To‘qayev Putinsiz biror muammoni hal qilib bo‘lmasligini aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin global kun tartibini shakllantiradigan liderdir. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Egemen Qazaqstan” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

To‘qayev Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida jahon siyosatida juda muhim rol o‘ynashini ham alohida urg‘ulagan. 

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zining so‘zlari va harakatlari bilan mohiyatan global kun tartibini shakllantiradigan liderdir. Rossiyaning fikri butun dunyoda inobatga olinadi, bu davlat ishtirokisiz bironta ham jahon muammosini hal qilib bo‘lmaydi va bu haqiqat. Shunday ekan, Rossiyadek davlatda prezidentlik saylovlari katta xalqaro ahamiyatga ega bo‘ladi va dunyoning aksariyat davlatlarining e’tiborini tortadi”, deydi To‘qayev.

Uning qayd etishicha, Rossiyada 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari Ostona va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasi tufayli Qozog‘istonda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. 

“Rossiyadan tashqari AQSH, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda ham saylov kampaniyalari o‘tkaziladi, Yevropa parlamentiga ham saylovlar bo‘lib o‘tadi. Albatta, biz bu saylov jarayonlarini diqqat bilan kuzatib boramiz. Rossiyadagi prezidentlik saylovlari, albatta, Ostona va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasi tufayli biz uchun alohida qiziqish uyg‘otadi”, deydi u.

Davlat rahbari Rossiya Qozog‘istonning asosiy strategik hamkori va ittifoqchisi ekanini eslatgan.

“O‘tgan 30 yil ichida biz 300 dan ortiq shartnoma va bitimlarni o‘z ichiga olgan davlatlararo munosabatlarning ta’sirchan arxitekturasini qurdik. Ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlari deyarli barcha sohalarda ishlamoqda. Oliy darajadagi siyosiy muloqot jadal rivojlanmoqda. Biz ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash masalalarida hamkorlik qilamiz”, deydi To‘qayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi keng ko‘lamli ikki tomonlama kun tartibidagi muhim voqealardan biri Putinning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi bo‘lgan.  

“Muzokaralar davomida biz davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik o‘zgarmas do‘stona xarakterini tasdiqladik. Rossiya Qozog‘istonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2023 yilning 10 oyida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 21,4 milliard dollarni tashkil etdi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki oramizda dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasi mavjud”, deydi Qozog‘iston rahbari. 

To‘qayev, shuningdek, an’anaviy tarzda madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirgan.  

“Darvoqe, bu yil buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin tavalludining 225 yilligi nishonlanadi. Bu yubiley nafaqat Rossiya, balki Qozog‘iston uchun ham katta ahamiyatga ega. Chunki Pushkin ham buyuk Abayimiz singari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarning asosiy timsollaridan biridir”, deydi Qozog‘iston rahbari. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing