Tumov uchun burun kesilmaydi yoxud Vazirlar Mahkamasi “qo‘pol” xodimidan nega voz kechdi?

Tahlil

image

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida 2019 yil 16 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi xodimi va o‘zini tadbirkor, deb atagan fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv aks etgan video-tasvir keng omma o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasi xodimi ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani va u “xizmat vazifasiga nomuvofiq deb topilib, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan”i haqidagi xabarni bergan edik.

Mazkur ish yuzasidan “qo‘pol” xodimning taqdiri va murojaatchining nima maqsadda kelganligini aniqlash uchun Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati xodimi bilan uchrashdim.

Mas’ul xodimning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil 16 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan video-tasvir muallifi, ya’ni fuqaro J.Ahmedov (shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida ro‘yhatdan o‘tganligi sabab familiyasini fosh etish o‘rinli) bo‘lib, u Vazirlar Mahkamasining xat va murojaatlar bo‘limiga kredit olish masalasida kelgan. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 1 iyulda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Mazkur farmonga muvofiq O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi xuzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma mablag‘lari yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplar, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish kabi amaliy yordam ishlariga yo‘naltirilishi kerak. Fuqaro J.Ahmedov aynan shu masalada Vazirlar Mahkamasining xat va murojaatlar bo‘limiga kelgan.

Shu o‘rinda davlat qonunchiligi va normativ hujjatlarida belgilab o‘tilgan davlat boshqaruvi tizimi faoliyatiga doir “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti” aynan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bevosita vakolati hamda vazifalari 1-, 2-, 3- va 6-bob matnlarida aks etgani haqida aytib o‘tmoqchiman. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrda imzolangan, PF-3358-son bilan ro‘yxatga kiritilgan “Respublika Davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Ilovasini diqqat bilan o‘rganib chiqish foydadan holi emasligini ta’kidlayman. 

Fuqaro J.Ahmedov aslida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining o‘zi istiqomat qilayotgan hududiy bo‘linmasiga murojaat etishi, masala hal bo‘lmagan taqdirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining hududiy yoki respublikada markazlashgan tashkilotiga arz qilishi mumkin edi. Ijrochi tashkilot, idoralari ba’zi xodimlarining o‘z xizmat vazifasiga bepisand munosabati hamda xizmat vazifasi doirasidagi vakolatini suiste’mol qilishi oqibatida mana shu kabi tushunmovchilik holatlari yuzaga kelayotgani sir emas. Ya’ni, ba’zi fuqarolarning muammo va masalalar yuzasidagi murojaatlarining tegishlilik bo‘yicha emasligini huquqiy madaniyatsizlikka yo‘yish noo‘rin xulosa. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 fevralda imzolagan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi” to‘g‘risidagi Farmoni hamda ilovadagi: 

1.2. Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish;
1.3. Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish;
2.2. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash haqidagi ko‘rsatmalariga zid bo‘lgan harakatlar sodir bo‘lgan. 

Ta’kidlash joiz, o‘tgan vaqt mobaynidagi o‘zgarishlar (masalan, mutasaddilarning xizmat lavozimi o‘zgarganligi, MXX qayta shakllantirilganligi) inobatga olinib, mazkur farmondagi harakatlar strategiyasini amalga oshirish Milliy komissiyasi tarkibi yangilanishini taqozo etmoqda. 

Fuqaro J.Ahmedov video-tasvirda mas’ul xodimga 45 daqiqadan beri uni kutayotganini iddao qilgan

Men Vazirlar Mahkamasining xat va murojaatlar bo‘limiga borib, qabul ro‘yxatiga 67-bo‘lib kiritildim. O‘shanda soat 12:13 edi. Shu kuni tushgacha 66 nafar fuqaro qabulga kelgan. Fuqarolar uchun maxsus ajratilgan kutish xonasida o‘z navbatini kutib o‘tirgan murojaatchilarning soni yigirmaga yaqin edi. Bo‘lim xodimlari bir vaqtning o‘zida bir nechta xonalarda murojaatchilarni qabul qilib, uzog‘i bilan 10-15 daqiqalarda yuzma-yuz suhbatni yakunlashga, navbatdagilarni kuttirib qo‘ymaslikka harakat qilardi. “Harakat qilardi” deyishimga sabab murojaatchilarning aksariyati yoshi keksalar, ular esa suhbatlashishni xush ko‘rishlarini aytib o‘tirmasam ham ko‘pchilikka ma’lum. Eshik oldidagi militsiya gvardiyachilari bino va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash vazifasi doirasida murojaatchilarning ism-familiyalarini qayd etib, mobil aloqa vositalarini vaqtinchalik musodara qilishlariga guvoh bo‘ldim. 

Yoshi va mansabi kattaroq bir xodim murojaatga kelganlarni huquqiy, tadbirkorlik, maishiy, shaxsiy kabi masalalarda qabul olib borayotgan xodimlar xonasiga kuzatib qo‘yish bilan band (keyin bilsam, bu kishi bo‘lim rahbari ekan). Kutish xonasida murojaatchilarning nima masalalarda kelganliklariga qiziqdim: kim uy olish, kimdir mahallasiga asfalt yotqizish, yana kimdir stadion qurish uchun yer olish masalasida kelgan. Qo‘riqchi gvardiyachilardan tortib, bo‘lim xodimlarigacha fuqarolarga yaxshi muomalada kimga “otaxon”, kimnidir “onaxon”, “singlim” , “ukam” kabi iliq so‘zlar bilan murojaat etishayotgani umidsizlikka tushgan odamni ham ruhlantirib yuboradi.

Taxminan yigirma daqiqalarda navbatim kelib, “umumiy masalalarda” kelganim bois bo‘limning bir xodimi meni xonaga taklif etdi. U o‘zini tanishtirgach, men maqsadimni aytdim: ijtimoiy tarmoqlarda tarqab, muhokamalarga sabab bo‘lgan videodagi Vazirlar Mahkamasi xat va murojaatlar bo‘limi sobiq xodimining taqdiri haqida ma’lumot olish uchun kelganimni bildirdim. O‘zini Eldor deb tanishtirgan mazkur xodim video-tasvir sabab ishdan bo‘shatilgan sobiq hamkasbining xarakteri og‘ir-bosiq, xushmuomala ekanligini aytdi. O‘sha voqea sodir bo‘lgan kuni murojaatchi ham uni qabul qilgan, suhbatlashgan “qo‘pol” xodimni yaxshi gaplar bilan “siylamagan”ligini bildirdi. Qo‘shimcha savollar bilan bo‘lim rahbariga murojaat etishim mumkinligini aytib, meni kuzatib qo‘ydi. Xat va murojaatlar bo‘limi rahbari (o‘zini tanishtirishni istamadi)ning menga bergan birinchi savoli “U sizga kim bo‘ladi?”. Men: “Hech kim!”. 

U sobiq xodimi 2015 yildan buyon ishlab kelganini, ungacha olti yil mobaynida (2009-2015yillar) Adliya vazirligi tizimida xizmat qilgani haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi:

— Kuniga 100dan ziyod fuqaro qabulga keladi. Ularning muammolari turli mavzularda. Shunga yarasha muomala va xulq ham turlicha. Odamlar bilan bir xilda xushmuomalalik bilan ishlash, har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilish ko‘nikmasiga ega xodimlarni bo‘limga saralab olamiz. Ko‘rib turibsiz, bir daqiqa ham g‘animat. Sodir bo‘lgan voqeada xodim qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ydi. Buni kechirib bo‘lmaydi, — dedi bo‘lim rahbari. Mutasaddi xodim mening “Avval ham mazkur xodim tomonidan fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilgan holatlari kuzatilganmi?” degan savolimga qat’iy “Yo‘q!” deb javob berdi. Kasbim etikasi talablariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati xodimiga uchrashib, yig‘ilgan ma’lumotlardan jurnalistik material tayyorlashda foydalanishimni ma’lum qildim.

Shu o‘rinda bino qo‘riqlash xizmatidagi gvardiyachilarning sobiq xodim haqidagi ijobiy fikrlarini, 25 yildan buyon Vazirlar Mahkamasi lavozimlarining birida xizmat qilib kelayotgan, barcha bo‘lim xodimlari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan mas’ul xodimning “faqat bitta gap aytaman: xushmuomalali ochiqko‘ngil yigit!” degan fikrlarini ta’kidlashim, lekin shunga qaramay xodimga nisbatan keskin chora ko‘rilganini aytib o‘tishim joiz.

Jurnalistik surishtiruv jarayonida Vazirlar Mahkamasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘limining sobiq bosh mutahassisi E.N.(ma’lum sabablarga ko‘ra ism-sharifini to‘liq bermayman) O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi “Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish”ga asosan o‘z vazifasidan ozod etilganligi ma’lum bo‘ldi. 

Shu o‘rinda menda bir savol tug‘ildi: nima uchun to‘rt yildan buyon yaxshi ishlab kelgan xodim birgina xatosi tufayli (J.Ahmedov mobil telefonini qo‘riqchilardan qaytarib olgach, ataylab xodim E.N.ni tashqariga chaqirgan hamda uning nafsoniyatiga tegib quyushqondan chiqishiga sabab bo‘lgan va bu holatni yashirincha tasvirga olgan) idora, tashkilot ishlariga layoqatsizligini bildirib, obro‘sizlantiruvchi og‘ir modda bilan ishdan bo‘shatildi? Axir, video-tasvirda yaqqol ko‘rinib turibdi-ku, u ruhiy salomatligi mavhum bo‘lgan bir kimsaning g‘arazli husumati nishoniga aylangan!

Kulminatsiya: haqoratlar!

J.Ahmedov o‘zi yashirincha olgan video-tasvirda, men tadbirkorman, oila boshlig‘iman, deganda nima demoqchi bo‘lgan? Bu bilan u idora vakiliga, sen hech kimsan, faqat tadbirkor bo‘lsangina jamiyatga foydang tegadi, demoqchimi?! Balki, u tegishli idoralarga hujjat yig‘ib borish o‘rniga birato‘lasi yuqori tashkilotga kelib, dardini to‘kib, birgina qo‘ng‘iroq bilan ishimni osongina hal qilaman, deb o‘ylaganmi? “Sen mening ishimni hal qilib berish uchun o‘tiribsan. Nima uchun maosh olyapsan bo‘lmasa?! Sendaqalarni deb qonun ishlamayapti”, deydi qo‘lini paxsa qilib J.Ahmedov. Agar u mantiqan fikrlashni bilsa, Vazirlar Mahkamasi xat va murojaatlar bo‘limi xodimlarining biror-bir tashkilotga bosim o‘tkazib, u yoki bu masalani uzil-kesil hal qilib berish vakolatiga ega emasligini tushungan bo‘lardi

To‘g‘ri, Vazirlar Mahkamasining sobiq xodimi ham quyushqondan chiqqani rost: “Terpila”misan, terpilaligingni qilaver!”. Ehtimol, qaysidir ma’noda Vazirlar Mahkamasi sobiq xodimi haqdir. Aks holda, J.Ahmedovning g‘araz niyatda bu hodisani ataylab uyushtirgani va yashirincha video-tasvirga olganini boshqa nima deb atash mumkin?! Bilishimcha, o‘sha kuni murojaatchi J.Ahmedov ham bo‘limni tark etguncha janjal ko‘targan. Afsuski, bunga faqat qo‘riqlash xizmati xodimlari va o‘sha kuni qabul navbatini kutib o‘tirgan fuqarolar guvoh bo‘lishgan. Bino ichida video-kuzatuv moslamalari o‘rnatilmagan. Agar shu zormanda bo‘lganida balki bo‘lim rahbari o‘z xodimini himoya qilib, hech bo‘lmaganda hayfsan e’lon qilishi mumkinmidi. Achinarlisi, mana shunaqa sub’ektiv salbiy holat oqibatida misqollab yig‘ilgan hurmat-e’tibor bir kunda to‘kilib, bir insonning taqdiri hal bo‘ldi. Idora esa malakali kadridan voz kechdi.

“Terpila” haqoratmi? U kim?

