“Tur o‘rningdan, do‘pping qani?” – Madaniyat vazirligida xodimlar do‘ppili va do‘ppisizga ajralib qolyapti
Madaniyat-san’at
−
10 dekabr 2021
69901Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlar orqali videobayonot bilan chiqib, endi vazirlik xodimlari ishga do‘ppi kiyib kelishi yo‘lga qo‘yilgani haqida gapirib, boshqa hamkasblarini ham do‘ppi kiyish borasida shaxsiy namuna bo‘lishga chaqirgan edi.
Nazarbekov boshchiligidagi Madaniyat vazirligidagilarning do‘ppi kiyish borasidagi ushbu qarori ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab ayovsiz muhokamalarga sabab bo‘ldi. Vazirning milliy qadriyatlarni ishga do‘ppi kiyib kelish yo‘li bilan hayotga qaytarish va uni ommalashtirish borasidagi taklifi ko‘p o‘tmay tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi.
Ayni vaqtda tarmoqda do‘ppi masalasi trendda turibdi. Jamoatchilik Nazarbekovdan do‘ppi kiyishni targ‘ib qilguncha, ishni madaniyatning eng oddiy ko‘rinishlaridan boshlashga chaqirmoqda.
“Tizim korrupsiya va o‘g‘irliklarga botib yotganda, shu yilning o‘zida 4 milliard pul qayerga ishlatilganini bilmay, bosh qashlab o‘tirilganda, qaysi do‘ppi haqida gapiryapsiz, janob Nazarbekov”, deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
Xullas, vazirga do‘ppi bo‘yicha bildirgan taklifi ortidan kelgan tanqidlar og‘ir ta’sir qildi chog‘i vazirlikda uning o‘zi birinchilardan bo‘lib do‘ppini tashladi. Vazirlik axborot xizmati tomonidan tarqatilgan so‘nggi xabarlar, Nazarbekovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida joylashtirilgan oxirgi postlarda vazirning do‘ppisiz o‘tirganini ko‘rish mumkin.
O‘ylamay qabul qilingan qaror esa vazirlikda ikki bo‘linishni ham keltirib chiqargan. Bugun, 10 dekabr kuni Madaniyat vazirligida o‘tgan yig‘ilishda majlis ishtirokchilarining yarmi do‘ppida, yarmi esa bosh kiyimsiz o‘tirganini ko‘rish mumkin. Boshqalardan shaxsiy namuna talab qilgan Nazarbekovning o‘zi esa birinchilardan bo‘lib do‘ppini tashlagan.
LiveBarchasi