To‘qayev Putin va Lukashenkoga rahmat aytdi
Olam
−
03 may 6455 1 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Polsha hududda hibsda bo‘lgan qozog‘istonlik diplomat Anuar Bakibayni ozod etishga ko‘maklashgani uchun Belarus rezidenti va Rossiya Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Vladimir Putinga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda 2 may kuni davlat rahbari matbuot kotibi Oybek Smadiyarov ma’lum qildi.
Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot chog‘ida To‘qayev Belarus tomoniga konstruktiv hamkorlik uchun rahmat aytgan. Shuningdek, u Rossiyaning ham o‘zaro maqbul yechimga erishishdagi hissasini qayd etgan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy va Bosh vazir Donald Tusk nomiga minnatdorlik maktubi yuborishni rejalashtirmoqda.
Anuar Bakibay Belarus va Polsha o‘rtasida “beshga besh” formulasi asosida o‘tkazilgan mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan. Almashuv 28 aprel kuni bo‘lib o‘tgan.
Diplomat o‘tgan yil iyul oyida Polshaning Bidgosh shahrida Rossiya manfaatlari yo‘lida, jumladan NATO harbiy ob’ektlari haqida ma’lumot to‘plashda gumon qilinib qo‘lga olingan edi. Hibsga olingan paytda u Qozog‘istonning Ukrainadagi harbiy attashesi yordamchisi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshada josuslikda ayblanib hibsga olingan Qozog‘iston fuqarosi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli ozod etilgandi.
Live
Barchasi