Tundagi fojia: Sergelidagi portlash haqida nimalar ma’lum?

Tahlil

image

Tunda bo‘lgan fojia

Bugun, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Tungi soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ma’lumot kelib tushgan. 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon hodisa ro‘y bergan hududga yetib borgan. Oradan 8 soat o‘tibgina yong‘in batamom o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishga vertolyotlar ham jalb etilgan. FVV hodisa “camolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan”i aytilgan xabarlarni rad etgan. Omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari ham jalb etilgan.

Bir o‘lim va yuzdan ortiq jabrlanganlar

“Quruvchilar” dahasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizilgan. 

Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ambulator tibbiy yordami ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.  

Aytish joizki, ushbu fojiada jabrlanganlardan tashqari bir o‘lim holati ham qayd etildi.

Portlash oqibatida 17 yashar bola halok bo‘ldi. QALAMPIR.UZ manbasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u tumandagi 305-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayev bo‘lgan. 

Bola portlash sodir bo‘lgan vaqtda o‘z uyida, xonaning derazaga yaqin qismida uxlayotgan bo‘lgan. Kuchli zarbdan xona ichiga qulagan rom oynasi bolaning bo‘ynini kesib yuborgan. U voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan.

Hozirda marhumning uyida portlashdan keyingi chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani uchun uning tobuti xolasining uyidan ko‘tarilgani aytilmoqda. Janoza bugun peshin namozidan keyin o‘qilgan.

Portlash zararlari

Tunda Sergeli tumanida yuz bergan kuchli portlash oqibatida hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon, 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgani aniqlangan.

Shuningdek, hududdagi 24 ta ko‘p qavatli uy va 25 ta hovlining fasad, oyna-rom va tom qismi zarar ko‘rgan.

“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga ko‘ra, portlash oqibatida ”Quruvchilar” metro bekatiga ham shikast yetgan.

“Uzbekistan Airports” esa portlash poytaxt aeroporti faoliyatiga ta’sir qilmaganini bildirgan.

“Voqea poytaxt aeroporti faoliyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Toshkent xalqaro aeroporti cheklovlarsiz odatiy rejimda ishlamoqda”, deyiladi xabarda.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning qayd etishicha, “Inter logistics” MCHJga qarashli omborda sodir bo‘lgan yong‘in ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Muhokamalarda yong‘in ob’ekti bojxona inshooti sifatida talqin qilinmoqda. 

“Ta’kidlash joizki, mazkur omborning ma’lum bir qismi bojxona ombori maqomiga ega”, deydi Husan Tangriyev.

Shuningdek, Tangriyevga ko‘ra, bojxona ombori tadbirkorlik sub’ektlarining litsenziyalanadigan faoliyat turiga kiradi. 

Zararlar qoplanadimi?

Portlash sodir bo‘lgan joyga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, Bosh vazir Abdulla Aripov yetib bordi. Shundan so‘ng, Shavkat Umrzoqov portlash zararlari qoplanishini ma’lum qildi.

“Sergeli tumanida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kelib chiqqan yong‘inni to‘liq bartaraf etish hamda jarohatlanganlarga yordam berish barobarida, hodisa oqibatida yetkazilgan zararni baholash va bosqichma-bosqich qoplash yuzasidan ishlar boshlandi”, deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi. 

Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Sergelida yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. 

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Tunda yuz bergan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan bo‘lib, yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Sergelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing