To‘qayev Rossiyani muzokaraga chaqirmoqda. Mavzu ruslarning ko‘chishi
Olam
−
27 Sentabr 2022
8783Qozog‘iston hukumati Rossiya tomoni bilan rossiyaliklarning mamlakatga kelishi masalasida muzokaralar olib borish niyatida. Bu haqda bugun, 27 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiston viloyati jamoatchiligi bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.
“So‘nggi kunlarda Rossiyadan bizga ko‘p odamlar kelyapti. Biz ularga g‘amxo‘rlik qilishimiz, xavfsizligini ta’minlashimiz kerak. Bu siyosiy va gumanitar masala. Hukumatga zarur choralar ko‘rishni topshirdim. Biz Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib boramiz va bu muammoni mamlakatimiz manfaatlaridan kelib chiqib hal qilamiz”, deydi To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday og‘ir vaziyatda, eng avvalo, insonparvarlik, sabr-toqat va tashkilotchilik ko‘rsatish kerak.
“Bizda inqiroz yoki vahima yo‘q. Hukumat o‘z ishini qilishi kerak. Chet eldan kelgan mehmonlarga yordam ko‘rsatiladi, ammo ular hech qanday imtiyozga ega bo‘lmaydilar. Barcha ishlar qonun va majburiyatlarimizga muvofiq amalga oshirilishi kerak”, deydi Prezident.
Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbari davlatlarning hududiy yaxlitligi buzilmas bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
“Bu asosiy tamoyil. Men xalqaro maydonda hamisha bu haqda ochiq va aniq gapirib kelganman. Yaqinda BMT oliy minbaridan qilgan nutqimda buni yana bir bor ta’kidlaganim bejiz emas”, deya qo‘shimcha qilgan mamlakat yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabrda Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Shundan so‘ng, Gruziya, Finlyandiya, Mo‘g‘uliston bilan chegarada tirbandlik yuzaga kelishni boshladi. Istanbul, Yerevan, Bakuga navbatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar uchun chiptalar tezlikda sotilib ketdi.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining xabar berishicha, 25 sentyabr kuni mamlakat chegara xizmati xodimlari mavjud nazorat-o‘tkazish punktini chetlab o‘tib, chegarani buzgan uch nafar rossiyalikni qo‘lga olgan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi