan davrda ham ijodiy va ilmiy faoliyatni to‘xtatmagan. Uning ilk kitobi 1984 yilda Iristoy Qo‘chqortoyev bilan hamkorlikda yozilgan va nashr etilgan “Turkiy filologiyaga kirish” qo‘llanmasidir. 1995 yilda “Sayram” risolasini, 2006 yilda esa Qozog‘istondagi o‘zbek maktablarining 10-sinfi uchun “O‘zbek tili” darsligini yozgan. Shuningdek, “Sulton Rabot”, “Erk yo‘lida”, “Turkologiyaga kirish”, “Qiziqarli ona tili”, “O‘g‘uznoma”, “Yassaviy hikmatlari lug‘ati” kabi o‘nlab asarlar muallifi va “Yassaviy nasabnomasi va Amir Temur” kitobiga so‘zboshi yozgan.
Bundan tashqari, Turkiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha tarixchi va sharqshunos olim Boymirza Hayitning “Turkiston Rossiya va Xitoy oralig‘ida”, Fuod Ko‘pruluning “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar”, Lev Gumilyovning “Qadimgi turklar” asarlarini hamda qozoq yozuvchisi O‘ljas Sulaymonovning “Az i Ya” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Olimning shu kunga qadar beshta ilmiy asari va 200 dan ortiq maqolalari chop etilgan. U Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi xalqaro mukofot sohibidir.

10 noyabr ham yana bir filologimizdan ayrildik. Filologiya fanlari doktori, professor Nasimxon Rahmonov 73 yoshida vafot etdi.
Olim 1952 yilda Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Jov qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1984-yili “Kultegin yodnomasi (VIII asr) poetikasi” nomli mavzuda nomzodlik, 1991-yili “O‘rxun-Yenisey yozma yodgorliklari va turkiy eposlar munosabati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Marhum 1993 yilda professor ilmiy unvonini olgan. Nasimxon Rahmonov, shuningdek, ikki kitobdan iborat “Oltun yorug‘” asarini o‘zbek tiliga tabdil qilib, chop ettirgan.

19 noyabr kuni nuroniy otaxon Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshda vafot etdi. U 60 yil davomida teleradio sohasida xizmat ko‘rsatgan, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” loyihasi boshlovchisi sifatida tanilgandi.
U “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Dunyoning ishlari“, “Inson sadoqati”,“Billur qandillar”, ”E’tirof” kabi 50 dan ziyod videofilmlarni, “Buni hayot deydilar” turkum ko‘rsatuvlarini tasvirga olishda ishtirok etgan. Mirzaahmedov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni, “Mehnat shuhrati” va ”Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.
Yozuvchi va huquqshunos Isfandiyor 23-noyabri kuni olamdan o‘tdi. Isfandiyor Matkarimov 1946 yili Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. 1969 yili Farg‘ona Davlat pedagogika institutini, 1971-yili Farg‘onadagi musiqa o‘quv yurtini, 1978 yili Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining nasr bo‘limini, 1981 yili “Davlatkino” qoshidagi Oliy ssenaristlar kursini, 1997 yili Toshkent yuridik institutini tamomlagan. 1996 yildan advokatlik lavozimida ishlagan.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli olim Azmuddin Sadriddinov 5 dekabr kuni 89 yoshida vafot etdi.
U o‘zining mehnat va ilmiy faoliyatini 1959-yilda boshlagan. 1968-yilda nomzodlik, 1986-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. O‘z faoliyati davomida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, xususan, paxta terish mashinalari nazariyasi va ularni matematik modellashtirish yo‘nalishida ilmiy maktab yaratgan yirik olim sifatida tanilgan.
1959-2024 yillar davomida u ilmiy-pedagogik faoliyat olib borib, 300 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan 38 ta mualliflik guvohnomasi va patentlar muallifi bo‘lgan. O‘zbekiston ilm-faniga qo‘shgan xizmatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi” faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

9 dekabr kuni taniqli pulmonolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi Abdulla Ubaydullayev Muharramovich 91 yoshida olamdan o‘tdi.
Ubaydullayev 1934 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Fiziatriya va pulmonologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi pulmonologiya va klinik allergologiya kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi bosh pulmonologi bo‘lib ishlagan.

10 dekabr kuni o‘z umrini qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, dehqonchilik va fermerlikni taraqqiy ettirishga bag‘ishlagan, fermerlik harakatining fidoyi vakillaridan biri, O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Homidov 82 yoshida vafot etdi.
O‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida mexanizator sifatida boshlagan. Keyinchalik shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida faoliyat yuritgan, 2007 yildan esa “Shahand humo qushi” fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.
2017 yildan buyon mehnat faxriysi sifatida yurt ravnaqiga, qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etgan.
Fermerlik harakatining faol va tashabbuskor vakillaridan biri sifatida Abduraim Homidov paxtadan yuqori hosil olish borasida o‘ziga xos amaliy maktab yaratgan, tajribasi orqali ko‘plab fermer va dehqonlar uchun namuna bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan xizmatlari uchun u 1993 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i”, 2001 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2004 yilda esa yurtimizning oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev marhumning oila a’zolariga ta’ziya yo‘lladi.

Tugayotgan yilning shov-shuvli voqealaridan biri sifatida yodimizda qolgan AQSHdagi otishmada halok bo‘lgan vatandoshimiz bilan bog‘liq holat bo‘ldi. O‘limi ortidan “Green Card” to‘xtatilgan, 18 yoshli Muhammadaziz Umurzoqov 13 dekabrda AQSHning Rod-Aylend shtati, Providens shahrida joylashgan Braun universitetidagi ommaviy otishma chog‘i vafot etdi.
Muhammadazizning oilasi 2011 yilda Bruklindan Midloshenga ko‘chib o‘tgan. Ular bundan ikki yil avval O‘zbekistondan AQSHga ko‘chib borib, keyinchalik AQSH fuqaroligini olgan. Onasi hamshira, otasi esa yuk tashish kompaniyasi egasi. Voqeadan bir necha soat oldin Muhammadazizning ota-onasi uzoq yillik tayyorgarlikdan so‘ng Saudiya Arabistoniga Umra safariga yo‘l olgan edi. Ular Misrda qo‘nib o‘tishi vaqtida qizlari ularga ukalari bedarak yo‘qolganini aytishgan, Saudiya Arabistoniga yetib borgach esa uning vafot etganini ma’lum qilishgan.
Umurzoqovning oila a’zolari va do‘stlari uni tirishqoq, mehribon va boshqalarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor inson sifatida ta’riflashgan. Muhammadaziz Midlothian o‘rta maktabida a’lo bahoga o‘qigan, BMT Modeli, viktorinalar va debatlarda faol qatnashgan. U bolaligida miya operatsiyasini boshdan kechirgan, bu esa unda miya jarrohi bo‘lish orzusini yanada mustahkamlagan. Yigit universitetga stipendiya asosida qabul qilingan va yozda noutbuk sotib olish uchun Wawa do‘konida ishlagan.

Dekabr oyi o‘rtasida jurnalist Muharrama Pirmatova 54 yoshida vafot etdi. 1993 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi TDSHU) “Arab filologiyasi” fakultetini bakalavr, 2000 yilda aspiranturasini tamomlagan. Marhuma xalqaro jurnalist sifatida O‘zbekiston milliy axborot agentligida faoliyat yuritgan, dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan tanilgan.

15 dekabr kuni davlat qurilishi va ma’muriy huquq sohasidagi taniqli yurist va olim – yuridik fanlar doktori, professor Isa Hamidov 73 yoshida vafot etdi. U ko‘p yillar davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) dars berib, Davlat qurilishi va ommaviy huquq markaziga rahbarlik qilgan. Davlat va jamoat qurilishi sohasidagi ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, Ma’muriy islohot konsepsiyasini, O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Ko‘plab ilmiy ishlar, darsliklar va qo‘llanmalar muallifi. Bir necha avlod yuristlarini tarbiyalab yetishtirgan.

18 dekabr kuni agrar sohasiga katta hissa qo‘shgan professor, Andijon viloyati agrar sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli olim, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Oybek Yaqubjanov 74 yoshida olamdan o‘tdi.
Marhum faoliyati davomida Prezident Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti rektori, shuningdek, qator mas’ul rahbarlik va ilmiy lavozimlarda ishlagan.

21 dekabrda Tashqi ishlar vazirligi tizimida uzoq yillar xizmat qilgan Omonjon Nig‘manov hayotdan ko‘z yumdi. Marhum 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida hamda O‘zbekistonning Germaniya, Yaponiya va Eron davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida haydovchi-mexanik sifatida faoliyat olib borgan.

Hech qancha vaqt o‘tmay, 24 dekabrda Tashqi ishlar vazirligi tizimida yana bir ayriliq yuz berdi. 1996 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, O‘zbekistonning Germaniya, Malayziya hamda Indoneziyadagi diplomatik vakolatxonalarida hisobchi lavozimida mehnat qilgan Abduqahhor Mavlonov vafot etdi.

“Unutmoq osonmas bizlarni”. Darhaqiqat yuqorida nomlari qayd etilgan insoni azizlarni unutib bo‘lmaydi. Bu ro‘yxatimiz so‘nggida ismi keltirilgan xonanda Rahmatillo Yusupov “Unutmoq osonmas bizlarni”, deya xonish qilib, xotiralarimizda chiroq yoqqan Oxunjon Madaliyevning shogirdi edi.
Rahmatillo Yusupov 27 dekabr kuni 44 yoshida vafot etdi. U 1981 yil 15 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida dunyoga kelgan. Bolaligidan taniqli xonanda Oxunjon Madaliyevga shogird tushib, xonandaning uslubi va imijiga ergashgan. Shuning uchun ham Rahmatillo Yusupovni “ikkinchi Oxunjon Madaliyev” deb atashgan.
San’atkor 100 dan ortiq qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan. Uning “Ketgim kelmayapti onajon”, “Kelinchak” kabi qo‘shiqlari xalq orasida ayniqsa mashhur.

Yil oxiriga yetar, hayot davom etar ekan ammo bu ismlar hamon shuurimizda mangu saqlanishiga ishonamiz. Chunki har biri – bir maktab, bir davr, bir avlod xotirasi. Ular bugun manguga qovushdi, ammo qoldirib ketgan so‘z, ovoz, ohang, fikr va ibratlari tirik. Millatni millat qiladigan ham aynan shu – xotirani unutmaslik, qadrni kech anglamaslik.
Vaqt beomon – bu yil bizdan ketgan ziyolilar nafaqat o‘tmish, balki kelajak oldida ham qarz qoldirib ketishdi: ularni eslash, asrash, o‘rnak olish qarzi. Chunki inson o‘lishi mumkin, ammo ma’no o‘lmas ekan – u xalq xotirasida yashayveradi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025