To‘qayev “Toshkent-Humo” aeroportida tantanali kutib olindi
Jamiyat
−
14 noyabr 2025 4911 1 daqiqa
“Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oqo‘rda va O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.
Davlat rahbarlari “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida suhbat o‘tkazdi. O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ertaga, 15 noyabr kuni, oliy darajadagi muzokaralar hamda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Sammit doirasida yirik qo‘shma loyihalar ishga tushirilishi va ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
16 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.
Live
Barchasi