“Terpila” huquqni himoya qilish tizimlarida ko‘p qo‘llaniladigan “poterpevshiy” – jabrlanuvchi, so‘zining qisqartmasi. Bu so‘z poytaxt hamda boshqa viloyatlar shevasidagi jargon va bu so‘zning biroz haqoratomuz ohangda ishlatilishini hisobga olmaganda hech qanday aks ma’noga ega emas. “Terpila” o‘zini jabrdiyda deb bilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. 

Umrim davomida bir marta shunaqa “terpila”ga duch kelganman. Bundan bir necha yillar avval turmush o‘rtog‘im poytaxt mahallalarining birida avtomashina boshqarib ketayotib sochiga oq oralagan kishining oyog‘idagi barmoq panjalarini (!) bosib ketgan. Ko‘p yillik tajribaga ega haydovchining shunday “jinoyat” sodir etganligi meni juda hayron qoldirgandi. Jabrlanuvchi militsiyaga xabar bermasligini, yaqin o‘rtadagi poliklinikaga borib jarohatni bog‘lab, uyiga eltib qo‘yishni so‘ragan. Nufuzli idoralarning birida harbiy xizmatini o‘tayotgan turmush o‘rtog‘im uchun bu taklif ma’qul kelgan. 

Shu kundan boshlab go‘yo ro‘zg‘orimiz ikki bo‘ldi. Kunda kunora patir nonu qaymoq, go‘sht jabrdiydaning iltimosiga ko‘ra uyiga olib borib turildi. Bir kuni u kishi qo‘ng‘iroq qilib, shifokor ko‘rigiga borishini aytdi. Men ham ergashdim. Turmush o‘rtog‘im jabrdiydani yetaklab xonama xona shifokor ko‘rigidan o‘tkazayotgan bir paytda hamshiralardan biri menga, biz jabrdiyda deb o‘ylayotgan bu kishi aslida “singan panjalari” bilan poliklinikaga tez-tez kelib turishini, ataylab yurib ketayotgan avtomashina g‘ildiraklari ostiga oyog‘ini qo‘yib berishini aytganida (menimcha angrayib qoldim o‘shanda) qay holatga tushganimni faqat tasavvur qilishingiz mumkin. Bundan chiqdi bu kimsaning “tirikchiligi” shu ekan (surishtirdik mahallasidan, uni “taniydigan” haydovchi ko‘p)! 

Shundan keyin u kishiga boshqa hech narsa olib bormasliklarini turmush o‘rtog‘imdan iltimos qildim. Oradan bir necha kun o‘tgach, uy telefonimizga “jabrdiyda”ning ayoli qo‘ng‘iroq qilib, ertalabki nonushtaga qaymoq-patir kelmay qo‘yganidan nolidi. Turmush o‘rtog‘im oyoq, to‘piq olib borib berishlarini, sho‘rva qaynatib eriga ichirishi kerakligini aytganida “portladim”: “Kelinoyi, keling yaxshisi, turmush o‘rtog‘imni militsiyaga topshirib yubora qolinglar” dedim. Shu-shu boshqa bezovta qilmaydigan bo‘lishdi.

Xulosa

Nufuzli idoralarning birida sodir bo‘lgan noxush voqea, uning ishtirokchilari tez kunda ko‘pchilikning xotirasidan o‘chadi. Chunki axborotlashgan zamonamizda bu “sensatsiya”ning o‘rnini yana boshqasi egallaydi. Bunga misol, yaqindagina “zamhokim”lar axborot jangi maydoniga chaqirilgandi. Bundan tashqari, MIB xodimining kaltaklanishi, shifokorga nisbatan zo‘ravonlik, YPX xodimlariga nisbatan suiqasdlik harakatlari va h.k. va h.k. Ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlik, qotillik haqidagi xabarlarni-ku, aytmasa ham bo‘laveradi. Biz o‘zbeklar, qachon Internet degani kashf etiladi-yu, bor kirdikorlarimizni butun olamga namoyish etamiz, deb shum niyat qilganmiz go‘yo.   

Ijtimoiy tarmoqdagi video-tasvirga asoslanib, o‘z xodimiga nisbatan Vazirlar Mahkamasi rahbar xodimlari to‘g‘ri qaror qabul qildi, deb aytolmayman. Bu huddi tumov bo‘lgan burunni kesib tashlashdek gap. Shu ketishda axborot maydonida shaxsiy manfaatlari yo‘lida ish olib boruvchi “korchalonlar” ko‘payib, tashkilot yoki idora vakilini sharmanda qilish yo‘li bilan o‘z maqsadiga erishish osonlashadi.  Axir qachongacha xodimni bo‘shatish bilan masalani uzil-kesil hal qilish mumkin!? Bu holat davom etaversa, davlat idoralarida ishlaydigan xodim qoladimi?! Xalq orasida alamzadalik, davlat siyosatiga ishonchsizlik urchishi aniq. Omma boqimandalik, manmanlik, tanballikka ruju qo‘yadi. Va nihoyat, jamiyatimiz korrupsiyadan-da xavfli bo‘lgan “gedonizm” illatiga duch keladi. 

Ijtimoiy tarmoqlar OAV emas! Unda tekshirilmagan, isbot-dalillanmagan, manbasi noma’lum  ma’lumotlar qaynab yotibdi. Bunday yechim xizmat vazifasini ado etayotgan ishchi-xodimlarga dahl qilish holatlarining oldini oladi, deb o‘ylash xato. Har qanday idora va idora rahbari, avvalo, o‘z ishchi-xodimining xavfsizligi, huquqlarini ta’minlashi zarur. Aks holda ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqaruv organlariga bosim ko‘payadi. Oqibatda butun jamiyatimiz parokandalikka uchraydi. 

Vazirlar Mahkamasi sobiq xodimini kimningdir o‘g‘li, ehtimol qaysidir qorako‘z bolajonning otasi ekanligini, oqibatda butun bir oilaning boshi el-yurt oldida xam bo‘lganligini ta’kidlayman. U ishlashi, oilasini moddiy ta’minlashi kerak. U endi qayerga boradi?! Axir, yuqori tashkilot voz kechgan, “obro‘si to‘kilgan” xodimni kim ham ishga olardi?! 

Vazirlar Mahkamasidagi to‘rt yillik xizmati davomida orttirgan bilim va tajribasini qayerda qo‘llaydi?! Uning lavozimiga kim ishga keladi va yangi xodimda tajriba, ko‘nikma hosil bo‘lishi uchun necha yil kerak bo‘ladi?! Yana bir muhim savol: kadrlar oqimi ba’zi ichki ma’lumotlarning chetga chiqib ketishi, degani emasmi?! 

Vazirlar Mahkamasi sobiq xodimini shaxsan tanimayman, ko‘rmaganman! Lekin hamkasblarining bergan xarakteristikasiga asoslanib va fuqaro J.Ahmedovning noqonuniy xatti-harakatlarini inobatga olib, xodimga nisbatan ko‘rilgan chora noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlayman! 

Shuningdek, men ma’lumot yig‘ish, axborot tarqatish borasidagi mutaxassis sifatida emas, ayol, ona, yoshlar tarbiyachisi — jurnalist-pedagog sifatida shuni aytmoqchiman: aziz yoshlar, qo‘limizdagi moslama uzoqni yaqin qiladigan shunchaki mobil aloqa vositasi emas. Bu — axborot quroli. Uning texnik imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lsa axborot olish va tarqatish borasida shunchalik qudratga egamiz. Lekin qudratimizni boshqalar huquqini poymol qilish evaziga namoyish etmasligimizni anglamog‘imiz va bu oddiy insoniy burchimiz ekanligini unutmasligimiz kerak. Axborot maydoniga uzatilgan har bir ma’lumot zumda dunyo aylanadi. O‘zbek sha’niga, otameros g‘ururimizga, qadriyatlarimizga dog‘ tushiruvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik barobarinda, chetdan bo‘layotgan axborot hurujlariga baxamjihatlik bilan qarshilik ko‘rsataylik. Internet faqat ezgu amallarga xizmat qilsin.  

Muhayyo Saidova, jurnalist.

P.S.: Jurnalistik surishtiruvni yakunlab, binodan chiqib ketayotganimda kutish xonasi, qabulxonalar va yo‘laklarga ovoz hamda tasvir yozish imkoniyatiga ega video-kuzatuv kameralari o‘rnatish masalasida reja tuzayotgan mas’ul xodimlarni uchratdim.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

427

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing