To‘qayev yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya berdi
Olam
−
02 noyabr 2022
2463Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Davlat rahbari Qozog‘iston Respublikasining “Amnistiya to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Qozog‘iston Parlamenti Senati 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda yanvar voqealarining ayrim ishtirokchilariga nisbatan amnistiya e’lon qilingani haqidagi qonunni qabul qilgan edi.
“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,5 mingga yaqin kishi amnistiyaga tushgan. Shu kunga qadar yanvar voqealari bo‘yicha sudlangan 1 ming 112 nafardan atigi 128 nafari ozodlikdan mahrum etilgan. Qonun qabul qilingandan keyin 40 dan ortiq mahkum, 50 ga yaqin shaxs yaqin olti oy ichida ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilinadi”, deydi Senat vakili Vladimir Volkov.
Bundan tashqari, qonunga ko‘ra jinoiy huquqbuzarliklar hamda kichik va o‘rta og‘irlikdagi jinoyatlar uchun yana 171 nafar shaxs jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilinadi. Shu bilan birga, mahkumlarga nisbatan amnistiyani qo‘llash to‘g‘risidagi yakuniy qaror sud tomonidan har bir shaxs uchun alohida qabul qilinadi. Og‘ir jinoyat sodir etgan, ishi tergov va sudlarda ko‘rib chiqilayotgan 363 nafar shaxslarga nisbatan esa jazo tayinlashda amnistiya qo‘llaniladi.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi