To‘qayev Prezident saylovida qaysi tashkilot nomidan qatnashishini aytdi
Olam
−
05 Oktabr 2022
5647Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev prezidentlik saylovlarida ijtimoiy-siyosiy kuchlarning keng koalitsiyasidan ishtirok etishni rejalashtirayotganini aytdi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
“Prezident saylovi e’lon qilinganidan keyin tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha vaqt o‘tdi. Bugun saylovoldi tashviqoti avjiga chiqqaniga guvoh bo‘lmoqdamiz. Nomzodlar ko‘rsatilmoqda, partiyalar, ijtimoiy harakatlar faol. Ichki siyosiy maydonda jonlanish kuzatilmoqda”, deydi To‘qayev Pavlodar viloyati jamoatchiligi bilan uchrashuvda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat barcha asosiy siyosiy institutlarning qayta ishga tushishini ta’minlaydigan yangi saylov davriga kirdi.
“Ma’lumki, men mamlakatdagi eng yirik “Amanat” partiyasi raisligidan iste’foga chiqdim. Konstitutsiyaviy islohot natijasida Prezident o‘z vakolati davrida partiya a’zosi bo‘lish taqiqlandi. Bo‘lajak saylovlarda qaysi birlashmadan qatnashaman? Ko‘ryapmanki jamiyatda bu savol alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Ochig‘ini aytsam, turli respublika birlashmalari va partiyalaridan ularga nomzod bo‘lishim uchun taklif tushmoqda. Ayniqsa, yoshlar va boshqa jamoat tashkilotlari tashabbus ko‘rsatayotgani meni quvontirdi”, deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.
Uning ta’kidlashicha, To‘qayev saylovga biron-bir aniq tashkilotdan emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy asosini tashkil etuvchi ijtimoiy-siyosiy kuchlarning keng koalitsiyasidan chiqishi to‘g‘ri bo‘ladi.
“Bu ham davlat rahbarining turli partiya va birlashmalardan teng masofada turishi tamoyilini tasdiqlash imkonini beradi. Saylovoldi tashviqotining qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Men davlat rahbari sifatida Prezident saylovi adolatli, ochiq o‘tishiga kafolat beraman”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Qosim-Jomart To‘qayev 17 sentyabr kuni Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni ma’qulladi. Uning o‘zi prezidentlik saylovlarini shu yilning kuzida o‘tkazishni taklif qildi. Saylov 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi